Connect with us

Iqtisodiyot

mintaqa bank sektorining barqaror yetakchisi

Published

on


I. Kirish: bank sektori transformatsiyasi va O‘zmilliybankning o‘rni

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bank sektori Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan tizimlardan biriga aylandi. Barqaror iqtisodiy o‘sish, moliya bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish va davlat dasturlarini amalga oshirish kreditlashning kengayishi, omonatlar bazasining o‘sishi, raqobatning kuchayishi va bank xizmatlarini jadal raqamlashtirishga xizmat qildi. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra bank tizimining jami aktivlari 866,8 trln so‘mga, kredit portfeli 582,2 trln so‘mga, omonatlar hajmi 371,4 trln so‘mga va umumiy kapitali 130,4 trln so‘mga yetdi. Bank sektorining sof foydasi 10 875,9 milliard so‘mni tashkil etib, bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Bozorda turli rivojlanish modellari va o‘sish strategiyalariga ega bo‘lgan 35 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda. Shunday sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki aktivlari, kreditlari, omonatlari, kapitali hajmi, iqtisodiyotni moliyalashtirishdagi ishtiroki ko‘lami va bank tizimi barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni bo‘yicha mamlakatning eng yirik moliya instituti va tizimli ahamiyatga ega banki maqomini saqlab qolmoqda.

Ushbu maqolaning maqsadi moliyaviy ko‘rsatkichlar asosida O‘zbekiston bank sektorining rivojlanishi nuqtai nazaridan O‘zmilliybankning mavqeini tahliliy ko‘rib chiqish, uning balansi tarkibi va dinamikasi, resurs bazasi, daromadliligi, operatsion samaradorligi va xalqaro kapital bozorlariga kirishini baholash, shuningdek bank barqarorligi va tizimli ahamiyatining asosiy omillarini belgilashdan iborat.

II. Bank tizimida O‘zmilliybankning ko‘lami va barqarorligi

1. Aktivlar va bozor tuzilmasidagi o‘rni

O‘zbekiston bank sektori aktivlarning ishonchli o‘sishini ko‘rsatmoqda: 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, ularning umumiy hajmi 12,7 foizga o‘sib, 866,8 trln so‘mga yetdi. Bunda O‘zmilliybankning aktivlari 145,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu bankka balans ko‘lami bo‘yicha milliy reytingda birinchi o‘rinni va butun bank tizimi aktivlarida 16,7 foiz ulushini ta’minladi.

O‘zmilliybank aktivlarining so‘nggi besh yil (2020-2024 yillar) va 2025 yilning to‘qqiz oyidagi dinamikasi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda:

O‘zmilliybank aktivlarining 2025 yilning to‘qqiz oyida 7,5 foizga o‘sishi chakana kreditlash hisobiga o‘sishni ko‘rsatayotgan banklarga nisbatan mo‘’tadil hisoblanadi. Bu bankning tashqi iqtisodiy faoliyat, infratuzilma, transport, energetika va geologiya sohalarida yirik, tarkibiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirishga strategik yo‘nalganligini aks ettiradi.

2. O‘zmilliybank aktivlarining valyuta tarkibi: diversifikatsiya va moslashuvchanlik

O‘zmilliybank doimgidek xorijiy valyutadagi aktivlarning yuqori ulushi bilan ajralib turadi. Bu uning tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport va import operatsiyalari, shuningdek xalqaro investitsiya loyihalariga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashganligi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, bank milliy valyutadagi portfelini ham izchil oshirib bormoqda.

Bankning valyutalar bo‘yicha aktivlari tarkibi

2025 yil 1 yanvar holatiga:

· aktivlarning 65,5 foizi — xorijiy valyutada;
· 34,5 foizi — milliy valyutada.

2025 yil 1 oktyabr holatiga:

· aktivlarning 62,3 foizi — xorijiy valyutada;
· 37,7 foizi — milliy valyutada.

To‘qqiz oyda aktivlarning so‘mdagi ulushi 3,2 foizga oshdi. Bu bank valyuta aktivlari segmentida asosiy o‘yinchi bo‘lib qolish bilan birga, balansni milliy valyuta foydasiga diversifikatsiya qilayotganidan dalolat beradi.

Aktivlarning katta hajmi, xorijiy valyutaning yuqori, ammo bosqichma-bosqich kamayib borayotgan ulushi va so‘mdagi o‘sib borayotgan portfelning uyg‘unligi O‘zmilliybank uchun qator raqobatbardosh ustunliklar beradi:

· bank ham milliy, ham xorijiy valyutadagi operatsiyalarga yo‘naltirilgan mijozlarga samarali xizmat ko‘rsata oladi;
· valyuta xavfi pasayib, kurs o‘zgarishlariga barqarorlik ortadi;
· tashqi iqtisodiy kon’yunktura o‘zgarishi sharoitida aktivlar va passivlar tarkibini boshqarishda moslashuvchanlik ta’minlanadi.

3. Zaxiralar va tavakkalchiliklarni boshqarish

O‘zmilliybank tizimdagi eng yirik aktivlar zaxiralarini shakllantirib, bu uning konservativ xavf profilining asosiy elementi hisoblanadi. Yaratilgan zaxiralar miqdori 2025 yil 1 oktyabr holatiga 10,2 trln so‘mni tashkil etib, bu bozorda 33 foiz ulushga ega bo‘lgan holda mamlakatdagi barcha banklar orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Zaxiralar ko‘lami kredit xatarini boshqarish va ehtimoliy stress-vaziyatlar uchun “moliyaviy zaxira”ni shakllantirishga nisbatan ilg‘or yondashuvni aks ettiradi. Katta zaxiralarning mavjudligi bankka o‘zgaruvchan bozor sharoitida aktivlar sifatini va balans barqarorligini saqlab qolish imkonini berib, nazorat organlari, investorlar va xalqaro hamkorlarning ishonchini mustahkamlaydi, shuningdek xavf profilini yomonlashtirmasdan aktivlarni yanada ko‘paytirish uchun imkoniyat yaratadi.

4. Kapital va tartibga solish normativlari

2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, bank tizimining umumiy kapitali 13,6 foizga o‘sib, 130,4 trln so‘mga yetdi. Kapital hajmi bo‘yicha yirik banklar orasida O‘zmilliybank birinchi o‘rinni egallab turibdi: uning kapitali 19,4 trln so‘mni tashkil etib, bozor ulushining 15 foiziga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Agrobank (13,7 trln so‘m, 11 foiz), SQB (11,4 trln so‘m, 9 foiz), Xalq banki (10,2 trln so‘m, 8 foiz) va Asakabank (8,1 trln so‘m, 6 foiz) joylashgan.

O‘zmilliybank kapitalining so‘nggi besh yil (2020-2024 yillar) va 2025 yilning to‘qqiz oyidagi dinamikasi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda:

O‘zmilliybankning kapital yetarliligini tartibga soluvchi ko‘rsatkichlari Markaziy bankning minimal talablaridan sezilarli darajada yuqori:

· kapitalning umumiy yetarlilik koeffitsiyenti (CAR) – 19,0 foiz (MB me’yori – 13 foiz);
· Tier 1 koeffitsiyenti – 16,1 foiz (me’yor – 10 foiz);
· leverej koeffitsiyenti – 11,4% (me’yor – 6 foiz).

Ushbu raqamlar rivojlangan bozorlar ko‘rsatkichlariga mos kelib, bankning iqtisodiyotni kreditlash faolligini pasaytirmasdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozi vaziyatlarni yengib o‘tish qobiliyatini tasdiqlaydi. Kuchli kapital pozitsiyasi yuqori zaxiralar darajasi bilan birgalikda O‘zmilliybankning O‘zbekiston bank sektoridagi tizim shakllantiruvchi institut maqomini mustahkamlaydi.

III. Kredit portfeli va mijozlar segmentlarining rivojlanishi

1. Kredit portfelining umumiy dinamikasi

O‘zmilliybankning kredit portfeli so‘nggi yillarda muntazam ravishda kengayib bormoqda. 2021 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda kreditlar hajmi 65,6 trln so‘mdan 108,0 trln so‘mga o‘sdi va 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra 104,8 trln so‘mni tashkil etdi:

Bunday dinamika O‘zmilliybankning iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyalashtirishda faol ishtirok etayotganini, shuningdek asosan korporativ bank modeliga tayangan faoliyatdan chakana hamda kichik va o‘rta biznes segmentlari rivojlangan yanada universal profilga bosqichma-bosqich o‘tayotganini aks ettiradi. Joriy yilning 9 oyi davomida bank tomonidan jami 38,5 trln so‘m ekvivalentida kreditlar ajratildi (shu jumladan korporativ sektorga – 21,4 trln so‘m, kichik va o‘rta biznesga – 10,0 trln so‘m, chakana kreditlarga – 7,1 trln so‘m).

2. Chakana biznes: portfel ulushi va sifatining o‘sishi

Tarixan O‘zmilliybank korporativ bank sifatida faoliyat yuritgan, biroq kredit portfeli tarkibining tahlili yuqori daromadli chakana mahsulotlar tomon izchil burilishni ko‘rsatmoqda. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, bankning chakana kredit portfeli hajmi 21,2 trln so‘mga yetdi. Natijada bank jismoniy shaxslarni kreditlash hajmi bo‘yicha mamlakatning eng yirik uchta tijorat banki qatoriga kirdi.

O‘zmilliybankning umumiy kredit portfelida chakana segment ulushi besh yil davomida barqaror o‘sib bordi:

Umuman olganda, bank sektori bo‘yicha 2025 yil 1 oktyabr holatiga chakana kredit portfelining o‘sishi yil boshiga nisbatan +17,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zmilliybankning ushbu ko‘rsatkichi +18 foizga yetdi. Bundan tashqari, so‘nggi 5 yil ichida kredit portfelida chakana kreditlarning ulushi 2,5 baravarga (8 foizdan 20,2 foizga) oshdi.

Bu bank mazkur segmentda o‘rtacha bozor dinamikasidan ilgarilab ketayotganini va chakana bozordagi o‘z mavqeini asta-sekin mustahkamlab borayotganini ko‘rsatadi.

Chakana biznes o‘sishining asosiy omillari quyidagilar bo‘ldi:

· mijozlar bazasining kengayishi – 5,3 milliondan ortiq jismoniy shaxslar, shu jumladan yirik korporativ hamkorlar xodimlari va kichik biznes vakillari;
· korporativ mijozlar xodimlari uchun ish haqi loyihalari va maxsus takliflarning faol rivojlanishi;
· sodiqlik dasturlari va marketing kampaniyalarining joriy etilishi;
· aholining turli qatlamlariga moslashtirilgan mahsulotlar turlarining kengayishi;
· kredit tarixini tahlil qilish va maksimal mavjud kredit miqdorini aniqlashning yagona tizimining joriy etilishi (bu portfel sifatini yaxshilab, arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirdi);
· ipoteka umumiy chakana portfelining 42 foizga o‘sishini ta’minladi (portfel 13,3 trln so‘mga yetdi (+16,1%);
· avtokreditlar bo‘yicha mijozlar bazasi 38 ming qarz oluvchiga yetdi (1,5 trln so‘m berildi);
· “Milliy” mobil ilovasi orqali 110,3 mingta onlayn mikroqarz ajratildi (portfel o‘sishi +96%, 4,9 trln so‘mgacha).

Ish haqi oluvchi mijozlarga xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda: ularga tezlashtirilgan kreditlash tartibi, mikroqarzlar va avtokreditlar bo‘yicha qulay shartlar, shuningdek “Milliy” mobil ilovasi orqali onlayn kreditlarni rasmiylashtirish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu esa tranzaksiya faolligini oshirish va mijozlar bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

3.Kichik va o‘rta biznes: tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish

Kichik va o‘rta biznes segmenti yuqori dinamikani ko‘rsatmoqda. 2025 yilning o‘tgan 9 oyi yakunlariga ko‘ra:

· bitimlar soni – 1403 ta (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan +181%);
· ajratilgan mablag‘lar hajmi – 2,52 trln so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan +163%);
· kredit portfelida kichik va o‘rta biznesning ulushi 20,4 foizgacha oshdi;
· tadbirkor ayollarni moliyalashtirish – 270,7 mlrd so‘m;
· yoshlarni moliyalashtirish – 159,4 mlrd so‘m.

Yangi mahsulotlarning (“Ekspress”, “Biznes-ipoteka”, “Qulay” va boshqalar) joriy etilgani O‘zmilliybankni tadbirkorlar uchun moslashuvchan hamkorga aylantirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aylanma mablag‘larni moliyalashtirish, investitsiyalar hamda kichik va o‘rta biznes infratuzilmasini rivojlantirish uchun vositalar to‘plamini kengaytirmoqda.

4. Korporativ segment: strategik tarmoqlar uchun tayanch

Korporativ blok O‘zmilliybank biznes modelining ustuni va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning asosiy kanallaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, bankning eng yirik korporativ mijozlari “Olmaliq KMK” AJ, “NKMK” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “AKFA GROUP”, “KORZINKA.UZ”, “O‘zatom” agentligi, “METROPOL GROUP”, “O‘zmetkombinat” AJ hisoblanadi.

Yil davomida O‘zmilliybank 160 dan ortiq yangi faol korporativ mijozlarni, shu jumladan “Uzbekistan Helicopters”, “Pepsi”, “UzCarlsberg”, “O‘zTMK” AJ, “Leapmotor”, “Voyah”, “Safia” hamda boshqa yirik sanoat va savdo kompaniyalarini jalb etdi. Bu rivojlangan infratuzilma va zamonaviy texnologik yechimlarga ega barqaror moliyaviy hamkor sifatida bankka bo‘lgan yuksak ishonchdan dalolat beradi.

2025 yilning to‘qqiz oyida O‘zmilliybank ijtimoiy infratuzilma, logistika, transport, sanoat, sog‘liqni saqlash va geologiya-qidiruv sohalarini rivojlantirishga qaratilgan 21,4 trln so‘mlik 110 ta loyihani moliyalashtirdi. Ushbu loyihalar mamlakatning yangi infratuzilma xaritasini shakllantirib, bankning uzoq muddatli va ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarga yo‘naltirilgan taraqqiyot banki sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

IV. Resurs bazasi va depozit bozori

1. Tizimdagi umumiy tendensiyalar

2025 yilda O‘zbekiston bank sektorida resurs bazasining barqaror kengayishi kuzatildi. Barqaror makroiqtisodiy vaziyat, mo‘’tadil inflyasion bosim va aholining jamg‘arish faolligi oshishi sharoitida depozitlarning umumiy hajmi yil boshidan 20,3 foizga o‘sib, 371,5 trln so‘mga yetdi.

O‘sish ham jismoniy shaxslar omonatlarining ko‘payishi, ham korporativ likvidlikning mustahkamlanishi hisobiga ta’minlandi. Banklar depozitlarning mahsulot turlarini rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish takliflarini yaxshilash orqali uzoq muddatli resurslar uchun raqobatni kuchaytirmoqda.

2025 yil 1 oktyabr holatiga bank tizimida mijozlar kesimida:

· depozitlarning 64,2 foizi yuridik shaxslarga;
· 35,8 foizi – jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi.

Valyuta tarkibi bo‘yicha:

· depozitlarning 77 foizi – milliy valyutada, 23 foizi esa – xorijiy valyutada.

2. O‘zmilliybankning depozit bozoridagi o‘rni

O‘zmilliybank depozit segmentida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, uning depozit portfeli 49,2 trln so‘mni tashkil etib, resurslar hajmi bo‘yicha mamlakat banklari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Misol uchun, ushbu ko‘rsatkich Kapitalbankda – 39,7 trln so‘m, Agrobankda – 28,9 trln so‘m, SQBda – 26,9 trln so‘m, Xalq bankida – 25,6 trln so‘mni tashkil etdi.
2025 yilning to‘qqiz oyida O‘zmilliybankning depozitlari 33,6 foizga o‘sib (bozor ko‘rsatkichi 20,3 foizdan sezilarli darajada yuqori), bu mijozlar ishonchining ortib borayotganini ko‘rsatadi. Turli segmentlarning resurslar o‘sishiga qo‘shgan hissasi quyidagicha:

· jismoniy shaxslarning depozitlari 17,6 foizga;
· yuridik shaxslar depozitlari – 22,3 foizga oshdi.

Tarkibiy jihatdan O‘zmilliybankda korporativ depozitlar ulushi o‘rtacha bozor darajasidan sezilarli darajada yuqori:

· depozitlarning 70,2 foizi – yuridik shaxslar mablag‘lari;
· 29,8 foizi – jismoniy shaxslar mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Vaholanki, tizim bo‘yicha umumiy hisobda 59 foiz ulush bilan yuridik shaxslar ustunlik qiladi. Bunday ko‘rsatkichlar Uzmilliybank barqaror hamda uzoq muddatli resursni ta’minlaydigan yirik korporatsiyalar, davlat kompaniyalari va eksportga yo‘naltirilgan korxonalar (“NKMK” AJ, “OKMK” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “Navoiyuran” DK, “O‘zTMK” AJ va boshqalar) uchun asosiy bank ekanligini ko‘rsatadi.

O‘zmilliybank depozitlarining korporativ segmenti quyidagchia:

· korporativ depozitlar hajmi – 34,6 trln so‘m;
· bozor ulushi – 16 foiz;
· 2025 yilning to‘qqiz oyida o‘sish – 43 foiz.

Korporativ portfel tarkibida muddatli depozitlar 58,9 foizni, talab qilib olinguncha depozitlar 32,8 foizni tashkil etib, tizimda uzoq muddatli resurs bazasining eng muvozanatlashgan tuzilmalaridan birini shakllantiradi. Bu mablag‘ bilan ta’minlashning barqarorligini, foiz xatarining pasayishini hamda infratuzilma va investitsiya loyihalarini uzoq muddatli kreditlash imkoniyatini ta’minlaydi.

Valyuta tuzilishiga ko‘ra, O‘zmilliybank butun tizimga nisbatan xorijiy valyutadagi depozitlarning yuqori ulushi bilan ajralib turadi:

· depozitlarning 59,1 foizi milliy valyutada;
· 40,9 foizi – xorijiy valyutada.

Bu tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi mijozlarning salmoqli ulushi bilan izohlanib, bankning tashqi savdo va investitsiya oqimlariga xizmat ko‘rsatuvchi tayanch institut sifatidagi funksional ixtisoslashuvini aks ettiradi. Bunda muvozanatlashgan valyuta xavfi va passivlarning barqaror tarkibi saqlab qolinadi.

V. Moliyaviy natijalar va operatsion samaradorlik

1. Daromadlar tarkibi va rentabellik

2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zmilliybankning moliyaviy ko‘rsatkichlari diversifikatsiyalashgan daromad manbalariga ega barqaror biznes modelini aks ettiradi. Hisobot davrida bank 22,2 trln so‘m daromad oldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘p bo‘lib, yirik tizimli banklar guruhining o‘rtacha o‘sish sur’atidan yuqoridir.

Foizli daromadlar 12,8 trln so‘mni tashkil etib, 15,2 foizga o‘sdi (bank sektori bo‘yicha umumiy o‘sish 15,0 foiz). Kredit portfelining kengayishi, korporativ moliyalashtirish dasturlarining amalga oshirilishi, yirik korporativ mijozlarning jalb qilinishi, kredit portfelida kichik va o‘rta biznes ulushining hamda umumiy tijorat kreditlari hajmining oshishi, shuningdek kredit mahsulotlariga bo‘lgan barqaror talab ushbu ko‘rsatkichga erishishning asosiy omillaridan bo‘ldi.

Foizsiz daromadlar bundan yuqoriroq o‘sish sur’atini ko‘rsatdi – 65,4 foizga oshib, 9,3 trln so‘mni tashkil etdi (2024 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra 5,6 trln so‘m edi). Bu natija komission va tranzaksion operatsiyalarning ko‘payishi, mijozlar bazasining kengayishi hamda raqamli xizmatlar va to‘lov mahsulotlarining faol qo‘llanilishi bilan bog‘liq.

Natijada, O‘zmilliybank 1,45 trln so‘m sof foyda olib, bu o‘tgan davrga nisbatan 4,9 foiz ko‘pdir. Bu kuchayib borayotgan raqobat sharoitida bank barqaror daromadlilikka ega ekanligini, xarajatlarni nazorat qila olishini va mahsulotlar turlarini muvozanatli rivojlantirish qobiliyatiga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Daromad bazasidagi tarkibiy o‘zgarishlar yuqori daromadli xizmat ko‘rsatish va komission yo‘nalishlar foydasiga foizli daromadlar ulushining pasayishi bilan tavsiflanadi. Tranzaksion faollik va raqamli xizmatlar ahamiyatining oshishi sof foiz marjasiga bog‘liqlikni kamaytirib, yanada barqaror, balansga bog‘liq bo‘lmagan daromad modelini shakllantiradi.

2. Operatsion samaradorlik

Operatsion xarajatlarning operatsion daromadlarga nisbati (CIR) xarajatlarni boshqarish samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zmilliybankning ushbu ko‘rsatkichi 31,1 foizni tashkil etdi – bu o‘rtacha bozor darajasi bo‘lgan 47,5 foizdan ancha past.

Bu bankni biznesni kengaytirish va operatsiyalar ko‘lamini oshirish sharoitida ham barqaror va oldindan bashorat qilinadigan operatsion samaradorlikni ta’minlaydigan banklar guruhiga kiritish imkonini beradi. Daromadlarning yuqori o‘sish sur’atlari sharoitida xarajatlarning cheklangan o‘sishi boshqaruv jarayonlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi, operatsion modelning maqbullashtirilgani va resurslardan oqilona foydalanilayotganini ko‘rsatadi.

VI. Operatsion va raqamli transformatsiya

2021 yildan buyon O‘zmilliybank “McKinsey” xalqaro konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda keng ko‘lamli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda. Mazkur dastur korporativ boshqaruvni isloh qilish, AT-arxitekturasini modernizatsiya qilish, asosiy jarayonlarni raqamlashtirish va biznes bo‘linmalari samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Bozor miqyosida ushbu dastur mintaqadagi davlat bankini modernizatsiya qilishning eng yirik loyihalaridan biri bo‘lib, biznesni yanada kengaytirish, yangi bank mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqish, raqamli kanallarni rivojlantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va bankning universal moliya instituti sifatidagi raqobatbardosh o‘rnini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

VII. Xalqaro kapital bozorlariga chiqish

1. Obligatsiyalarni joylashtirish va investorlar bazasi

2020-2025 yillar davomida O‘zmilliybank xalqaro kapital bozoriga uch marta umumiy miqdori 1,12 mlrd AQSh dollari bo‘lgan, shu jumladan 900 mln AQSh dollari va 2,9 trln so‘mlik obligatsiyalarni chiqardi.

2024 yildan boshlab bank milliy valyutada joylashtirish hajmini izchil oshirib bormoqda. So‘mdagi obligatsiyalarga bo‘lgan talabning ortib borishi investorlarning barqaror ishonchi shakllanganligidan dalolat beradi. Bu, o‘z navbatida, O‘zmilliybank uchun so‘mdagi resurs bazasini faolroq jalb qilish va kredit portfelidagi valyuta tarkibiy qismining ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish, tizimli dollarsizlashtirish tendensiyasini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yaratadi.

Xalqaro obligatsiyalar bozoridagi faollik O‘zmilliybankning ishonchli emitent sifatidagi obro‘sini mustahkamladi va xorijiy investorlarning O‘zbekiston moliya sektoriga bo‘lgan ishonchi darajasini oshirdi. 2025 yil iyul oyidagi chiqarilish 140 dan ortiq institutsional investorlarning qiziqishini uyg‘otdi. Investorlar bazasi tarkibi sifat jihatidan o‘zgardi: agar 2020 va 2024 yillardagi chiqarilishlarda AQSh va Yevropa investorlari asosiy xaridorlar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda ularga Yaqin Sharq va Xitoyning yirik investorlari qo‘shildi.

2025 yilgi obligatsiyalar chiqarilishida narx shartlari bo‘yicha birinchi marta sezilarli siljish kuzatildi: O‘zbekiston Respublikasining suveren obligatsiyalari “benchmark”iga nisbatan spred AQSh dollarida 50 bazis punktiga, so‘mda esa 105 bazis punktiga qisqardi. Bu global investitsiya hamjamiyatining O‘zmilliybank moliyaviy ko‘rsatkichlari shaffofligi hamda uning kredit va xavf profiliga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

VIII. Xulosa: O‘zmilliybank biznes modeli barqarorligining tashqi mustaqil baholanishi

2025 yilning to‘qqiz oyi yakuniga ko‘ra, O‘zmilliybank O‘zbekistonning eng yirik, barqaror va tizimli ahamiyatga ega banki maqomini saqlab qoldi. Yuqori kapitallashtirish, tizimdagi eng katta zaxiralar hajmi, muvozanatli kredit portfeli, diversivikatsiyalashgan resurs bazasi va barqaror moliyaviy natijalar uning ishonchliligi va iqtisodiyotdagi uzoq muddatli o‘rnini ta’minlamoqda.

Erishilgan moliyaviy natijalar va amalga oshirilgan institutsional o‘zgarishlar yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan yuqori baholandi. Kompleks tahlil natijalariga ko‘ra, “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” yaqinda O‘zmilliybankning uzoq muddatli kredit reytinglarini “BB-“ darajasidan “BB” darajasiga ko‘tarib, ularni O‘zbekiston Respublikasining barqaror prognozli suveren reytingiga tenglashtirishdi.

Ushbu qaror bank operatsiyalari ko‘lami, barqaror kapitallashuvi, muvozanatli xavf profili va biznes modelining izchil o‘zgarishi natijasida erishilgan umumiy samarani, uning mamlakat iqtisodiyotidagi tizimli ahamiyatini, shuningdek mustaqil xalqaro tahlilchilarning O‘zmilliybankning moliyaviy profili va institutsional roliga bo‘lgan yuqori ishonchini aks ettiradi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).

Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin

Published

on


O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.

O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi

Published

on


Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
 
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
 
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
 
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
 
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
 
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
 
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
 
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
 
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
 
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
 
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.

Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:


savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.