Jamiyat

Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa

Published

on


Qamashi tumanida sodir bo‘lgan fojia bir oilani farzand dog‘ida qoldirdi. Endigina uch yoshga to‘lgan Madina Zayniddinova ertalab o‘ynab-kulib bog‘chaga ketgandi. Oqshomga yaqin uning jonsiz tanasi onasiga topshirildi: Qizaloq bog‘chaga tashiydigan avtomashina ichida unutib qoldirilgan va soatlar davomida yopiq salonda qolib ketgan. U havo yetishmasligi va issiq urishi oqibatida vafot etgan.

Madina Zayniddinova tumandagi yakka tartibdagi tadbirkor Abdurahmon Ochilovga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi bo‘lgan.

Fotima Musulmonovaga ko‘ra, 4 iyun kuni ertalab qizini bog‘cha uchun xizmat qiluvchi KIA Carnival rusumli avtomashina olib ketgan. Transport vositasida haydovchi Aziz Ochilov va tarbiyachi Nodira Jo‘rayeva bo‘lgan.

Qizaloq har kuni ushbu tartibda bog‘chaga olib borilgan va kechqurun yana uyiga qaytarilgan.

Fotima Musulmonovaning aytishicha, soat 17:00 lardan keyin qizining kelmagani unda xavotir uyg‘otgan.

«Qo‘shnimizning bolalari kelgan, lekin mening qizim yo‘q edi. Bog‘chadagilarga qo‘ng‘iroq qila boshladim, telefonni ko‘tarishmadi. Keyin bilsam, qizim allaqachon shifoxonaga olib ketilgan ekan», deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, qizaloq bog‘chaga olib kelinganidan keyin avtomashina ichida qolib ketgan. Bolalar tushirilgandan keyin transport vositasi tashqi tomondan qulflangan va bog‘cha hovlisida qoldirilgan. Shu tariqa qizaloq bir necha soat davomida yopiq salonda qolib ketgan.

Otasi Doston Amonovga ko‘ra, voqeadan keyin ayrim qo‘shni bolalar bog‘chada hodisaning oqibatlariga guvoh bo‘lgan.

Bolalar avtomashina oynasi sindirilgani, qizaloqni chiqarib olishga urinishgani va kattalarning sarosimaga tushganini gapirib berishgan.

Ota hodisaga aloqasi bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ramoqda.

«Boshqa insonlar ham bizdek kuyib qolmasin. Holat bo‘yicha adolatli qaror chiqarilishini istaymiz», deydi u.

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur holatni Kun.uz’ga tasdiqladi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor Abdurahmon Ochilovga tegishli oilaviy nodavlat ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan bitim 10 iyun kuni bekor qilingan.

Ayni vaqtda mazkur muassasa faoliyati to‘xtatilgan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Qamashi tumanida 2023 yilda tug‘ilgan qizchaning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida 2026 yil 5 iyun kuni gumonlanuvchi sifatida avtotransport haydovchisi protsessual tartibda ushlangan. Ayni vaqtda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Qashqadaryoda xususiy bog‘chalar bilan bog‘liq bolalar o‘limi holati avval ham kuzatilgandi. Xususan, 2025 yil iyun oyida Koson tumanidagi xususiy bog‘chada 2,5 yoshli Zarina Izzatillayeva vafot etgandi. Qizaloqning yaqinlari bola avtomashina ichida qolib ketib, dimlanish oqibatida vafot etganini bildirgan va o‘shanda ham bog‘cha faoliyati to‘xtatilgandi.

Bir-biriga o‘xshash ikki fojia orasida bir yil ham o‘tmadi. Bu holat xususiy maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligi, ularni tashish tartibi va nazorat mexanizmlari qay darajada ishlayotgani haqida jiddiy savollarni yana kun tartibiga olib chiqmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version