Jamiyat
muammoli kreditlarni undirishning yangi mexanizmi joriy etiladi
Davlat ijrochilarining ish yuklamasi ko‘pligi sababli kredit tashkilotlari foydasiga muammoli kreditlarni undirish bilan bog‘liq jarayonlari muddati cho‘zilayotgan edi. Shu sababli muammoli kreditlarni undirish borasida mutlaqo yangi mexanizm joriy etish belgilanmoqda.
MIB Axborot xizmati rahbari Farruh Toshpo‘latovning ma’lum qilishicha, MIB organlariga 2020-yilda 2,8 mln.ta ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yilda 11,4 mln.tani tashkil qildi. Ish yuklamasi oxirgi 5 yilda 4 baravarga oshdi.
Endilikda, davlat rahbarining 2026-yil 30-martda qabul qilingan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-50-sonli Farmoni bilan muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirishni ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shu maqsadda, ijro hujjatlari asosida faqatgina kredit tashkilotlari foydasiga muammoli kreditlarni undirishga ixtisoslashgan davlat ijrochilari korpusi tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, garov bilan ta’minlangan majburiyatlarini bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha tijorat banklari va davlat ijrochisi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi, ma’lumot almashishni raqamlashtirishga qaratilgan qator choralar Farmonda belgilab berildi.
Joriy etilgan yangi mexanizmlar bank tizimida muammoli kreditlar ulushining kamayishiga xizmat qiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonliklarning ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda
Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Qonun ma’qullandi.
Mazkur hujjatning eng muhim jihatlaridan biri – ish tashlash huquqining qonunan mustahkamlanishidir.
Qonunga ko‘ra, ish tashlash xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida belgilanmoqda. U ixtiyoriy va birgalikda mehnat majburiyatlarini vaqtincha to‘liq yoki qisman bajarmaslik shaklida amalga oshiriladi.
Shuningdek, ish tashlash jarayonida ish beruvchi va tegishli organlarni xabardor qilish tartibi, tomonlarning huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. U Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual va Mehnat kodekslariga, shuningdek, jamoat birlashmalari va kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun ish tashlash jarayonini qonuniy tartibga solish orqali jamoat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga, shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Toshkentda voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi Lacetti avariyaga uchradi
Shayxontohur tumanida voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, bir necha nafarga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum qilinishicha, 9 aprel kuni soat taxminan 03:30 larda Sebzor ko‘chasida joylashgan «Ganga» ko‘prigi ustida 2009 yilda tug‘ilgan fuqaro Lacetti rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
Natijada u o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi KIA rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Lacetti haydovchisi hamda uning ikki nafar yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Senat to‘lov tizimlarida firibgarlikka qarshi tizim joriy etish bo‘yicha qonunni ma’qulladi
Senatning yalpi majlisida to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Hujjatda bank kartalari orqali sodir etilayotgan firibgarlik va o‘g‘rilik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda raqamli to‘lov xizmatlari jadal rivojlanmoqda. Bu esa moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Qonun doirasida zamonaviy antifrod tizimlarini joriy etish, bank kartalari bilan bog‘liq operatsiyalarni qo‘shimcha himoya qilish va firibgarlik sxemalarini barvaqt aniqlash mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, antifrod tizimi firibgarlikni aniqlash va oldini olishga xizmat qiladi. U sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahliliga asoslanadi. Shubhali operatsiyalarni real vaqtda bloklaydi.
Shuningdek, qonun bilan bir qator amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida», «Markaziy bank to‘g‘risida» hamda boshqa qonunlar qayta ko‘rib chiqildi.
Qonunga muvofiq, to‘lov tizimlari operatorlari va tashkilotlari uchun antifrod tizimlari va biometrik identifikatsiyani joriy etish majburiy tarzda belgilanmoqda.
Jamiyat
Poytaxtdagi uch bozorning ayrim bloklari vaqtincha yopildi
Toshkent shahrida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qator qoidabuzarliklar aniqlanib, ayrim bozor hududlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
8 aprel kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan poytaxtdagi uchta bozorda rejali tekshiruvlar o‘tkazildi. Jumladan, Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar” dehqon bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozori hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozori ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruvlar davomida mazkur bozorlarning ayrim hududlarida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar bozorlarning ayrim bloklari tegishli hujjatlar asosida vaqtinchalik yopildi.
Mas’ul idoralar tomonidan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.
Jamiyat
Parkent va Ohangaron tog‘larida zamonaviy turizm maskanlari bunyod etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati poytaxtga yaqin joylashgani uchun bu yerda yashovchi aholi ish o‘rinlari, daromad va turmush sharoiti ham Toshkent shahri darajasiga munosib bo‘lishini kutishini ta’kidladi. Shu bois, viloyat tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida namuna bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi yillarda hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024-2025-yillarda viloyat uchun 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida budjet, bank kreditlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yo‘naltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan bir yil ichida Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmatsevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik va tog‘-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi. Poytaxt ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 87 ta korxona va yangi sanoat loyihalarini Toshkent viloyatiga ko‘chirish ishlari boshlandi, hozirgacha 15 dan ortiq to‘qimachilik korxonasi ko‘chib keldi va 4700 nafar fuqaro o‘z yashash joyida ishli bo‘ldi.
Umuman, 2025-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari hajmi 9,8 foizga o‘sdi.
2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga, xizmatlarni 17,2 foizga, qurilish ishlarini 15 foizga va qishloq xo‘jaligini 6,6 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard dollar investitsiya jalb etish va 2,8 milliard dollar eksportni ta’minlash mo‘ljallangan.
Bundan buyon tumanlar salohiyatini sun’iy intellekt yordamida tahlildan o‘tkazib, sanoat, investitsiya va eksport bo‘yicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda «Raqamli taraqqiyot – sun’iy intellekt markazi»ni ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Viloyatda sanoatni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga investitsiya va eksportni ko‘paytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi aytildi.
Joriy yilda 883 ta mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish o‘rnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.
Sanoatdagi qo‘shimcha o‘sish manbalari sifatida qator yangi loyihalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyo‘l tumanida «Tinchlik» kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida «Parkent Pharm» erkin iqtisodiy zonasi, O‘rta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qo‘ziqorin yetishtirish va shirin makkajo‘xori ishlab chiqarish, Yangiyo‘lda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, chorva va parranda go‘shti yetishtirish hajmi hanuz poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun yetarli emas. Shu bois, Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu yerda Qo‘ychilik va echkichilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, 50 ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelish rejalashtirilgan. Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi balansidagi o‘rmon bilan qoplanmagan 60 ming gektar yaylovni auksion orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.
Umuman, 2026-yilda 2,1 trillion so‘mlik 78 ta chorvachilik loyihasi amalga oshirilib, 496 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, bog‘ va uzumzorlar barpo qilish rejalashtirilgan.
Parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish quvvatiga ega, qiymati 45 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, piyoz va sarimsoqdan gektariga olinayotgan daromad g‘alladan bir necha o‘n barobar yuqori. Shuning uchun Ohangaronda g‘alla maydonlarini yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish taklifi ma’qullandi.
Qisqa vaqt ichida Bo‘stonliqdagi «Amirsoy» qishki kurort majmuasi va «Beldersoy resort» maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Parkentda «Oltin bel» cho‘qqisi va unga tutash hududda mehmonxona,«shale» uslubidagi uylar, dam olish va ko‘ngilochar majmualarni o‘z ichiga olgan tog‘-chang‘i kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa «Moviy tog‘lar» dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida «turizm qishloqlari», Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida «Kumushkon» turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming o‘ringa yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini 600 million dollarga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 millionga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda viloyatning «og‘ir» toifadagi va «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi» tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 milliard so‘m ajratilgani qayd etildi. Aholi mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 145 ta mahalladagi 121 ta eskirgan transformator yangilanib, 443,6 kilometr elektr tarmoqlari almashtiriladi.
Yig‘ilishda yirik ijtimoiy va innovatsion loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan «Tashkent Medical Smart City» xalqaro innovatsion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida 35,4 million dollarlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga 20 million dollarga yetkazish, 670 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, «yashil iqtisodiyot» va yoshlarga oid siyosat borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz mutasaddilarga viloyat islohotlar shtabi bilan birgalikda mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan har bir dastur va loyihaning aniq natija berishini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna ko‘rsatish mas’ullar faoliyatining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi belgilandi.
-
Dunyodan5 days ago
Tehron Hurmuz boʻyicha baʼzi mintaqa davlatlari bilan kelishuvlar tuzmoqchi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat3 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonga poyabzal importi qariyb 15 foizga kamaydi
-
Sport5 days ago“Lokomotiv” o‘yinidan keyingi janjal sabablari o‘rganilmoqda
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Dunyodan1 day ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
