Iqtisodiyot
Mintaqaning fintech sohalari bir maydonda
19-20-may kunlari Octobank mintaqadagi eng yirik fintech forumlaridan biri bo‘lgan, bank sektori, IT, e-commerce va xalqaro moliya hamjamiyati yetakchilarini birlashtirgan — PLUS Forum Digital Uzbekistan 2026 da Titul homiy sifatida ishtirok etdi.
Forum doirasida bank biznes uchun raqamli yechimlarni taqdim etdi va zamonaviy moliya sanoatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari — transchegaraviy to‘lovlardan tortib kriptoaktivlar va venchur ekotizimigacha bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
PLUS Forum O‘zbekistonda oltinchi marta o‘tkazilmoqda va 2600 dan ortiq ishtirokchi, 130 dan ortiq ma’ruzachi hamda 100 dan ortiq hamkor va homiylarni birlashtirdi. Platforma yana bir bor ishbilarmonlik muloqoti, yangi hamkorliklar va moliya bozorining asosiy trendlarini muhokama qilish markaziga aylandi.
“PLUS Forum — mintaqadagi moliya va texnologiya bozorlari ochiq professional muloqot uchun to‘planadigan sanoqli tadbirlardan biri, va biz uni bosh homiy sifatida qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz”, — deya ta’kidladi Octobank matbuot xizmati.
Octobank stendi forumning asosiy manzillaridan biriga aylanib, ishbilarmonlik uchrashuvlari, netvorking va bankning raqamli yechimlari taqdimoti uchun muhim makon vazifasini o‘tadi. Jamoa yuridik shaxslar uchun 21 foizdan boshlanadigan “Octo-Avto”, “Octo-Invest” va “Octo-Ayanma” kredit liniyalarini, shuningdek, transchegaraviy to‘lovlar va ekvayring sohasidagi yechimlarni taqdim etdi. Aynan shu yo‘nalishlar bugungi kunda xalqaro hisob-kitoblar va biznes uchun raqamli xizmatlarni rivojlantirishda asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Octobank ESG kun tartibiga alohida e’tibor qaratdi. Bank bitta ko‘rgazma stendidan uchinchi marta foydalanib, resurslar sarfini kamaytirdi va barqaror rivojlanish tamoyillarini qo‘llab-quvvatladi.
“Resurslardan oqilona foydalanish strategiyasi Octobank tomonidan izchil amalga oshirilayotgan ESG dasturiga kiritilgan. Stenddan qayta foydalanish tufayli bank xarajatlarini sezilarli darajada — o‘rtacha 300 million so‘mga yaqin optimallashtirdi. Barcha tejalgan mablag‘lar Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi”, — dedi Octobank PR va marketing boshqarma boshlig‘i Muhammad Alinazarov.
Forum doirasida Octobank mahalliy va xalqaro sanoat vakillari ishtirokida biznes nonushta o‘tkazdi. Moderator sifatida bank sohasining mustaqil eksperti Aleksey Maslov ishtirok etdi. Ishtirokchilar raqamli xizmatlarni rivojlantirish, mijozlar tajribasi va moliyaviy mahsulotlarni o‘zgartirish masalalarini muhokama qildilar.
Octobank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Anton Borozdin kripto-aktivlarni rivojlantirish va ularning zamonaviy moliyaviy xizmatlardagi o‘rni bo‘yicha yondashuvni taqdim etdi. Raqamli vositalar va muqobil to‘lov yechimlarining bozor va transchegaraviy hisob-kitoblarga ta’siri ko‘rib chiqildi.
Anton Borozdin
Venchur ekotizimini rivojlantirish va uning mintaqa investitsiya iqtisodiyotini shakllantirishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislarning fikricha, fintech tobora foydalanuvchi atrofidagi yagona raqamli muhit sifatida rivojlanmoqda, bunda tezlik, xavfsizlik, xizmatlar sifati va mijozlar tajribasi asosiy omillarga aylanmoqda.
Sessiyada kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘yicha Octobank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Roman Tretyakov so‘zga chiqib, bankning ushbu segmentdagi strategiyasini taqdim etdi.
Roman Tretyakov
“Octobank nafaqat bank mahsulotlarini, balki biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun to‘liq raqamli ekotizimni ham rivojlantirmoqda, — dedi Roman Tretyakov. — Bankning yondashuvi moliyaviy xizmatlardan oson foydalanish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish va kompaniyalarga tezroq o‘sish va resurslarini samaraliroq boshqarishga yordam beradigan vositalarni o‘z ichiga oladi”.
*PLUS Forum — Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va mintaqaning boshqa mamlakatlarida o‘tkaziladigan, banklar, texnologik kompaniyalar va biznesni raqamli moliya, yangi texnologiyalar va hamkorlikni muhokama qilish uchun birlashtiradigan xalqaro fintech platformasi.
Iqtisodiyot
Kasblar kesimida oyliklar qanday o‘zgaryapti?
O‘zbekistonda o‘rtacha rasmiy oylik so‘nggi 4 yilda ikki barobarga oshdi. Albatta, bu katta yutuq. Ammo ish bilan band aholining uchdan ikki qismida ish haqining o‘sishi o‘rtacha ko‘rsatkichdan orqada qolyapti. Masalan, qayta sug‘urtalash sohasidagi o‘rtacha oyliklar maktabgacha ta’lim sohasiga nisbatan 9,8 barobarga baland. To‘rt yil oldin bu farq 5,9 barobar edi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti yildan yilga kattalashib boryapti. Buni statistik raqamlar ham ko‘rsatib turibdi. Masalan, 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga oshdi.
Xo‘sh, bu o‘sish alohida sohalar kesimida qanday ko‘rinish olmoqda?
Kimlarning oyligi tez o‘syapti?
Oxirgi 4 yillik davrni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi o‘rtacha oyliklar 2 barobarga ko‘payib, 3 mln 417 ming so‘mdan 6 mln 826 ming so‘mga yetdi.
Ammo, bu yerdagi raqamlar mehnat bozoridagi reallikni aniq va to‘liq aks ettirmaydi. Chunki 6,8 mlnlik o‘rtacha raqamga kichik firmalar va qishloq xo‘jaligi korxonalaridagi maoshlar qo‘shilmaydi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy O‘zbekistondagi band aholi – 14 mln 934 ming kishi. Shundan 21 foizi yoki 3 mln 132 ming kishi qishloq xo‘jaligi sektorida ishlaydi. Ushbu tarmoqda o‘rtacha oyliklar esa ancha kam – 3 mln 506 ming so‘m. Agar barcha band aholi daromadlari hisobga olinsa, mamlakatdagi o‘rtacha maoshlar sezilarli kamroq bo‘lishi mumkin.
Statistika qo‘mitasi 19 ta guruhga bo‘lgan holda, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ham o‘rtacha oyliklarni har chorakda yangilab boradi. Xususan, 2022-2026 yillarning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha maoshi eng yuqori o‘sgan soha vakillari – ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar qiluvchilar. Ularning o‘rtacha daromadi 2,8 barobarga oshgan. Shuningdek, davlat boshqaruvi va mudofaa sohasidagi xodimlarning oyliklari 2,6 barobarga, axborot va aloqa sektorida esa 2,5 barobarga ko‘paygan.
Aksincha, qurilish (+54 foiz), tog‘-kon sanoati (+64 foiz) va qishloq xo‘jaligi sohasida (+64 foiz) daromadlar o‘sishi ancha past bo‘lgan. Ishlab chiqarish (+76 foiz), sog‘liqni saqlash (+77 foiz), ta’lim (+83 foiz), san’at (+89 foiz) hamda ulgurji va chakana savdo (+99,4) sohalarida ham o‘rtacha oyliklar mamlakat miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamroq o‘sgan. Mazkur xatboshida sanab o‘tilgan tarmoqlarda jami 10 mln 11,2 ming kishi mehnat qiladi. Ya’ni umumiy band aholining 67 foizida yoki uchdan ikki qismida oylikning oshishi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan turli miqdorlarda kam bo‘lgan.
Bu nega yomon?
Inflatsiyaning yuqori darajasi yoki uning tez sur’atlar bilan o‘sishi – daromadi pastroq aholi qatlamlariga nisbatan og‘irroq zarba beradi. Ya’ni narxlarning oshishidan kambag‘allar ko‘proq aziyat chekadi. O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlarda past daromadli aholi topayotgan pulining asosiy qismini birlamchi iste’mol mahsulotlari – oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal to‘lovlar va transport xarajatlariga sarflaydi.
Masalan, yuqorida oyliklar hisoblangan davrni oladigan bo‘lsak, umumiy inflatsiya 42 foizni tashkil qilgan. To‘g‘ri, bu istalgan sohadagi daromadlar o‘sishiga nisbatan past ko‘rsatkich. Ammo bu davrda go‘sht, tuxum, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i narxlarining oshishi umumiy inflatsiyadan karrasiga yuqori bo‘ldi. Uzoq yillardan beri oziq-ovqat narxlarining oshishi baland bo‘lib qolyapti. Shu jihatdan daromadining 60 foiz qismini oziq-ovqatga sarflaydigan past daromadli inson, daromadining 20 foiz qismini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflaydigan boyroq insonga nisbatan inflatsiyani ko‘proq his qiladi, narxlarning oshishi uning farovonligini ko‘proq pasaytiradi.
Natijada, maosh raqamlarda ko‘paygan bo‘lsa-da, xarid qobiliyati kutilgan darajada oshmaydi. Jumladan, ta’lim sohasidagi oyliklar 2022 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha oyliklarning 73,5 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 68 foiz bo‘lgan. 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, ushbu ikki sektordagi maoshlarning o‘rtacha maoshga nisbati mos ravishda 67,6 foiz va 60,2 foizgacha qisqargan. Masalan, qayta sug‘urtalash sohasidagi o‘rtacha oyliklar maktabgacha ta’lim sohasiga nisbatan 9,8 barobarga baland. To‘rt yil oldin bu farq 5,9 barobar edi.
Kam daromadli oilalarda xarid qobiliyatining pasayishi nafaqat ijtimoiy, balki makroiqtisodiy jihatdan ham xatarli. Odamlarda ortiqcha pul qolmasa, ular asosan oziq-ovqat sotib olish bilan cheklanadi. Natijada boshqa tovarlar – maishiy texnika, kiyim-kechak, xizmatlar savdosi sekinlashadi. Bu esa ishlab chiqarish va chakana savdoni turg‘unlikka yetaklaydi.
Shuningdek, real daromadlarning nisbiy pasayishi kundalik ehtiyojlarni qoplash uchun iste’mol kreditlari va mikroqarzlar olishga rag‘batni kuchaytiradi. Bunday qarz yukining ortishi esa yashash sharoitini yomonlashtirib boradi.
Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda “yashirin iqtisodiyot” ulushi hali ham yuqori bo‘lgani sababli, bir qator sohalarda qog‘ozdagi va real daromadlar o‘rtasida sezilarli farq bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiyot
Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat berdi
Ro‘yxatdan quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar o‘rin olgan.
Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi sabzavotlarni quritilgan holda olib kirishga ruxsat berdi, deya xabar berdi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi.
Qayd etilishicha, agentlik vakillari may oyi boshida hukumat delegatsiyasi tarkibida Xitoyga tashrif buyurgan. Tashrif davomida Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan, natijada bir qator turdagi mahsulotlarga fitosanitar ruxsatnomalar rasmiylashtirilgan. Ro‘yxatdan quritilgan sabzi, lavlagi, pomidor, rediska, baqlajon, qovoqcha, qovoq, piyoz, sarimsoq piyoz va ko‘katlar o‘rin olgan.
«Yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarni eksport qilish uchun korxonalar Xitoy reyestriga kiritilgan bo‘lishi, mahsulotlar karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlardan xoli bo‘lishi, fitosanitariya sertifikatiga ega bo‘lishi hamda Xitoyning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak», deyiladi agentlik xabarida.
Iqtisodiyot
500 ming so‘mlik yangi banknot haqidagi xabarlar asossiz
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan 500 ming so‘mlik yangi banknot muomalaga chiqarilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Regulyatorga ko‘ra, mazkur ma’lumot asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Bugungi kunda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan”, deyiladi MB izohida.
Bir qator ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik kupyura chiqarilishi va ularda Mirzo Ulug‘bek surati tushirilishi haqida xabarlar tarqaldi.
Regulyatorning qayd etilishicha, mazkur ma’lumot asossiz bo‘lib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Bugungi kunda yangi pul belgisini muomalaga chiqarish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan”, deyiladi MB izohida.
Ma’lumot uchun, “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunining 39-moddasiga asosan O‘zbekistonda pul belgilarining nominal qiymati regulyator tomonidan belgilanadi.
Mazkur qonunning 40-moddasiga muvofiq, Markaziy bank mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida banknotlar va tangalar ko‘rinishidagi pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq xuquqqa ega hisoblanadi. Yangi pul belgilarini Senat ma’qullanganidan so‘ng Markaziy bank yangi pul belgisi tavsifi va uning muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Iqtisodiyot
Oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlar ma’lum qilindi
Jahonda oltin qazib olish hali ham asosan cheklangan sondagi yirik davlatlar qo‘lida qolmoqda. Xitoy, Rossiya va Avstraliya dunyodagi eng katta oltin qazib oluvchi mamlakatlar sifatida yetakchilik qilmoqda.
Visual Capitalist tomonidan Jahon oltin kengashi ma’lumotlari asosida tayyorlangan infografikada oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlar reytingi keltirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 380,2 tonna oltin qazib olish hajmi bilan dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Bu jahon bo‘yicha umumiy oltin qazib olish hajmining 10 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Xitoy nafaqat eng yirik qazib oluvchi, balki dunyodagi eng katta oltin iste’molchilaridan biri ham hisoblanadi.
Rossiya sanksiyalar va geosiyosiy bosimlarga qaramay ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan. Avstraliya esa boy mineral-xomashyo zaxiralari va rivojlangan tog‘-kon sanoati tufayli yuqori natijalarni qayd etmoqda.
So‘nggi yillarda Afrikaning jahon oltin bozoridagi ahamiyati keskin oshib bormoqda. Hozirda qit’a davlatlari dunyodagi umumiy oltin qazib olishning qariyb choragini ta’minlamoqda.
Gana 140,6 tonna oltin qazib olish bilan Afrikadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi davlatga aylangan. Undan keyin Mali va Janubiy Afrika Respublikasi joylashgan.
Burkina-Faso, Sudan, Tanzaniya va Kot-d’Ivuar kabi davlatlarda ham so‘nggi o‘n yil ichida oltin qazib olish hajmi sezilarli darajada oshgan. Bu asosan tog‘-kon sohasiga investitsiyalar ko‘paygani bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, ayrim mintaqalardagi siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari oltin qazib olish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Shunga qaramay, Afrika xalqaro tog‘-kon kompaniyalari uchun eng istiqbolli bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiyot
Qayta ishlangan mahsulotlarga bojxona imtiyozlari qo‘llanadi
O‘zbekistonda bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda bojxona qiymatini belgilash va to‘lovlarni hisoblashning yangi tartibi joriy etildi. Hukumatning tegishli qarori bilan ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.
Hukumatning 2026 yil 21 maydagi 266-son qarori bilan “Bojxona hududida qayta ishlangan tayyor mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda tovarlarning bojxona qiymatini belgilash va ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom bojxona hududida qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash hamda ular bo‘yicha bojxona to‘lovlarini hisoblash tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, qayta ishlangan mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishda import bojxona boji qayta ishlash uchun olib kirilgan xomashyo va materiallarning bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bunda qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasiga muvofiq sarflangan xomashyo va materiallar miqdori inobatga olinadi.
Shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan ham qo‘llanishi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan yuqori bo‘lgan import bojlari qo‘llanadigan xomashyo va materiallar ro‘yxatini shakllantiradi. Bu ro‘yxat manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida tuziladi.
Mazkur nizom tajriba-sinov tariqasida amal qilib, 2027 yil 1 martga qadar kuchda bo‘ladi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Jamiyat5 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoChorva mollari va asalarilar QQSning nol stavkasi qo‘llanadigan ro‘yxatga kiritildi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
-
Siyosat1 day agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Jamiyat3 days ago
Bugun O‘zbekistonda kuchli shamol va yomg‘ir kuzatiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emasmiz” – Germaniya elchisi
