Iqtisodiyot
Markaziy bank raisiga birdaniga uchta o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Nodirbek Muhammadievich Achilov — Markaziy bank Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. N. Achilov bunga qadar Monetar operatsiyalar departamentiga rahbarlik qilgan.
Sanjar Salaydinovich Nosirov — Markaziy bank Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha S. Nosirov Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti rahbari lavozimida ishlagan.
Nusratulla Nigmatullaevich Fazilov — Markaziy bank Raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. N. Fazilov ilgari Banklarni prudensial nazorati departamentiga rahbarlik qilgan.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarni tekshirishning yangi tartibi belgilandi
O‘zbekistonda raqobat sohasida tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirish jarayonida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, xavf darajasi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Adliya vazirligi Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xomashyo birjalari, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Natijaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Ayni vaqtda, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Iqtisodiyot
Endi kino sohasidagi tadbirkorlar xavf darajasi bo‘yicha baholanadi
Kinematografiya sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari endi «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi orqali xavf darajasi bo‘yicha baholanadi. Yangi tartib tekshiruvlarni xavf darajasiga qarab tashkil etish va nazorat jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutadi.
Madaniyat vazirining buyrug‘i bilan Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish tartibi tasdiqlandi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Nizomga muvofiq, tizim tadbirkorlik sub’yektlarida qonunchilik talablari buzilishi xavfini avtomatik tarzda baholaydi. Buning uchun davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi. Bunda tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Elektron tizimda baholash «ball» tizimi asosida amalga oshiriladi va tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta yoki past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Shu bilan birga, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi. Xavf tahlili jarayoni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi va uning faoliyatiga bevosita aralashuvga sabab bo‘lmasligi belgilangan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda aholi jon boshiga YaIM hajmi 11,7 mln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 11,7 million so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 6,7 foizga oshgan.
So‘nggi yillarda aholi jon boshiga YaIM hajmi izchil o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda:
2022-yil — 5,3 mln so‘m;
2023-yil — 6,3 mln so‘m;
2024-yil — 7,5 mln so‘m;
2025-yil — 9,9 mln so‘m;
2026-yil — 11,7 mln so‘m.
Shu tariqa, so‘nggi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi qariyb 2,2 barobarga oshdi.
Iqtisodiyot
Qaysi davlatlar eng katta valuta zaxirasiga ega?
Dunyodagi eng yirik valuta zaxiralariga ega davlatlar reytingida Osiyo mamlakatlari mutlaq ustunlik qilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik o‘nta zaxira egasining yettitasi aynan Osiyoda joylashgan bo‘lib, ular jahon valuta zaxiralarining qariyb uchdan ikki qismiga egalik qiladi.
Bugungi kunda eng katta valuta zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxatiga nazar tashlansa, uning shakllanishiga qariyb 30 yil avval yuz bergan Osiyo moliyaviy inqirozi katta ta’sir ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.
1997 yildagi Osiyo moliyaviy inqirozi xorij kapitaliga haddan tashqari qaramlik bozor beqarorligi davrida qanchalik xavfli ekanini yaqqol namoyon etdi. Shu voqeadan so‘ng ko‘plab davlatlar tashqi iqtisodiy xatarlarga qarshi himoya sifatida xalqaro valuta zaxiralarini faol to‘play boshladi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning International Reserves and Foreign Currency Liquidity (IRFCL) bazasiga kiritilgan, 2025 yil o‘rtalaridan 2026 yilning ikkinchi choragigacha bo‘lgan ma’lumotlar davlatlarning oltin hisobga olinmagan valuta zaxiralari bo‘yicha reytingini aks ettiradi.
Tahlillarga ko‘ra, reytingning eng muhim xususiyati — Osiyo mamlakatlarining ustunligidir. Eng yirik o‘nta valuta zaxirasiga ega davlatning yettitasi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davlatlar jahon valuta zaxiralarining taxminan uchdan ikki qismini nazorat qiladi.
Mutaxassislar bu holatni o‘nlab yillar davomida eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy rivojlanish, tashqi savdodagi barqaror ijobiy saldo hamda davlatlar tomonidan iqtisodiyotni tashqi xatarlardan himoya qilish maqsadida yirik moliyaviy zaxiralarni shakllantirish siyosati bilan izohlaydi.
Valuta zaxiralari nima uchun kerak?
Valuta zaxiralari mamlakat uchun o‘ziga xos «moliyaviy xavfsizlik yostig‘i» vazifasini bajaradi. Zarur holatlarda markaziy banklar ushbu mablag‘lardan milliy valutani keskin qadrsizlanishdan himoya qilish, muhim import mahsulotlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tashqi davlat qarzlarini qoplash hamda sarmoyadorlar ishonchini saqlab qolish uchun foydalanadi.
Zaxiralar qancha katta bo‘lsa, mamlakat tashqi iqtisodiy inqirozlarga xalqaro moliyaviy yordamsiz mustaqil qarshi tura olish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.
Yirik valuta zaxiralari davlatlarga tashqi iqtisodiy zarbalarni yengilroq yengib o‘tish va moliya bozorlaridagi beqarorlik sharoitida investorlar ishonchini saqlab qolish imkonini beradi.
Biroq bunday zaxiralarni saqlashning ham o‘z qiymati bor. Chunki bu mablag‘lar odatda xavfsiz, ammo daromadliligi past bo‘lgan davlat obligatsiyalariga yo‘naltiriladi. Natijada ushbu resurslar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga sarflanmay qolishi mumkin.
Shu bois iqtisodchilarning ta’kidlashicha, hukumatlar moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rtasida muvozanatni saqlashi lozim.
Iqtisodiyot
tadbirkorlarning 67 foizi iqtisodiyot istiqboliga ishonch bildirdi
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan 2026-yil I choragi uchun «Biznes kayfiyati sharhi» natijalariga ko‘ra, mamlakatda tadbirkorlarning biznes muhiti va iqtisodiy istiqbollarga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Hisobotga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 60 foizi biznes yuritish shart-sharoitlari yaxshilanganini qayd etgan. Ayniqsa, ta’lim, umumiy ovqatlanish, aloqa va axborot, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalarida biznes muhiti sezilarli darajada yaxshilangani ta’kidlangan.
Tadbirkorlar biznes rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar sifatida:
bank xizmatlari sifati;
kredit olish imkoniyatlari;
raqobat muhiti;
litsenziya olish jarayonlarining soddalashganini qayd etgan.
Shuningdek, hisobotda buyurtmalar hajmi oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 56 foizga yetgani qayd etilgan. Qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan talab bo‘yicha ijobiy baholar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foiz bandga oshgan.
Energiya iste’moli oshganini bildirgan respondentlar ulushi esa aksincha 15 foiz bandga kamayib, 45 foizni tashkil etgan.
Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri sifatida, so‘rov ishtirokchilarining 67 foizi kelgusi uch yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti va biznes muhiti yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan.
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat5 days agoAshraf Xo‘jayev O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Mahalliy5 days ago
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
