Siyosat
Maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalari tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish hamda insonlar hayotini yengillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
So‘nggi yillarda raqamlashtirish sohasining mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’siri sezilarli darajada oshgan. Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8 foizga o‘sib, mazkur ko‘rsatkich YaIM o‘sish sur’atlaridan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa tarmog‘ida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirgi kunda sohada 11 ming 900 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.
Shu bilan birga, hozirda sun’iy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshgan.
Bunday loyihalar samaradorligini ta’minlash uchun 24 million dollarlik GPU-klasterga ega sun’iy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan. Yil yakunigacha qo‘shimcha hisoblash quvvatlarini kengaytirish uchun yana 45 million dollarlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ta’kidlanganidek, endi bu infratuzilmadan to‘g‘ri va samarali foydalanish, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yechimlar bilan bog‘lash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod ma’lumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sun’iy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi. Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvchilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytirish, davlat boshqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qilish sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni yuksaltirish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, sog‘liqni saqlashda insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘rik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish; qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarning xabardorligini ta’minlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish; transport sohasida yo‘l qoplamalari va temir yo‘l infratuzilmasini monitoringini o‘tkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, «aqlli» transport tizimlarini rivojlantirish; qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.
Infratuzilmani rivojlantirish bilan birga mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash va aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda mamlakatimizda startaplar soni 950 taga yetgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,5 foizlik o‘sishni anglatadi. Venchur fondlarning soni 22 taga yetib, ekotizim qiymati esa 4,3 milliard dollar deb baholanmoqda. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi 132 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi.
Joriy yildan boshlab startaplar bo‘yicha Prezident tanlovining mukofot jamg‘armasi AT yo‘nalishida 5 million dollarga oshirilgani, sun’iy intellekt yo‘nalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek,«President AI Award»ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, «yashil iqtisodiyot» va agrotexnologiyalar kabi 5 yo‘nalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini ta’minlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop xizmatlar ko‘lamini oshirish va startaplarning o‘sish nuqtalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sun’iy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 200 million dollarni tashkil etib, uni 2027-2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda raqamli ta’limni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
«5 million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.
Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi ma’nan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi. Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan ta’minlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT-Park rezidentlariga yo‘naltirish taklif etildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi va tartibga solish sohasidagi ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Keyingi yillarda aholi maskanlarining telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrovi 41 foizdan 98 foizga yetgan, umumiy internet o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshib, 4,4 ming gigabit/sekundga chiqqan. Teleradiokommunikatsiya bozorini tartibga solish, xizmatlar sifatini monitoring qilish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida alohida agentlik tashkil qilingani qayd etildi.
Taqdimotda telekommunikatsiya bozorini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion so‘mga yetkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, shuningdek, axborot xavfsizligini kuchaytirish maqsadida har ikki yilda bir marta to‘liq IT-audit o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sun’iy intellekt va raqamlashtirish bugungi kunda faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
