Iqtisodiyot

Moody’s O‘zbekistonning kredit reytingini Ba2 darajaga yaxshiladi. Bu nimani anglatadi?

Published

on


Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini Ba3’dan Ba2 darajasiga oshirdi. O‘z navbatida reyting bo‘yicha kutilma  «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi. Ba3 va Ba2 darajalari o‘rtasida qanday farq bor? Kredit reytinglarining yaxshilanishi O‘zbekistonga nima beradi?  

Foto: Emmanuel Dunand/AFP/Getty Images

Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini Ba3 dan Ba2 darajasiga oshirdi. Reyting bo‘yicha kutilma esa  «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston kredit profilining yaxshilanishi barqaror va tobora diversifikatsiyalashib borayotgan iqtisodiy o‘sish, budjet intizomining mustahkamlanishi va shartli majburiyatlarni boshqarishning yaxshilanishi bilan bog‘liq. Shuningdek, Moody’s korporativ boshqaruvni takomillashtirish, raqobatni kuchaytirish va iqtisodiyotda davlat rolini bosqichma-bosqich qisqartirish choralarini alohida ta’kidlab o‘tgan.

So‘nggi uch yilda mamlakatning real YaIM o‘rtacha 6,9 foizga o‘sganligi ham  reytingning qayta ko‘rib chiqilishiga asos bo‘lgan. Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi shoklar fonida o‘z barqarorligini saqlab qolgan. YaIM o‘sishi 2025 yilda 7,7 foizga yetgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi choragida 8,7 foizgacha tezlashdi. O‘sish bazasi oltin qazib olish va tog‘-kon sektori bilan bir qatorda xizmat ko‘rsatish, qayta ishlash sanoati hamda qurilish hisobiga kengayishda davom etadi. Shuningdek, o‘sishni investitsiyalar hamda pul o‘tkazmalari qo‘llab-quvvatlayapti.

Agentlik reytingning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar sifatida islohotlarning barqaror davom ettirilishi, boshqaruv sifati va institutlar samaradorligining yaxshilanishi, davlat korxonalari va banklari bilan bog‘liq fiskal xatarlarning kamaytirilishi, shuningdek, xususiy sektor unumdorligi va investitsiyalari hisobiga iqtisodiy o‘sish bazasining kengaytirilishini sanab o‘tdi.

O‘z navbatida, islohotlar sezilarli darajada sekinlashsa yoki ortga qaytsa, budjet ko‘rsatkichlari yomonlashsa, davlat korxonalari, davlat banklari yoki DXSh loyihalarining shartli majburiyatlari yuzaga kelsa, shuningdek, tashqi buferlar zaiflashsa, reytingning pasayish bosimi vujudga kelishi mumkin.

Ba3 va Ba2 darajalari o‘rtasida qanday farq bor?

Moody’s reyting shkalasi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlarga qarab ikki katta guruhga bo‘linadi: investitsion daraja (xatar past, ishonchlilik yuqori) va spekulyativ daraja (ma’lum darajada risk saqlanib qolgan). Umuman olganda, Ba3 ham Ba2 ham spekulyativ guruhining yuqori qismiga kiradi ya’ni reyting hali ham investitsion darajadan past. Bu mamlakat o‘z qarzlarini to‘lash qobiliyatiga ega ekanligini, ammo global iqtisodiy tebranishlar yoki tashqi shoklarga nisbatan ta’sirchanligicha qolayotganini bildiradi. Harflar yonidagi raqamlar (1, 2, 3) guruh ichidagi pog‘onalarni bildiradi, bunda 1 — eng yaxshi, 3 — eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Demak, Ba2 reytingi Ba3’dan bir pog‘ona yuqori natija. Bu davlatning moliyaviy barqarorligi oshgani, budjet intizomi kuchaygani va kredit qobiliyati bo‘yicha xatarlar  kamayganini ko‘rsatadi.

Kredit reytinglarining yaxshilanishi O‘zbekistonga nima beradi?

Iyun oyining boshida Fitch xalqaro agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi va reytingni «BB» darajasida tasdiqladi. O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi mumkin, bu kabi reyting ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi mamlakatga nima beradi?

Birinchidan, xalqaro moliya bozorlarida qarz olish yengillashadi. Yuqori reyting – investorlar va kreditorlar nazarida kamroq xavfni anglatadi. Demak, hukumat yoki o‘zbek korxonalari tashqi bozorlardan qarz olganda foiz stavkalari pasayishi mumkin, chunki investorlardan talab qilinadigan tavakkalchilik mukofoti kamayadi. Bu esa o‘z navbatida davlat uchun ham, xususiy sektor uchun ham moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi. Masalan, hukumat yangi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish yoki eski qarzlarni qayta moliyalashtirishda endi pastroq foizli qarz olishi mumkin – bu budjet mablag‘larini tejaydi yoki boshqa zarur sohalarga yo‘naltirishga imkon yaratadi. 

Ikkinchidan, reytingning oshishi xorijiy investorlar ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Reyting agentliklarining ijobiy bahosi xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va ishonchli ekanligi haqida signal beradi. Natijada, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘payishi mumkin. Yuqori reytingli davlatlar ko‘pincha ko‘proq investorlarni jalb qiladi, chunki xorijiy kompaniyalar bunday mamlakatlarda loyihalar boshlash yoki ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishda o‘zlarini xotirjamroq his qiladi. O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kirsa, yangi korxonalar ochiladi, texnologiyalar kirib keladi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bu bevosita aholi farovonligiga ijobiy ta’sir etadi.

Uchinchidan, bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy imijini yaxshilaydi. Yaxshi reyting – bu davlatning global maydondagi moliyaviy obro‘yini ko‘rsatuvchi indikator. Ko‘plab xalqaro moliya institutlari faqat ma’lum bir reytingdan yuqori bo‘lgan davlatlarning obligatsiyalariga yoki loyihalariga sarmoya kiritadi. Reyting ko‘tarilgani sari, O‘zbekiston bunday investitsion fondlar va institutlar uchun ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kirib boradi. Bundan tashqari, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik olib borishda ham mamlakatning reytingi muhim ahamiyatga ega. Yuqori reyting moliyaviy intizom va islohotlarning tan olinishi belgisi sifatida ko‘riladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, kredit reytingining oshishi oddiy o‘zbekistonliklar hayotida birdaniga sezilarli o‘zgarish yasamaydi, balki uzoq muddatli istiqbolda imkoniyatlar yaratadi. Masalan, reyting yaxshilangani bilan ertasi kuniyoq narxlar tushib ketmaydi yoki ish haqlari oshmaydi. Biroq bu baholar ortidagi moliyaviy barqarorlik iqtisodiyotga bosqichma-bosqich ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Davlat moliyasining mustahkamligi va investorlar ishonchining ortishi makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytiradi: inflatsiya bosimini pasaytirishga yordam beradi, milliy valutaning barqarorroq bo‘lishiga ko‘maklashadi va iqtisodiy inqirozlarga chidamlilikni oshiradi. Yakunda esa bu omillar aholi farovonligining oshishi uchun sharoit yaratadi.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version