Iqtisodiyot

Mart oyida so‘m kursi qanday o‘zgardi?

Published

on


O‘zbekiston milliy valutasi martni dollarga nisbatan 0,3 foizlik qadrsizlanish bilan yakunladi. Kursning o‘rtacha kunlik tebranishi 0,18 ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning may oyida valuta koridori kengaytirila boshlaganidan beri eng past ko‘rsatkich.

Mart oyida O‘zbekistonda dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 0,31 foizga yoki 38,53 so‘mga oshib, 12 172,18 so‘mdan 12 210,13 so‘mga yetdi. 

Oy davomidagi 19 ta savdo sessiyasining 12 tasida AQSh dollari so‘mga nisbatan mustahkamlangan bo‘lsa, 7 ta savdo sessiyasida teskari holat kuzatildi. Mart oyida dollarning eng minimum qiymati 16 mart kuni qayd etildi – 12 081,63 so‘m. 31 martga kelib dollar kursi oylik maksimum — 12 210,71 so‘mga yetdi.

Agar fevral oyi oxirida banklar dollarni 12 080 so‘mdan sotib olib, aholiga 12 130 so‘mdan boshlab sotgan bo‘lsa, 30 mart kuni xarid kursi 12 150 so‘m, sotish kursi esa 12 200 so‘mdan boshlandi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, fevral oyining so‘ngida Eronga boshlagan hujum dunyo iqtisodiyotidagi noaniqliklarni keskin oshirdi. Natijada, amerikalik investorlar boshqa davlatlarga investitsiyalarini kamaytirishi, shuningdek, AQSh qimmatli qog‘ozlari xavfsiz moliyaviy boshpana sifatida ko‘rilishi dollarning aksariyat valutalarga nisbatan mustahkamlanishiga olib kelgan.

Mart oyida tanlab olingan 39 ta valutadan faqatgina tengening dollarga nisbatan mustahkamlanishi kuzatilgan bo‘lsa qolgan barcha valutalar qadrsizlangan yoki o‘zgarishsiz qolgan. Oy davomida tenge dollarga nisbatan 3 foizga o‘z qiymatini oshirgan. Tengening mustahkamlanishi Eron urushi fonida neft narxining yuqori o‘sganligi bilan izohlanadi.

«Mart oyida so‘m dollarga nisbatan 0,3 foizga qadrsizlanib eng past qadrsizlangan valutalardan biri bo‘lgan. Shuningdek, yuqori neft narxiga qaramasdan rubl oy davomida 5,1 foizga qadrsizlangan. Bu Milliy jamg‘armadan valuta sotuvlari to‘xtatilgani va monetar siyosatning «yumshashda» davom etayotgani bilan izohlanishi mumkin. Bu davrda yirik valutalardan frank 2,9 foizga, iyena 2 foizga, yevro 1,6 foizga hamda funt 1 foizga qadrini yo‘qotgan», deya yozadi iqtisodchi.


Manba: Mirkonomika Telegram kanali

Mirkomil Xolboyevning qo‘shimcha qilishicha, yillar kesimida joriy yil mart oyidagi qadrsizlanish 2025 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan biroz yuqori shakllangan bo‘lsa-da, 2022-2024 yillarga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan.


Manba: Mirkonomika Telegram kanali

Mart oyida so‘m kursi tebranuvchanligi fevral oyiga nisbatan biroz qisqarib kunlik o‘rtacha 0,18 foizni tashkil etgan. Bu so‘m-dollar juftligida koridor kengaygan 2025 yil may oyidan buyon eng past ko‘rsatkich.


Manba: Mirkonomika Telegram kanali



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version