Jamiyat
Meningit bilan bog‘liq vaziyat barqaror, ammo ehtiyot choralari muhim – Sanepidqo‘mita
So‘nggi kunlarda aholi orasida meningokokk infeksiyasi (meningit) bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik qo‘mita vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, meningokokk infeksiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham mavsumiy xususiyatga ega. Kasallanish holatlari, odatda, kuz va bahor oylarida, ayniqsa fevral-mart davrida ko‘proq qayd etiladi.
Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, epidemiologik vaziyat ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Barqarorlikni ta’minlash maqsadida profilaktik va sanitariya tadbirlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar to‘liq emlash bilan qamrab olingan bo‘lib, ular orasida kasallanish holatlari qayd etilmagan. Tibbiy qarshi ko‘rsatmasi bo‘lgan shaxslar esa shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika tadbirlari bilan ta’minlanmoqda.
Mutaxassislar kasallikning asosiy belgilariga e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlamoqda. Ular orasida yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, bo‘yin qotishi, ko‘ngil aynishi yoki qusish, yorug‘likka sezgirlik, xolsizlik va ayrim hollarda tanada toshma paydo bo‘lishi bor. Bolalarda esa tinmay yig‘lash, ovqat yemaclik, ortiqcha uyquchanlik yoki bezovtalik kuzatilishi mumkin.
Shu kabi alomatlar kuzatilgan taqdirda, fuqarolarga oilaviy shifokorlik punktlari, poliklinikalar yoki yuqumli kasalliklar shifoxonalariga zudlik bilan murojaat qilish tavsiya etiladi.
Kasallikning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish, ixtiyoriy emlanishdan o‘tish muhim. Shuningdek, haj va umra safariga chiqishdan oldin emlanish va safardan qaytgach ommaviy tadbirlarda ishtirokni vaqtincha cheklash tavsiya etiladi.
Ayni paytda respublika bo‘ylab barcha hududlarda vaksinatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda va aholini meningokokk infeksiyasiga qarshi emlash uchun yetarli zaxiralar yaratilgan (ixtiyoriy emlash punktlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin)
Mutaxassislar aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka, vaziyat barqarorligini inobatga olgan holda faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda.