Iqtisodiyot
may oyida narxlar qancha oshdi?
2026-yil may oyida iste’mol narxlari indeksi oylik hisobda 100,2 foizni tashkil qildi. Bu narxlar bir oyda o‘rtacha 0,2 foizga oshganini anglatadi. Shuningdek, yil boshidan buyon inflyatsiya darajasi 2,7 foizga yetgan bo‘lsa, yillik hisobda 5,5 foizni tashkil etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ancha past. Xususan, 2025-yil may oyida yillik inflyasiya 8,7 foizni tashkil etgan edi.
Meva-sabzavot mahsulotlari narxlari ta’siri hisobga olinmagan holda ham inflyatsiya nisbatan barqaror saqlandi. Bu holat narxlar o‘sish sur’atining sekinlashayotganini ko‘rsatmoqda.
May oyida eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar qatorida go‘sht mahsulotlari qayd etildi. Suyaksiz mol go‘shti narxi 3,6 foizga, suyakli mol go‘shti va qo‘y go‘shti esa 2,9 foizga oshdi.
Shuningdek, qiyma go‘sht 2 foizga, shakar 1,5 foizga, pasterizatsiya qilingan sut 1,1 foizga qimmatlashdi. Un va o‘simlik yog‘i narxlarida ham o‘sish kuzatildi.
Yillik hisobda qaralganda, qo‘y go‘shti narxi 22,8 foizga, suyaksiz mol go‘shti 20,5 foizga, suyakli mol go‘shti esa 19 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi.
Hududlar kesimida inflyatsiya ko‘rsatkichlari respublika o‘rtacha darajasidan keskin farq qilmadi. May oyida aksariyat viloyatlarda oylik inflyasiya 100,1–100,3 foiz oralig‘ida shakllandi.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatida sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflari oshirildi. Respublika bo‘yicha ushbu xizmatlar narxi o‘rtacha 0,8 foizga ko‘tarildi.
Uy-joyni ta’mirlash materiallari, ta’mirlash xizmatlari va ijara to‘lovlarida ham ma’lum darajada qimmatlashuv kuzatildi.