Siyosat

Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar

Published

on


BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish” to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi mintaqa uchun muhim siyosiy voqea sifatida baholanmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur hujjat Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va umumiy taraqqiyot maqsadlarini birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl ushbu tashabbusni mintaqa xalqlari manfaatiga xizmat qiladigan muhim qadam deb atadi. Uning ta’kidlashicha, rezolyutsiya Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorlikka sodiqligini yana bir bor namoyon qildi. Hujjatning 66 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangani esa xalqaro hamjamiyatning mintaqaga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Rezolyutsiyada innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash muhim vazifalar sifatida belgilangan. Shuningdek, transport, savdo, energetika va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochilishi qayd etilmoqda.

Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlikni kuchaytirishga alohida urg‘u berilgan. Bu iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, migratsiya va oziq-ovqat xavfsizligi kabi umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatini kengaytiradi.

Shu bilan birga, rezolyutsiya qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash orqali uzoq muddatli barqarorlik va farovonlikni ta’minlash muhimligini ta’kidlaydi. Kuzatuvchilar fikricha, so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida shakllanayotgan o‘zaro ishonch muhiti aynan shunday xalqaro tashabbuslar samarasini ko‘rsatmoqda.

Hujjatning yana bir muhim jihati — BMTning ixtisoslashgan agentliklari, jamg‘armalari va dasturlarini Markaziy Osiyo davlatlarining ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirishga chaqirishi hisoblanadi. Bu esa iqtisodiy integratsiya va barqaror taraqqiyotga qaratilgan dasturlarni yanada samarali amalga oshirish imkonini berishi kutilmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version