Iqtisodiyot
Mazda Rossiyadagi aktivlarini qayta sotib olish imkonini birinchi bo‘lib yo‘qotdi
Yaponiyaning Mazda avtoshirkati RFni tark etgan xorijiy kompaniyalar ichida birinchilardan bo‘lib aktivlarini qayta sotib olish huquqidan mahrum bo‘ldi. Konsern shartnomada ko‘rsatilgan uch yillik opsiondan foydalanmadi.
Foto: Ruslan Yarotskiy / URA.RU
Yaponiyaning Mazda avtosanoat kompaniyasi Rossiyadagi o‘z aktivlarini qayta sotib olish huquqini yo‘qotgan tarmoqdagi birinchi kompaniyaga aylandi. Brend mashinalar ishlab chiqarish korxonasidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan 50 foiz ulushni qayta sotib olish huquqidan foydalanmadi — biznesni sotish shartnomasiga ko‘ra, bunda uning ixtiyorida uch yil muddat bor edi. Bu haqda 3 noyabr kuni Reuters agentligi xabar berdi.
Rossiyada Mazda’ga Vladivostokdagi yengil avtoulovlar ishlab chiqarish zavodining yarmi tegishli edi. 2022 yil oktyabrda brend o‘z ulushini ramziy 1 yevro evaziga biznesdagi hamkori — Rossiyaning Sollers kompaniyasiga sotgan. Hozir esa Sollers shartnomada mustahkamlangan uch yillik muddat ichida Mazda tomonidan «qayta sotib olish bo‘yicha hech qanday taklif yoki so‘rov olinmadi» deya ma’lum qildi. «Va hozirgi sharoitda bunga zarurat ko‘rmayapmiz», — deb qo‘shimcha qildi kompaniya.
Kompaniya vakillarining aytishicha, Mazda ketguncha yiliga 50 mingtagacha avtomobil ishlab chiqargan Vladivostokdagi zavod 2023 yilda qayta ishga tushirilgan. Endilikda korxona Sollers brendi ostida avtobuslar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda.
Rossiyani tark etish paytida ramziy narxga sotilgan aktivni qaytarish va qayta sotib olish imkoni nemis ishlab chiqaruvchilari kelishuvlarida ham nazarda tutilgan. Masalan, Henkel shunday yo‘l tutgan. Kompaniya o‘zining Rossiyadagi aktivlarini keyingi 10 yil ichida qayta sotib olish huquqiga ega. Henkel buni faqat Rossiya bilan munosabatlar sezilarli darajada yaxshilansa amalga oshirishga tayyor.
Shunga o‘xshash opsion 2023 yilda Rossiya hukumati tomonidan ma’qullangan Mercedes-Benz’ning Rossiyadagi biznesini sotish bitimida ham bo‘lgan. Nemis tomoni mustaqil baholashdan so‘ng bozor narxi bo‘yicha olti yil davomida aktivlarni qayta sotib olish imkoniyatini saqlab qolgan.
Iyul oyi o‘rtasida Rossiya OAV xabar berishicha, RF hukumati huzuridagi qonun loyihalari bo‘yicha komissiya Rossiyadan ketgan xorijiy kompaniyalarga o‘z biznesini qayta sotib olish bo‘yicha opsionlarni bekor qilish imkonini beradigan qonun loyihasiga tuzatishlarni qo‘llab-quvvatladi.
Hujjatga ko‘ra, qayta sotib olishga qo‘yilgan taqiqni aktivlarning yangi egasi ham, RFning tegishli vakolatli idoralari ham boshlab berishi mumkin. Qonun loyihasiga, shuningdek, prezident farmoni bilan xorijliklar tomonidan aksiyalarni qayta sotib olish huquqini to‘xtatish uchun qo‘shimcha shartlarni belgilash imkonini beruvchi punkt ham kiritildi.
Qayd etilishicha, yangi qoidalar asosan iste’mol sektoridagi kompaniyalarga — umumovqatlanish korxonalari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va savdo tarmoqlariga taalluqli bo‘ladi. Boshqa holatlarda yondashuv individual bo‘lib, xorijiy biznesning qaytishi shartlari Rossiya prezidentining alohida farmoni bilan belgilanadi.