Jamiyat

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla ahli yechim kutayotgan holat

Published

on


Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Orol 4 ko‘chasida yashovchi fuqaroning uyida to‘planayotgan chiqindilar sabab boshqa qo‘shnilarning hayoti xavf ostida qolyapti. Chunki hududda kalamush, sichqon, ilonlar paydo bo‘lgan. Fuqaro ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan. Ammo oradan vaqt o‘tib, muammo takrorlanaveradi. Kun.uz muammoning sabablari va unga nega haligacha barqaror yechim topilmaganini o‘rgandi.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Podshobog‘ mahallasida yashovchi fuqarolar yillardan buyon bir qo‘shni bilan bog‘liq muammodan shikoyat qilib kelmoqda. Ularning aytishicha, mahalladagi uylardan birida istiqomat qiladigan Lyubov Makunina muntazam ravishda turli chiqindilarni uyi va hovlisi atrofiga to‘playdi. Natijada hududda yoqimsiz hid tarqalishi, kalamush va boshqa zararkunanda kemiruvchilar ko‘payishi kuzatilmoqda.

Mahalla aholisi so‘zlariga ko‘ra, muammo bir necha yildan beri davom etmoqda. Hatto ayrim qo‘shnilar bu holat takrorlanmasligi uchun fuqaroga har oy ma’lum miqdorda mablag‘ berishni ham taklif qilgan. Ammo bu taklif rad etilgan va vaziyat yana avvalgi holatiga qaytgan.

Fuqarolarning aytishicha, ular bir necha bor turli idoralarga murojaat qilgan. Hudud vaqti-vaqti bilan tozalangan bo‘lsa-da, chiqindilar yana yig‘ila boshlagan. Ayni paytda qo‘shnilar muammoni barqaror hal qilish uchun qaysi tashkilotga murojaat qilish kerakligi borasida ham aniq yechim topa olmayotganini bildirmoqda.

“Shu mahallaga 2020 yilda ko‘chib kelganmiz, o‘shandan beri bu hol davom etib kelyapti. Hozir uyimizda kalamush ham, sichqon ham bor, ilonlarni ko‘rishibdi qo‘shnilarimiz. Juda tahlikada yashaymiz, yiliga bir necha marta dezinfeksiya chaqiramiz, chunki uyimizga o‘tib ketmasligi uchun. Har doim atrof-muhitniyam dezinfeksiya qilishga harakat qilamiz. Yillar davomida mutasaddi idoralarga aytib kelyapmiz: yordam berishyapti. Lekin har safar shu narsaga energiya sarflashdan odam charchadi. Besh yildan beri bitta yechim qilinmayapti, 10-15 yil – yana qancha shug‘ullanish mumkin bu bilan?”, – deydi shu ko‘chada yashovchi Salih Bekmurodov.

Tasvirga olish jarayonida Kun.uz profilaktika inspektori bilan birgalikda mazkur xonadon eshigini bir necha bor taqillatib, uy egasini suhbatga chaqirishga urindi. Biroq ichkaridan faqat itlarning hurgani eshitildi.

“10 yildan beri xotin-qizlar faoli bo‘lib ishlayman. Orol 4 ko‘chasidagi fuqaroning yashash sharoitini azaldan bilamiz. Qo‘ni-qo‘shnilari shikoyat qilishadi. 2023 yilda SES boshchiligida o‘zimiz tozalab ketganmiz. O‘shanda nafaqa chiqarishga yordam beraylik deganimizda ko‘nmadi. Mushuk-kuchuklarining qonuniy pasportlari bor. Uyi to‘la axlat, hasharotlar. O‘ziniyam zararlashi mumkinligini aytsak tushunmaydi, kulib turaveradi. Yaqinlarini so‘rasak aldaydi”, deydi mahalla xotin-qizlar faoli Robbiya Rahmatullayeva.

Mutaxassis: bu holat ruhiy salomatlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin

Tibbiy psixolog Guli To‘rayevaning ta’kidlashicha, bunday holatlar ayrim ruhiy buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“Xalqaro kasalliklar kvalifikatsiyasida bu holat Plyushkin sindromi, ya’ni patologik jamg‘arish kasalligi deyiladi. Avvallari bu simptom sifatida ko‘ringan, lekin hozirgi kunda alohida kasallik sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Bu kasallikka yondosh kasallik sifatida shizofreniya, depressiyasi bo‘lgan insonlarda uchrashi mumkin. Bu holat Plyushkin sindromi deyiladi, ilmiy adabiyotlarda patologik jamg‘arish kasalligi hisoblanadi. Bunga psixiatr tashxis qo‘yadi, kerak bo‘lganda dori-darmon va klinik psixoterapevt tomonidan muolajalar o‘tkazilishi kerak.

Bunda inson barcha chiqindilarni, hayvonlarni uyga yig‘ib keladi. Hatto uyida yashashga joy qolmasligi mumkin, sanitariya-gigiyena talablari judayam buziladi. Biror buyumiga qo‘l tekkizmoqchi bo‘lganlarga qattiq agressiya bilan javob qaytaradi. Kasallik kelib chiqishiga ayrim sabablar bor: oxirgi o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda shunday tashxisli bemorlar tekshirilganda peshona qismining o‘ng tomonida jarohatlar o‘tkazgan insonlarda bu kasallikka uchrash ehtimoli katta. Yaqinlarini yo‘qotgan, yolg‘iz, shizofreniyasi bor, depressiyadagi insonlarda ham bu ehtimol katta.

Ularga birinchi o‘rinda tashxis qo‘yish kerak. Buni psixiatr qo‘yadi – mustaqil kasallik yoki boshqa kasallik alomatlari ekani aniqlanadi. Bu bemorlarga tanbeh berish, narsalariga tegish ularni tajovuzkor qilib qo‘yadi. Ularni shifokor ko‘rigiga olib borish tavsiya qilinadi”.

Qonunchilikda qanday javobgarlik bor?

Mahalla inspektori ma’lum qilishicha, mazkur fuqaro bir necha marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, shahar obodonlashtirish va maxsus xizmat tashkilotlari tomonidan hudud bir necha bor tozalangan. Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, chiqindilar yana to‘plana boshlagan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aholi yashash joylarida sanitariya qoidalarini buzish, hududlarni ifloslantirish yoki obodonlashtirish talablariga rioya etmaslik holatlari uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Agar bunday holatlar aholi salomatligiga xavf tug‘dirsa, vakolatli idoralar sanitariya-epidemiologiya xizmati, ichki ishlar organlari va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda qo‘shimcha choralar ko‘rishi mumkin.

Biroq Podshobog‘ mahallasidagi holatda asosiy muammo – yana bir marta chiqindilarni tozalash emas, balki vaziyatga amaliy va tugal yechim topish. Bugun bir fuqaroning harakatlari oqibatida atrofdagi o‘nlab odamlar yoqimsiz hid, kalamushlar va zararkunanda hasharotlar bilan yonma-yon yashashga majbur bo‘layotganini aytishmoqda. Eng muhimi, mahalla ahli ta’kidlayotgan muammo yillardan buyon takrorlanayotgan bo‘lsa-da, unga hanuz barqaror yechim topilmagan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version