Iqtisodiyot
Malayziya O‘zbekistonda “aqlli” fermer xo‘jaliklari yechimlariga sarmoya kiritadi
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Malaysian Resources Corporation Berhad (MRCB) kompaniyasi boshqaruv direktori Imran Salim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda transport infratuzilmasi, turar joy va biznes obektlarini qurish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va davlat-xususiy sherikchilik dasturlarida qatnashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Imran Salimning aytishicha, MRCB Malayziyaning yetakchi qurilish va ko‘chmas mulkni rivojlantirish kompaniyalaridan biri sifatida davlat-xususiy sherikchilik asosida mamlakatda ko‘plab transport infratuzilmasi, turar joy va biznes obektlarini qurib kelmoqda.
Malayziya tomoni O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va suv ta’minoti infratuzilmasini yangilashga bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, temiryo‘l liniyalari va infratuzilmasini modernizatsiya etish, qishloq xo‘jaligi sohasida mahsuldorlikni oshirish va “aqlli” fermer xo‘jaliklari yechimlari, qayta tiklanadigan energiya, jumladan chiqindilarni energiyaga aylantirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish kabi loyihalarda qatnashish va sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, Malayziyada ko‘plab davlat-xususiy sherikchilik loyihalarini amalga oshirishda orttirilgan tajribaga asoslanib, mamlakatimizdagi davlat-xususiy sherikchilik dasturlarida ishtirok etish istagi bildirildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Hindiston bilan biznes aloqalarni faollashtirishga kirishdi
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) bosh direktori Jyoti Vij bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, muzokaralar davomida aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Elchi mazkur yig‘ilish doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida biznes-forumlar tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tadbirlarda ikki mamlakatning yetakchi tadbirkorlari ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Jyoti Vij FICCI tomonidan nufuzli hind biznes-delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, aprel oyining birinchi yarmida hind kompaniyalari hamda O‘zbekistonning manfaatdor vazirlik va tarmoq tashkilotlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, FICCI Hindistonning eng yirik biznes-assotsiatsiyalaridan biri bo‘lib, 250 mingdan ortiq kompaniyani birlashtiradi hamda mamlakat hukumati bilan iqtisodiy siyosat va investitsiya masalalarida yaqin hamkorlik qiladi.
Iqtisodiyot
British Petroleum O‘zbekiston energetika bozoriga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov British Petroleum transmilliy kompaniyasining xalqaro rivojlanish departamenti rahbari Maykl Denison bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, muloqot davomida Britaniya kompaniyasi vakili joriy yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya hamda BP rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, keng ko‘lamli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratgan.
Britaniya tomoni energetika sohasida, xususan, uglevodorod resurslarini qidirish va qazib olish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan tizimli va uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, bunday hamkorlik O‘zbekistonning investitsiya muhitini yanada yaxshilash va mamlakat energetika salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BP delegatsiyasining V Toshkent xalqaro investitsiya forumida yuqori darajada ishtirok etishga tayyorligi ma’lum qilindi. Tomonlar ushbu maydon ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish va yangi investitsiya kelishuvlarini ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi dunyodagi yirik korxonalar qatoridan joy oldi
Germaniyaning Deutsche Allgemeine Zeitung nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Nashrda misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga yetishi ta’kidlangan. Molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, suhbat chog‘ida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot5 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hindistondan qo’lga olingan tankerni ozod qilishni talab qildi
