Siyosat
Mirziyoyevning Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – «Yevropa» binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar bugun imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni yuqori baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat O‘zbekiston bilan YeI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bitim birlashmaga a’zo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha YeI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladilar.
Barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» ikkinchi forumida ishtirok etdi. Kuni kecha esa Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Kecha yirik qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimchadir.
Sheriklikning yuqori sur’atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot12 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
