Jamiyat
Muhojir yoshlar qopqonga tushmoqda – ularga tuzoq qo‘yganlar soyada ovni davom ettirmoqda
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlaydigan firibgarlik to‘dalari Rossiyada yillar davomida erkin harakat qilib kelmoqda. Ular odamlarni telefon orqali aldaydi, pulni yuvish uchun begona bank kartalarini ijaraga oladi, kurer sifatida esa asosan muhojir yoshlarni ishga yollaydi. Oqibatda esa jinoyatni tashkil qilganlar emas, aynan aldangan kurerlar bugun panjara ortiga tushmoqda.
Bugun Moskvada qamalgan o‘zbekistonlik talaba misolida telegramda ochiq ishlayotgan jinoiy kanallar va ikki davlat huquqni muhofaza qilish tizimlari o‘rtasida sarson bo‘layotgan ota haqida hikoya qilamiz.
Bu voqealar zanjiri 2024 yil dekabr oyida boshlangan. Moskva shahrida tahsil olayotgan, Sechenov nomidagi davlat tibbiyot universitetining talabasi Umidjon bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha daromad topish maqsadida kurerlik qiladi. Ilgari u ishlagan joylar qonuniy bo‘lib, asosan hujjat tashish bilan shug‘ullangan.
26 dekabr kuni u yotoqxonadagi tanishi orqali “Moskva ishlar” nomli telegram kanalda joylashtirilgan e’lonni ko‘radi. E’lon o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, “Moskva bo‘ylab hujjat tashish, noqonuniy jihatlari yo‘q” deya ta’riflangan. Kanal asosan muhojirlarga qaratilgan, ishonch uyg‘otuvchi uslubda yuritilgan.
Umidjon ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qiladi. Keyinroq o‘zini ish beruvchi deb tanishtirgan shaxs qayta aloqaga chiqib, Telegram orqali bog‘lanishini aytadi. Shundan so‘ng “Mixail” nomli akkaunt bilan yozishmalar boshlanadi. U ish juda maxfiy ekanini, hujjatlar haqida hech kimga aytmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Aks holda deportatsiya yoki o‘qishdan haydalish bilan qo‘rqitadi. Shu jarayonda Umidjondan pasport nusxasi va shaxsiy fotosi olinadi.
27 dekabr kuni Umidjon kelishilgan joyga borib, notanish shaxsdan paket qabul qilib oladi. Paketni ochmaslik qat’iy tayinlanadi. Keyin u telefon orqali berilgan ko‘rsatmaga binoan paketni belgilangan joyda – kafe hojatxonasida qoldiradi. Shu bilan uning “ish kuni” yakunlanadi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Umidjon uchun butunlay boshqa jarayon boshlanadi. 2025 yil 8 yanvar kuni Ryazan viloyati Kasimov shahri ichki ishlar bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Unga Rossiya Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi – uyushgan guruh tarkibida firibgarlik ayblovi qo‘yiladi.
14 fevral kuni Umidjon ushlanib, tergov izolyatoriga joylashtiriladi. U olti oydan ortiq vaqt davomida hibsda saqlanadi. Tergov davomida u pulni o‘zlashtirmaganini, faqat paketni qabul qilib, ko‘rsatilgan joyda qoldirganini bildirgan.
Shu vaqt ichida Umidjonning otasi Murodjon A’zamov mustaqil ravishda ish materiallarini o‘rganishga kirishadi. U firibgarlar faoliyati bilan bog‘liq telegram kanallar, yozishmalar, videolar va skrinshotlarni to‘playdi.
Ish materiallari bilan tanishilganda bir qator ziddiyatlar aniqlangan. Jabrlanuvchi qisqa vaqt ichida bir necha million rubl naqd pulni turli kurerlarga berganini aytgan. Biroq tergovda ushbu mablag‘lar haqiqatan ham bank hisoblarida bo‘lganini tasdiqlovchi rasmiy bank ma’lumotnomalari mavjud emas. Ayrim taqdim etilgan “vypiska”larda muhr va sanalar bo‘yicha ziddiyatlar bor.
Shuningdek, ish hujjatlarida Umidjonning kartasiga 35 ming rubl tushgani ko‘rsatilgan, ammo to‘lovchi sifatida boshqa shaxs qayd etilgan. Vaholanki, Umidjon telefonida saqlangan yozishmalar va bank ilovasidagi ma’lumotlarda pulni aynan telegram orqali aloqa qilgan shaxs o‘tkazgani aks etgan. Bu holat tergov tomonidan rasman bank orqali tekshirilmagan.
“Shu ish fonida yana bir holat e’tiborimni tortdi. Jizzaxlik 22 yoshli Xumora ismli qiz ham aynan shunday e’lon orqali kurerlikka jalb qilingan. O‘sha qizning sud jarayonida ham qatnashdim, qiz bilan kuzatilgan “ssenariy” mening o‘g‘limda ham takrorlandi. Demoqchimanki, juda ko‘plab migrant yoshlar bu tuzoqqa tushib qolyapti. Kurerlik eng xavfli sohalardan biriga aylanib bormoqda”, – deydi Murodjon A’zamov.
A’zamovning qo‘lida firibgarlik kanallariga oid skrinshotlar mavjud. Ularda “bank kartalarini sotib olamiz”, “SIM-karta bilan birga plastik karta kerak” mazmunidagi e’lonlar joylashtirilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi e’lonlar pul yuvish sxemalarida qo‘llanadi va karta egalari birinchi bo‘lib javobgarga aylanadi.
Ushbu ma’lumotlar Kasimov shahri IIB tergovchilariga taqdim etilgan. Biroq hozirga qadar mazkur telegram kanallar ortida turgan tuzilmalarni aniqlash va javobgarlikka tortish bo‘yicha samarali harakatlar amalga oshirilmagan.
Qariyb bir yildan beri o‘g‘lini ozodlikka chiqarish uchun harakat qilayotgan Murodjon A’zamov Rossiya va O‘zbekistonning turli idoralariga murojaat qilgan. O‘zbekiston tomoni jinoyatlar mamlakat tashqarisida sodir etilganini aytib, vakolat cheklanganini bildirgan. Rossiya tomonida esa Moskva prokuraturasi hatto politsiyaning “jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish” qarorini bekor qilgan. Ya’ni tergovda kamchilik borligini tan olgan.
Ayni paytda “Moskva ishlar” telegram kanali bloklangan. Biroq uning o‘rnida yangi kanallar ochilib, xuddi shu usulda kurerlar jalb qilinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, huquq-tartibot idoralari shunchaki, kurerlarni “ovlayapti”. Haqiqiy to‘da esa hamon soyada qolmoqda, faoliyatini davom ettirmoqda.
Bugun Umidjon sud qarorini kutib turibdi. Uning otasi esa O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaat qilib, chet elda faoliyat yuritib, aynan o‘zbekistonliklarni jinoiy sxemalarga jalb qilayotgan shaxslarga nisbatan huquqiy javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirishni so‘ramoqda.
Demoqchimizki, katta maosh va’da qilingan, mohiyati noaniq bo‘lgan ish takliflarini qabul qilishdan oldin ularni yaxshilab tekshirish lozim. Plastik karta yoki SIM-kartani ijaraga berish esa jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Bu ish bir talaba yoki bitta oilaning muammosi emas. Bu – ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlayotgan firibgarlik tizimiga qarshi hali ham samarali mexanizm yo‘qligini ko‘rsatib turgan holat. Bugun Umidjon, ertaga esa yana boshqa yoshlar shu “oson ish” qopqoniga tushmasligi uchun bu masala ochiq qolmasligi kerak.