Iqtisodiyot

Meva-sabzavot eksportchilari uchun fitosanitariya nazorati yengillashadi

Published

on


O‘zbekistonda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish, nazoratni raqamlashtirish va qo‘shimcha yengilliklar berishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Qaror loyihasiga ko‘ra, o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida davlat xizmatlari samaradorligini oshirish, fitosanitariya nazoratini zamonaviy mexanizmlar asosida tashkil etish hamda tadbirkorlik sub’yektlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda 119 ta TIF TN kod ostidagi tovarlarni karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarish, tekshiruvlar sonini 30 foizgacha qisqartirish va o‘rta xavfli tovarlar bo‘yicha nazorat muddatini o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kunigacha kamaytirish belgilangan.

Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitariya nazoratida avtomatlashtirilgan xavflarni boshqarish tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali xavfi past tovarlar bo‘yicha karantin ko‘rigi dalolatnomasi avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi va yuklar qo‘shimcha jismoniy nazoratga yo‘naltirilmaydi.

Loyihada meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishdan eksportgacha bo‘lgan zanjirni takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishda karantin inspektorlariga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, eksportchilar va ularning vakillari maxsus onlayn platformalar orqali bepul o‘qitilib, malaka sertifikati oladi. Sifatsiz qadoqlangan, saralanmagan yoki xom uzilgan mahsulotlar esa fitosanitariya sertifikati olish imkoniyatidan mahrum qilinishi mumkin.

Qaror loyihasida yana bir muhim yangilik sifatida 2026–2028 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saralab, zamonaviy qadoqlab sotgan tadbirkorlarga qadoq xarajatlarining 50 foizigacha, ammo har bir qadoq uchun 6 ming so‘mdan oshmagan qismi qoplab berilishi nazarda tutilgan.

Ushbu choralar eksport jarayonlarini tezlashtirish, tadbirkorlar xarajatlarini kamaytirish, mahsulot sifati va jozibadorligini oshirish hamda mamlakatning eksport salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version