Jamiyat
Metropolitenda harakat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
Joriy yil 5-fevraldagi O‘RQ–1118-son qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Mazkur huquqbuzarlik mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisa, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish, mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, avtomobil transportida tegishli guvohnoma yonida bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashish, yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish, BHMning 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Jamiyat
mutaxassislar oila qurishdan oldin psixologik tayyorgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda
O‘zbekistonda ajrimlar soni ortidan asosiy savol yana kun tartibiga chiqmoqda: muammo oilalar buzilayotganidami yoki oila qurish jarayonining o‘zidami? Mutaxassislar fikricha, ajrimlar – bu ko‘p holatda oldindan yechilmagan psixologik, tarbiyaviy va munosabatlarga oid muammolar oqibati.
Psixologiya fanlari doktori, professor Xo‘jageldi Alimovning aytishicha, ko‘pchilik oilalarda nizolar va ruhiy bosim birinchi navbatda bolalar taqdiriga ta’sir qilmoqda. Bunda ajrimning o‘zi emas, unga olib kelgan muhit xavfliroq hisoblanadi.
“Bir sud jarayonida qatnashdim. Ikkita o‘g‘li bor, oila ajrashyapti. So‘z beryapti, so‘zda faqat bir-birini yomonlash bilan shug‘ullanyapti. O‘rtada bolaga hech kim qarayotgani yo‘q. Eng qizig‘i, yana u yerda ta’kidlashyaptiki: katta o‘g‘li shu janjallarning ichida yaxshigina, normal o‘sib kelayotgan 13-14 yashar bola duduq bo‘lib qolibdi. Xudo ko‘rsatyapti ularga: “Hoy, bu qilgan ishlaring uchun mana bu bola jazosini olyapti, ko‘rmayapsizlarmi?” Ularning ko‘zi ko‘rayotgani yo‘q. Nega? Chunki ular juda xudbin, faqat o‘zini o‘ylayapti. U bola ertaga stress bilan, norozilik bilan o‘sadi, turli-tuman ruhiy holatlarning buzilishi bilan o‘sadi va u ham kelajakda o‘sha oilaning buzilishiga sabab bo‘ladigan bir muhitda oila quradi”, deydi professor.
Alimovning ta’kidlashicha, muammoni ajrim paytida emas, oila qurilishidan oldin hal qilish kerak.
“Yangi oila qurayotgan yoshlarni psixologik ko‘rikdan o‘tkazish kerak. Masalan, ikkita xolerikning bir oilada yashashi. Ikkalasi ham janjalkash. Oldindan prognoz qilish mumkinki, bu oilada, albatta, janjal ko‘p bo‘ladi. Endi sodda qilib aytyapman, bu ancha murakkabroq. Psixolog o‘shalarni aniqlasin, ko‘rsin va ularga oldindan prognoz bersin: “Mana, sizlarning oilalaringda mana shunday muammolar chiqadi. Ikkalang ham xolerik ekansizlar, ikkalang ham janjalkash, salga sakrab ketar ekansizlar”, deb ko‘rsatishi kerak. Yangi oila barpo bo‘lishidan oldin bu jarayonni yo‘lga qo‘yish kerak”, deydi Alimov.
Mutaxassislar fikricha, hozirgi kunda nikohdan oldingi tayyorgarlik kurslari formal tusda qolmoqda. Yoshlar esa bu mavzularni jiddiy qabul qilmayapti.
“FHDYo organlarida oilaga tayyorgarlik kurslari tashkil qilingan. Lekin bormaydi o‘sha yoshlar, barmoq orasidan qarashadi. Chunki bu kurslar mexanizmlari, tomonlari mustahkam ishlab chiqilmagani uchun ommalashmayapti. Bu qonun bilan juda jiddiy qilinishi kerak. Hozir tibbiy ko‘rikdan o‘tish qonun kuchiga kirgan va o‘tmasdan turib nikohdan o‘ta olmaydi. Maktablarda psixolog shtatlari bor, lekin ular ham qog‘ozda ishlaydi. Shularga ham yo‘naltirilgan topshiriqlar berilsa, masalan, o‘sha yuqori sinflarda o‘qiydiganlar bilan individual ishlash. O‘sha bolalar bilsin o‘zi xolerikmi, melanxolikmi, flegmatikmi? Keyin u o‘shani bilib, ya’ni senga mana bunaqasi to‘g‘ri keladi, ertaga oila qurishingda shuni ahamiyatga olib yur, degan tavsiyalar berilsa, hozirgi yoshlarimiz bunaqa narsalarni rosa yaxshi eslab qoladi va ertaga hayotida shuni qo‘llaydi”, deydi huquqshunos Iroda Qahhorova.
Suhbat davomida mutaxassislar ajrimlar bilan kurashish faqat yarashtirish muddatini uzaytirish yoki sud jarayonlarini qiyinlashtirish bilan hal bo‘lmasligini ta’kidladi. Ularning fikricha, asosiy e’tibor oila qurishdan oldingi psixologik tayyorgarlik, munosabat madaniyati va yoshlarning ruhiy savodxonligini oshirishga qaratilishi kerak.
Jamiyat
Orolqumda 2 mln gektar maydonda o‘rmon yaratiladi
«OkDiario» nashri O‘zbekistonda Orol dengizining qurib qolgan qismida amalga oshirilayotgan yirik ekologik loyiha haqida maqola e’lon qildi. Unda mamlakat hukumati jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Orol hududini qayta tiklash dasturini amalga oshirayotgani qayd etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, ilgari dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi hozirda sho‘rlangan va ekologik jihatdan zaif hududga aylangan. Sovet davrida Amudaryo va Sirdaryo suvlarining paxta maydonlariga burilishi ekologik halokatni boshlab bergan.
Natijada dengiz suvi qariyb 90 foizga qisqargan, uning o‘rnida esa Orolqum cho‘li shakllangan. Qaqroq hududdan ko‘tarilayotgan sho‘r va zaharli chang aholi salomatligi hamda qishloq xo‘jaligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati va ilmiy jamoalar hamkorligida sobiq dengiz tubida o‘rmonlar barpo etish dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha millionlab gektar hududni qamrab oladi.
Xususan, Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari ham ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilingan. Dastur doirasida 1 million gektargacha maydonda daraxt ekish rejalashtirilgan.
Maqolada keltirilishicha, umumiy hisobda qurib qolgan dengiz tubida 2 million gektardan ortiq hududda o‘rmon tiklash ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar bu usul yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi eng samarali yechimlardan biri ekanini ta’kidlamoqda.
Maqolada qayd etilishicha, loyihaning asosiy maqsadi zarar ko‘rgan hududlarni barqaror ekologik makonga aylantirish, biologik xilma-xillikni tiklash va iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatishdan iborat.
Ta’kidlanishicha, yashil hududlar chang bo‘ronlarini kamaytirish, tuproqni mustahkamlash va aholi yashash punktlariga zararli moddalar tarqalishini cheklashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Orolni tiklash bo‘yicha tajribasini xalqaro maydonlarda ham ilgari surmoqda. Qozog‘iston bilan hamkorlikda Orol dengizining shimoliy qismini tiklash bo‘yicha qo‘shma ekologik loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.
Jamiyat
Toshkent ko‘chalarini yomg‘irdan so‘ng suv bosmasligi uchun qanday choralar ko‘riladi?
Joriy yilning 10-may kuni Toshkent shahrida kuchli yog‘ingarchilik natijasida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv to‘planishi holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.
Tegishli xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni yog‘ingarchilik miqdori 35 mm ni tashkil etgan. Bu miqdorning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan bo‘lib, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mm gacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mm gacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.
Shunday qilib, eng kuchli yomg‘ir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi bosh rejada nazarda tutilgan istiqboldagi hisob-kitob parametrlariga yaqin bo‘lgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch keldi.
Ayrim nuqtalarda kelayotgan suv hajmi bir vaqtning o‘zida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning o‘tkazuvchanlik quvvatidan oshib ketgan. Natijada bir qator hududlarda yomg‘ir suvi to‘planib qolgan.
Bundan tashqari, ayrim joylarda mahalliy omillar: suv oqizish elementlariga chiqindilar tiqilib qolishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargoh yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun to‘sib qo‘yilishi kabilar vaziyatni yanada murakkablashtirgan.
Oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etilib, joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan.
Ko‘rilgan choralar natijasida suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.
Hokimiyatning ma’lum qilishicha, har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda o‘rganilib, zarur choralar belgilandi. Xususan, quyidagilar ko‘rib chiqilmoqda:
5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish;
bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganib chiqish;
qo‘shimcha 3 ta dyuker (suv yoki yo‘llar ostidan o‘tuvchi quvur — tahr.) o‘rnatish;
bitta obyektda diametri 800 mm bo‘lgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni o‘rnatish;
qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;
6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;
tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish.
Ta’kidlanishicha, asosiy e’tibor yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, muammoli hududlarning o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish va kelgusida lokal suv toshishi xavfini kamaytirishga qaratiladi.
Jamiyat
Toshkentda ko‘cha bo‘yidagi drenaj ariqchasi beton bilan to‘ldirib tashlandi
Shayxontohur tumanidagi qurilish ishlari jarayonida suyuq beton qoldiqlari yo‘l yoqasidagi ariqchaga va piyodalar yo‘lagiga oqizib yuborildi.
Internetda tarqalgan videoga qaraganda, suyuq beton – yo‘l yoqasidagi drenaj ariqchasining to‘lib qolishiga olib kelgan.
Ekologiya boshqarmasi huquqbuzarga chora ko‘rdi. Aniqlanishicha, Shofayz ko‘chasida fuqaro B.A. suyuq qurilish chiqindilarini yo‘lning qatnov qismiga to‘kib yuborgan.
Foto: Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi
Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, hududni tozalash va chiqindilarni belgilangan tartibda bartaraf etish buyurildi.
Jamiyat
OKMKning xizmat avtomobili ikki o‘quvchini urib yubordi: ularning biri vafot etgan
Olmaliqda OKMKga tegishli xizmat avtomobili piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan ikki o‘quvchini urib yubordi. Ulardan biri vafot etgan. Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Olmaliq shahrida ikki nafar maktab o‘quvchisi ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, voqea 12 may kuni Amir Temur ko‘chasida yuz bergan.
Ma’lum qilinishicha, shahardagi 18-maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qiydigan ikki nafar 8 yoshli o‘quvchi piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan vaqtda ularni oq rangli pikap urib yuborgan. Jabrlangan bolalar shoshilinch tez yordam orqali shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limiga olib ketilgan. O‘quvchilardan biri vafot etgani, yana biri esa koma holatida ekani aytilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, hodisa sodir etgan avtomobil Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga (OKMK) tegishli xizmat avtomobili bo‘lgan.
Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati Kun.uz’ga holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Jizzaxda va Andijonda piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan bolalar transport vositalari urib yuborishi oqibatida vafot etgan edi.
-
Dunyodan5 days ago
AQSh sudi prezident Trampning tariflarini noqonuniy deb topdi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan xabar oldi
-
Jamiyat4 days agoYer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari uchrashdi
-
Siyosat4 days agoQozog‘iston prezidenti ham Moskvaga boradi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etmaydi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yana oshdi
-
Mahalliy5 days ago
Axborot urushi davrida g‘alaba xotirasini asrash: ekspertlar nima deydi?
