Sport
Menni Pakyao boksga qaytdi. Ilk jang manzili va sanasi ma’lum
Sakkiz vazn toifasida sobiq jahon chempioni, 46 yoshli Menni Pakyao professional boksga qaytmoqda. Katta tanaffusdan keyingi ilk jangini u amerikalik Mario Barriosga qarshi 19-iyulda Las-Vegasda o‘tkazadi. Bu haqda filippinlik boks afsonasi 21-may kuni ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.
«Men qaytdim. WBC jahon chempioni Mario Barriosga qarshi 19-iyulda Las-Vegasdagi MGM Grand arenasi ringiga ko‘tarilaman», — deb yozdi Pakyao.
30 yoshli Barrios professional ringda 29 marta g‘alaba qozongan, hisobida ikkitadan durang va mag‘lubiyat bor.
Menni Pakyao — sakkiz vazn toifasida chempion bo‘lgan yagona bokschi. Faoliyati davomida 62 marta g‘alaba qozonib (39 tasida nokaut), ikki jangida durang qayd etilgan.