Connect with us

Jamiyat

Migratsiya agentligi murojaat bilan chiqdi

Published

on


Migratsiya agentligi murojaat bilan chiqdi. Unda xorijda vafot etgan fuqarolarni qaytarish masalasi ko‘tarilgan. 

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijda ishlab yurgan va afsuski vafot etgan vatandoshlarimizning jasadlarini yurtimizga olib kelish uchun blogerlar, turli shaxslar plastik karta raqamlarini chiqarib, pul yig‘ish aksiyalarini o‘tkazayotgani kuzatilmoqda.

Ayrim holatlarda eski yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida odamlarning his-tuyg‘ularidan foydalanib, firibgarlik qiluvchi shaxslar ko‘paymoqda.

“Bu kabi xabarlarni ko‘rsangiz, hech qanday pul o‘tkazmang. Bu vaziyatda qonuniy va ishonchli yo‘l — O‘zbekiston Migratsiya agentligiga murojaat qilishdir. Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda vafot etgan bo‘lsa, Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga bilan yurtga olib kelinadi”, deyiladi xabarda. 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Endi har yili farmatsevtika xodimlari kuni ham nishonlanadi 

Published

on


Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari kuni (noyabr oyining ikkinchi shanbasi) bilan samimiy tabrikladi, el-yurtimiz salomatligi posbonlari bo‘lgan barcha shifokor va hamshiralar, soha mutaxassislariga o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.

«Bugun soha taraqqiyotiga xizmat qiladigan ko‘plab yangi tashabbuslarni sizlar bilan muhokama qilib olamiz.

Zamonaviy tibbiyotni farmatsevtikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bundan buyon ushbu bayramni «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni» deb nishonlasak, o‘ylaymanki, sizlar buni qo‘llab-quvvatlaysizlar!

Bularning barchasi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ko‘proq izlanish, ilg‘or davolash va profilaktika usullarini egallashda katta rag‘bat, kuch-g‘ayrat beradi deb ishonaman!» – dedi Prezidentimiz.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Frontda Rossiya askarlariga mototsiklda oziq-ovqat yetkazib bergan o‘zbekistonlik yigit ozodlikdan mahrum qilindi

Published

on


Farg‘onalik 24 yoshli yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Donetskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. U Gorlovkadagi ko‘mir koni shaxtasida yashab, urush maydonidagi Rossiya askarlariga mototsiklda oziq-ovqat yetkazib berish vazifasini bajargan. Bungacha Moskva shahridagi savdo majmuasida tozalovchi bo‘lib ishlagan yigit narkojinoyatda ayblanib, 7 yilga qamalgan. U sudda qamoqxonadagi qiynoqlardan so‘ng urushga borishga ko‘nganini aytgan.

Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlik yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2001 yilda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan A.Q. ishlab pul topish maqsadida 2022 yil 3 fevral kuni Rossiyaning Moskva shahriga borgan. U shaharning Lyuberse mavzesidagi savdo majmualarida tozalovchi bo‘lib ishlay boshlagan. 2022 yil sentabr oyida narkojinoyatda ayblanib, qo‘lga olingan va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shu tariqa A.Q. Yekaterinburg shahridagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tay boshlagan. 2024 yil noyabr oyida u qamoqxona rahbariyatining Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish taklifiga rozilik bildirgan. Buning uchun unga qamoqdan ozod qilish hamda Rossiya fuqaroligini berish va’da qilingan.

A.Q. 2024 yil noyabr oyi o‘rtalarida Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshirgan hamda ushbu davlat Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. 2024 yil 24 noyabr kuni unga Rossiya fuqarolik pasporti berilgan. 2024 yil 27 noyabr kuni esa u 21 kunlik dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun Donetsk hududiga jo‘nab ketgan.

Dastlabki harbiy tayyorgarlikdan so‘ng A.Q. Donetskning Gorlovka shahriga borib, bu yerda maxsus tayyorlangan shaxtaga joylashgan. So‘ngra urush maydonidagi Rossiya askarlariga mototsiklda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish vazifasini bajarishga kirishgan.

A.Q. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda qamoqxonadagi qiynoq va qo‘rqituvlardan so‘ng Rossiya armiyasiga yollanishga rozi bo‘lganini aytgan.

“Jazoni ijro etish muassasasi rahbari ko‘plab mahkumlarni chaqirtirib, umumiy tarzda Rossiya Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilish hamda Ukrainaga qarshi urushga borish taklifini bildirdi. Buning uchun qamoqdan ozod qilishni va Rossiya fuqaroligini berishni va’da qildi. Bu taklifni rad etdim. 2024 yil avgust oyida ishga o‘z vaqtida bormaganim sababli 15 kun karserga joylashtirishdi. Karserdan chiqib, 2 kun umumiy tartibga o‘tdim. Biroq yana karserga joylashtirishdi va shundan keyin 3 oy davomida o‘sha yerda o‘tirdim.

2024 yil noyabr oyida muassasa boshlig‘i chaqirib, Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishni taklif qildi. Agar ushbu taklifni rad etsam jazo muddatimga yana 10 yil qo‘shilishini aytdi. Shu sababli uning taklifiga majburan rozi bo‘ldim.

So‘ngra fuqarolikka ariza topshirdim va Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzdim. Dastlabki harbiy tayyorgarlik Donetskdagi poligonda bo‘lib o‘tdi. 2024 yil dekabrda Gorlovkadagi harbiy xizmatchilar turar joyiga olib borishdi. Bu yerda 4-5 kun bo‘lib, so‘ngra ushbu shahar chekkasidagi ko‘mir koni shaxtasiga borib joylashdim.

Ushbu shaxtada istiqomat qilib, mototsiklda harbiy xizmatchilarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish vazifasini bajardim. Shu tariqa 8 oy davomida harbiy xizmatni o‘tadim. Bu orada 2 marta qochishga harakat qildim, biroq ushlab olishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.

A.Q. Rossiya askarlariga oziq-ovqat tashib yurganida Ukraina dronlari hujumiga uchragan. U oskolka tegishi oqibatida chap qo‘li va chap oyog‘idan yaralangan.

Shundan so‘ng A.Q. 2025 yil avgust oyi o‘rtalarida Donetskdan qochib, 18 avgust kuni Moskva shahriga yetib borgan. So‘ngra Moskva shahridagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilgan va 2025 yil 28 avgust kuni vatanga qaytish guvohnomasi orqali Farg‘ona shahriga qaytib kelgan.

JIB Farg‘ona tuman sudining 2025 yil 17 oktyabrdagi hukmi bilan A.Q. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Avvalroq Rossiya armiyasiga yollanib, Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik shaxs 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Markaziy bank qonunchilik talablarini buzgan yigirmaga yaqin bankni jarimaga tortdi

Published

on


Markaziy banki tomonidan joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlari monitoringdan o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad moliyaviy xizmatlar iste’molchilari uchun axborotlar oshkor etilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda foydalanuvchilarning to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqi ta’minlanishni tekshirishdan iborat bo‘lgan.

Monitoring natijasida ayrim banklarning veb-saytlarida ma’lumotlar davlat tilida joylashtirilmaganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, axborotlarni oshkor etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilmagan holda ayrim banklarning veb-saytlarida kredit ta’minotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan Agrobank, Anorbank, Hayotbank, Universal bank, Garant bank, Asakabank,  Turonbank, Infinbank, MKBank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, OFB, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank, AVO va Openbank kabi banklarning rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan tartib joylashtirilmaganligi kuzatildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarning har biriga nisbatan amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq 102 mln so‘mdan jarima chorasi qo‘llanildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda rasmiy veb-saytlardagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.

O‘z navbatida, Markaziy bank barcha tijorat banklaridan:

axborotlarni iste’molchilarga oshkor etishda davlat tiliga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishi;

rasmiy veb-saytlarda joylashtirilayotgan ma’lumotlarning to‘liqligi va dolzarbligi ta’minlanishi;

rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan axborotlarni oshkor etishda iste’molchilarining to‘liq, ishonchli va tushunarli ma’lumot olish huquqi hisobga olinishi lozimgini qat’iy ravishda talab qilmoqda.

https://cbu.uz/uz/press_center/news/3000247/



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Parkovka”dagi mashinangizga shikast yetgan bo‘lsa nima qilish kerak?

Published

on


Avtomobilingizni savdo markazi, masjid, dorixona yoki boshqa o‘zingizga qulay joyga qo‘yib ketdingiz. Hammasi qoida bo‘yicha – hech kimga xalal bermagansiz. Lekin qaytib kelib qarasangiz, mashinaga shikast yetgan. Na kamera, na aybdor bor – faqat shilingan kuzovni ko‘rib turibsiz.

Shunday hol mening ham boshimdan o‘tgan. Men, Baxtinur Muhammedov o‘shanda tovon pulini to‘liq olishga erishdim. Siz ham shunday vaziyatda nima qilish kerakligini bilib olishingiz uchun nima qilish kerakligini bosqichma-bosqich aytib o‘taman.

Shikast yetganini ko‘rganda nima qilish kerak

Mashinaga shikast yetganini ko‘rishingiz bilan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Xodimlar kelguniga qadar mashinaga tegmang va atrofdagi buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmang. Bu surishtiruv o‘tkazishga xalal berishi mumkin. Avariya chiroqlarini yoqing va IIB xodimi kelishini kuting.

Hujjat rasmiylashtirilmagunicha ketib qolmaslik kerak. Bu YTH joyidan qochish deb hisoblanadi va BHMning 30 baravari — 11,25 mln so‘m jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shikast yetgan joy arzimagan bo‘lsa ham ketib qolmang – aks holda siz aybdor deb topilishingiz mumkin.

IIB xodimini kutish chog‘ida

1. Atrofni ko‘zdan kechiring.

Yaqin-atrofda aybdor yoki guvohlar bor-yo‘qligini aniqlang. Agar yaqiningizda to‘qnashuv asorati mavjud avtomobil turgan bo‘lsa, uning raqamini yozib oling. Qorovul yoki o‘tkinchilar bilan gaplashing: ehtimol, hodisani kimdir ko‘rgandir yoki qayerda kamera borligini bilishi mumkin.

2. Barcha narsani qayd qiling.

Foto va videoga oling: mashina turgan joyning umumiy ko‘rinishi, mashina holati, shikast yetgan joyni. Agarda yerda singan bo‘laklar, bo‘yoq yoki boshqa mashina izi bo‘lsa – ularni ham suratga oling. Agar registratoringiz bo‘lsa, undagi yozuvni saqlab qo‘ying.

3. Ma’lumot yig‘ing.

Guvohlarning ismlari va telefon raqamlarini yozib oling. Sug‘urta polisingiz amal qilish muddatini va uning turi OSAGO yoki KASKO ekanligini tekshiring.

IIB xodimi kelganidan so‘ng

Xodimlar hodisa bayonnomasi, YTH sxemasini va shikastlanish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tuzadilar. Hujjatlarda barcha zararlar va holatlar ko‘rsatilganiga e’tibor bering. Agar bayonnomadagi yozuvlarga qo‘shilmasangiz, uni imzolamang, avval inspektor bilan muhokama qiling.

Agar aybdor shaxs hodisa joyidan qochib ketgan bo‘lsa, bu haqda xabar bering. Ichki ishlar bo‘limi uni ta’rif, kamera yozuvlari yoki guvohlar ko‘rsatmalari orqali topishga harakat qiladi. Bayonnomada albatta aybdor shaxs aniqlanmagani qayd etilgan bo‘lishi shart — bu sug‘urta to‘lovini olishda muhim.

Sug‘urta kompaniyasiga murojaat qiling

Buyog‘i sug‘urta turiga bog‘liq. O‘zbekistonda sug‘urtaning ikkita asosiy turi bor:

1. Ko‘ngilli avtosug‘urta (KASKO)

Agar KASKO rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ta’mirlash yoki zarar uchun to‘lov muammo bo‘lmaydi. Polis nafaqat YTH, balki o‘g‘irlik, yong‘in, tabiiy ofatlar, vandalizm va boshqa xatarlarni ham qoplaydi. Ba’zan shartnoma shartlariga ko‘ra avtomobilni almashtirish ham mumkin bo‘ladi — barchasi sug‘urta dasturi va mukofot miqdoriga bog‘liq.

KASKO — hodisada kim aybdor bo‘lishidan qat’i nazar, aynan sizning avtomobilingizni himoya qiladigan ko‘ngilli sug‘urta. OSAGOdan farqli ravishda, KASKO aybdor topilmagan vaziyatda ham mashinangizga yetgan zararni qoplab beradi.

Mashinaga shikast yetgan bo‘lsa nima qilish kerak


Sug‘urta kompaniyasiga qo‘ng‘iroq qiling. Kompaniya raqami polisda ko‘rsatilgan bo‘ladi.
Yo‘riqnomaga rioya qiling. Sug‘urta xodimi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun komissar yoki konsultant yuboradi.
Ma’lumotnoma oling. Aksariyat hollarda YHXX yoki IIBdan YTH yoki vandalizm holati to‘g‘risida ma’lumotnoma kerak bo‘ladi.
Hujjat tayyorlang. Odatda bayonnoma yoki qaror nusxasi, haydovchilik guvohnomasi, texpasport va KASKO polisi talab qilinadi.
Tekshiruvni kuting. Sug‘urta kompaniyasi mashinani ustaxonaga yuboradi yoki ta’mirlash xarajatini to‘laydi.

Agar sizda bir vaqtning o‘zida ham KASKO, ham OSAGO bo‘lsa, avval aybdorning OSAGOsi bo‘yicha sug‘urta puli olinadi, yetmagan summani esa KASKO qoplaydi. Masalan, zarar 20 mln so‘m bo‘lsa, OSAGO bo‘yicha 14 mln so‘m beriladi, qolgan 6 mln so‘mni esa KASKO to‘laydi.

KASKO qancha turadi

KASKO narxi avtomobilning bozor bahosi, tanlangan xatarlar va qo‘shimcha xizmatlarga bog‘liq. Odatda mukofot mashina qiymatining 1-3%igacha miqdorni tashkil etadi. Agar evakuator, texnik yordam, taksi yoki shinalarni almashtirish kabilar qo‘shilsa, narx oshadi.


KASKOning LITE, SMART va DELUXE paketlari. Narxlar va xizmatlar qanday paket tanlanishiga bog‘liq.

2. Majburiy avtosug‘urta (OSAGO)

Aksariyat haydovchilardagi kabi menda ham faqat majburiy sug‘urta bor edi va baxtga qarshi, uning amal qilish muddati allaqachon tugagandi.

To‘liq nomi — «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish».

OSAGO siz boshqalarga — inson, mashina yoki mulkka yetkazgan zararni qoplaydi. Sodda qilib aytganda, bu sug‘urta sizning mashinangizni emas, balki siz sababli jabrlanganlarni himoya qiladi.

OSAGO yordam beradi

Aybdor noma’lum bo‘lsa ham to‘liq kompensatsiya olish mumkin. Asosiysi – hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va sug‘urta kompaniyasini xabardor qilish. Hattoki KASKO yo‘q bo‘lib, zarar ko‘rgan bo‘lsangiz ham OSAGO bo‘yicha sug‘urta kompaniyangizga YTH haqida darhol xabar bering.

Bu ikkita sabab tufayli muhim:

— sug‘urta qoidalari shuni talab qiladi;

— buyog‘iga qanday harakat qilishni sug‘urta kompaniyasi aytadi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri muvofiqlashtirish

Qonun bo‘yicha haydovchi har qanday holatda sug‘urta kompaniyasini YTH haqida xabardor qilishi shart. Agar ikkala ishtirokchi ham sug‘urtalangan bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri muvofiqlashtirish mexanizmi amal qiladi:

siz o‘z sug‘urta kompaniyangizdan to‘lov olasiz, u esa aybdorning kompaniyasi bilan kelishib oladi.

To‘lov qancha vaqtni oladi

Ariza berilganidan keyin hujjatlar yig‘iladi, zarar baholanadi va qaror qabul qilinadi.

Qonunga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqishga 15 kalendar kun, to‘lov uchun yana 5 ish kuni ajratilgan.

Agar hujjatlar joyida bo‘lsa, kompensatsiyani bir oyga qolmasdan olish mumkin.

YHXBBda hujjatlar qanday rasmiylashtiriladi

Murojaatdan so‘ng YHXX xodimi avtomobilni ko‘zdan kechiradi, bayonnoma tuzadi, mashina esa vaqtincha jarima maydoniga joylashtiriladi.


Avtomobilning jarima maydoniga joylashtirilgani to‘g‘risidagi dalolatnoma. Hujjat mashina YTHdan so‘ng joylashtirilganini tasdiqlaydi.

So‘ngra ish YHXBB qidiruv bo‘limiga beriladi. Bu bo‘lim:


agar aybdor noma’lum bo‘lsa, jinoyat ishi ochadi;
baholash kompaniyasi hisobotini so‘raydi;
mashinani Adliya vazirligi huzuridagi H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga ekspertiza qilish uchun jo‘natadi.


YHXBBning ishni yopish to‘g‘risidagi qarori: YTH qatnashchilarini aniqlash imkoni bo‘lmadi, jabrlanuvchilar yo‘q.

Agar aybdor topilsa, u quyidagilarga majbur:


zararni to‘liq qoplash;
sud xarajatlarini to‘lash;
voqea joyidan qochishga uringani uchun qo‘shimcha jarima to‘lash .

YTH joyidan ketib qolish jiddiy qoidabuzarlik bo‘lib, aybdorni jarima va haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lish kutadi (zarar miqdoriga qarab).

Agar aybdor topilmasa, ish Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasiga topshiriladi.

Zararni mustaqil baholash: nima uchun kerak va qanday o‘tkaziladi

To‘lov miqdorida adashmaslik uchun mustaqil baholash xizmatidan foydalaning. Aybdor tomonning sug‘urta kompaniyasi ekspertizani o‘zi belgilaydi, ammo siz ham o‘z baholovchingizni chaqirish huquqiga egasiz. Agar zarar kam baholangan deb hisoblasangiz, o‘z ekspertiza xulosangizni sug‘urta kompaniyasi yoki sudga taqdim eting. Odatda bunday baholash xarajatlari sug‘urta to‘loviga kiritiladi.

Shikastlanish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qayd etib boring: evakuator xizmati, avtomobilni saqlash, ekspertiza. Bu sarf-xarajatlarni to‘lov talabnomasiga qo‘shishingiz mumkin. Agar ish sudgacha yetib borsa, cheklar va ekspert xulosalari zarar miqdorini isbotlovchi dalil bo‘ladi.

Kompensatsiya jamg‘armasi: agar aybdor topilmasa

Jamg‘arma arizani bir oy muddatda ko‘rib chiqadi. Agar qaror ijobiy bo‘lsa, sizga quyidagilar to‘lab beriladi:


baholash hisobotida ko‘rsatilgan zarar miqdori;
baholash kompaniyasi xizmati uchun to‘lov;
jarima maydoni uchun to‘lov.

Hattoki polis muddati o‘tgan yoki avtomobil hali sug‘urta qilinmagan bo‘lsa ham kompensatsiya to‘lanadi (O’RQ-155, 26-m., 2-b.).


YTHdan so‘ng kompensatsiya olish uchun Majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasiga ariza namunasi

Aybdor topilmasa ham kompensatsiya olishingiz mumkin — Majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi orqali. U aynan mana shunday: haydovchi jabrlangan, lekin aybdor topilmagan holatlar uchun tashkil etilgan.

Jamg‘armaga mablag‘lar sug‘urta kompaniyalaridan kelib tushadi — jabrlanganlarga zararni qoplab berish uchun sug‘urta mukofotining bir qismi shu yerga o‘tkaziladi.

Qancha pul olish mumkin

Kompensatsiya miqdori qonun bilan cheklangan — 40 mln so‘mgacha:


14 mln so‘mgacha — mulkka yetkazilgan zarar uchun (masalan, avtomobilga);
26 mln so‘mgacha — sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun.

To‘lov qanday olinadi


Hujjat to‘plang.
YTH to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tekshiruv akti, zararni baholash va IIBdan ma’lumotnoma kerak bo‘ladi.
Jamg‘armaga ariza bering.
Ayrim hollarda, agar zarar miqdori bahsli yoki aybdor zararni qo‘plashni istamasa, sud qarori kerak bo‘ladi.
Javobni kuting.
Hujjatlar ko‘rib chiqilganidan so‘ng Jamg‘arma bir oy ichida mablag‘ni o‘tkazib beradi. So‘ngra agar aybdor topilsa, u ushbu mablag‘ni Fondga qaytarishi shart bo‘ladi.

Agar sizda OSAGO polisi bo‘lmasa

Alohida holatni ko‘rib chiqamiz: mashinangiz shikastlangan, lekin sizdagi OSAGO polisi muddati o‘tgan yoki umuman rasmiylashtirilmagan. Bu kompensatsiya olishga xalaqit bermaydi — chunki to‘lovni yo aybdor tomonning sug‘urtasi yoki sizning KASKOingiz yoxud yuqorida aytilgan Jamg‘arma amalga oshiradi.

Ammo majburiy avtosug‘urta yo‘qligi uchun jarimaga tayyor turing. O‘zbekistonda OSAGO sug‘urtasisiz mashina haydash — ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi. Hujjatlar tekshirilganda (YHXX xodimlari buni yo‘l-transport hodisasi joyida albatta tekshiradi) sizga 375 ming so‘m miqdorida jarima solinadi.

Bundan tashqari, agarda yo‘l-transport hodisasiga siz aybdor bo‘lib, sug‘urta polisingiz bo‘lmasa, jabrlanuvchilar to‘lovni shaxsan sizdan talab qilishadi. Sug‘urta bo‘lmasa — zararni o‘z cho‘ntagingizdan yoki sud orqali to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Jamg‘arma esa boshida siz uchun to‘lov qilishi, ammo keyin sizdan ushbu mablag‘ni qaytarib olishi mumkin.

Izoh: agar mashina shunchaki turgan va uni boshqarmagan bo‘lsangiz ham OSAGOning yo‘qligi qoidabuzarlik deb hisoblanadi (mashina sotib olinganidan so‘ng 10 kun o‘tgach uni sug‘urta qilish talab etiladi). Minilmay shunchaki turgan mashina uchun ham sug‘urtasi bo‘lmasa jarima yoziladi.

Yakun

Hattoki mashinangizga turargohda shikast yetgan bo‘lsa va aybdor topilmasa ham hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirsangiz, to‘liq kompensatsiya olishingiz mumkin.

Asosiysi, tartibli harakat:


Mashinaga tegmang.
102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
Sug‘urta kompaniyasiga xabar bering.
Barcha hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtiring va sabr qiling.

Yodda tuting:

Sug‘urta — bu xotirjamligingizga kiritilgan investitsiya. O‘z vaqtida to‘langan kichik summa kelajakda sizni katta muammolardan saqlab qolishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident bir guruh tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlarini topshirdi

Published

on


Yig‘ilishda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirildi. Bu yilda 45 trillion so‘m, 2016 yilgidan esa 6 karra ko‘pdir.

Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.

Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.

«Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir», – dedi Prezidentimiz.

«Tibbiyotdagi o‘zgarishlarni qishloq va olis hududlarda yashayotgan millionlab odamlarimiz ham his qilyapti, xalqaro tashkilotlar, tahlil va reyting markazlari e’tirof etmoqda.

 Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

 Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi», – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan so‘ng Prezidentimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan insonlarga ana shu mukofotlarni topshirdi.

Ularning orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.

Davlatimiz rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat va ehtiromini izhor etdi.

 

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.