Jamiyat

Markaziy Osiyoning xalqaro ayol media-mutaxassislari Toshkentda to‘plandi

Published

on


Toshkentda II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Unda Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol media sohasi vakillari qatnashmoqda.

Bugungi axborot makonida mintaqaviy birdamlik jurnalistikaning rivoji uchun muhim omillardan biriga aylanmoqda. Turli hudud va davlatlardagi jurnalistlar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirish hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash axborotning tezkor va ishonchli yetkazilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqamli platformalar kengayib borayotgan sharoitda jurnalistlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish, shaxsiy ma’lumotlar va manbalarni himoya qilish dolzarb vazifadir.

Ayni paytda, «Mintaqaviy birdamlik, raqamli xavfsizlik va jurnalistikaning inklyuziv kelajagi» II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasida Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchi va ekspertlar raqamli xavfsizlik, sun’iy intellekt, gender standartlari hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC)  tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent ishlab chiqarish markazi, Milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondagi vakolatxonalari, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, YeXHTning Dushanbedagi dasturlar ofisi, YeXHTning Bishkekdagi dasturlar ofisi, YuNESKOning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonalari hamda Qirg‘iziston ijodiy industriyalar parki hamkorligidagi konferensiyadan Markaziy Osiyo media sohasidagi ayollar faoliyatiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb chaqiriqlar o‘rin olgan.

Shuningdek, raqamli zo‘ravonlik, dipfeyklar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan suiiste’mol qilishning boshqa shakllari, dezinformatsiya, kasbiy toliqish, ayollarning media-menejmentga kirib borishidagi g‘ovlar va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida barqaror kasbiy qo‘llab-quvvatlash borasida muzokaralar kechmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymanovaga ko‘ra, bundan ikki yil ilgari Markaziy Osiyo ayol jurnalistlarini birlashtirish zarurati tug‘ilgan.

«Bugun esa navbatdagi qadamni tashlash — mintaqaviy hamkorlikni kasbiy aloqalar hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning amaldagi tizimiga aylantirish muhimdir. Media sohasidagi ayollar qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, bir-biriga juda o‘xshash chaqiriqlarga — raqamli ta’qib va kasbiy bosimdan tortib, sun’iy intellekt olib kelayotgan shiddatli o‘zgarishlargacha bo‘lgan muammolarga duch kelishmoqda. Boshga tushayotgan bu chaqiriqlarga esa birgalikda javob berish ancha samaraliroqdir», — deya ta’kidlaydi Saida Sulaymonova.

Shtat va tahririyatlar ishida sun’iy intellektning ta’siri konferensiyaning markaziy mavzularidan biriga aylandi. Ekspertlar va ishtirokchilar tahririyat faoliyatida SIdan foydalanishning etik tamoyillari, uning axborotni tahlil qilish hamda jurnalistik surishtiruvlardagi imkoniyatlari, shuningdek, sintetik kontent va dipfeyklarning tarqalishi hamda axborot manipulyasiyasining yangi shakllari bilan bog‘liq muhokamalar qizg‘in kechdi.

Aytish joizki, dasturning salmoqli qismi raqamli xavfsizlik hamda kasbiy barqarorlik masalalariga bag‘ishlandi.  Markaziy Osiyo mediasida ayol jurnalistlar va media mutaxassislarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Shunga qaramay, ularning rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilishi, muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishida turli to‘siqlar uchraydi. «Shisha shift» atamasi ana shu ko‘zga ko‘rinmas, biroq, kasbiy o‘sishni cheklaydigan to‘siqlarni anglatadi. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun ayollarning professional salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlar yaratish va rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim.

«Amaliy sessiyalarda ishtirokchi ayollar akkauntlar va ma’lumotlarni muhofaza qilish vositalari bilan ishlaydilar, onlayn-hujumlar ssenariylarini tahlil qiladilar hamda tezkor kasbiy yordam ko‘rsatishning ehtimoliy mexanizmlarini muhokama etadilar. Ayol jurnalistlar OAV voqealarni haqiqatda bo‘lgani kabi aks ettirishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. «Shisha shift»ni yengib o‘tayotgan ayollardan ko‘pincha murakkab yoki notinch sharoitlarda ham muvaffaqiyatga erishish kutiladi. Haqiqiy tenglik muntazam mentorlik, institutsional qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli investitsiyalarni talab qilgani bois, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasidagi mustaqil OAVni o‘qitish dasturlari, jumladan, gender-sezgir jurnalistika va jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha, shuningdek, jurnalistlar uchun grant va stipendiyalar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda»,-dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version