Jamiyat
Mirziyoyev Namanganda raqamlashtirish, bandlik va investitsiya bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatlar markazida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Namanganda tashkil etilgan «aqlli» vaziyatlar markazi va Yangi Namangan mahallasidagi «Mahalla axborot va xizmat markazi» loyihasi taqdim etildi. Markaz orqali 8 ta mahallada yashovchi 27 mingdan ortiq aholiga qariyb 980 turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyat sanoati hajmi 4,6 trillion so‘mdan 40 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilda yalpi hududiy mahsulotni 9,2 foizga oshirish vazifasi belgilangan.
Prezident hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvni kuchaytirish maqsadida 14 ta «aql markazi»ni yangi ish uslubiga o‘tkazishni topshirdi. Ular har bir tuman va shaharning iqtisodiy salohiyatini o‘rganib, qo‘shimcha o‘sish manbalarini aniqlaydi.
Yig‘ilishda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda 80 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Investitsiya sohasida Namanganga bu yil 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida viloyat bo‘yicha 3 milliard dollarlik 43 ta kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentyabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus olib kelish, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, eksport infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari ham muhokama qilindi.