Iqtisodiyot
Litva Kaliningradga tranzitni cheklash masalasini ko‘rib chiqadi
Litva prezidenti Gitanas Nauseda kontrabandachi aerostatlar mamlakat havo hududiga muntazam kirib kelayotgani sababli Kaliningrad viloyatiga tranzitni cheklash va Belarus bilan chegarani uzoq muddatga yopishni taklif etdi. Davlat rahbarining mazkur bayonotini yakshanba, 26 oktyabr kuni «Boltiq axborot xizmati» (BNS) e’lon qildi.
Foto: Mixail Golenkov/RIA Novosti
«Prezident so‘nggi kunlardagi hodisalar va aeroport ishidagi uzilishlarni Litvaga nisbatan gibrid hujum deb baholaydi, unga simmetrik ham, asimmetrik ham choralar bilan javob qaytarish zarur», — deydi prezident vakillari. Ularning ta’kidlashicha, hukumat yaqin kunlarda ehtimoliy chora-tadbirlarni taklif etadi.
«Ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan variantlar orasida Belarus bilan chegarani uzoq muddatga yopish va Kaliningradga tranzitni cheklash ham bor», — deya qo‘shimcha qildi devon. Kutilishicha, Nauseda ushbu choralarni 28 oktyabr kuni idoralararo yig‘ilishda muhokama qiladi.
Belarusdan uchirilayotgan meteozondlar YeIning qo‘shni mamlakatlari havo hududiga muntazam kirib kelmoqda — faqatgina 2025 yil boshidan Litva bunday 500 ta holatni qayd etdi. Chegarachilar Latviya va Polshada ham kontrabanda sigareta yuklangan sharlarni aniqlamoqda.
Litva uchun muammo shundaki, meteozondlar bevosita Vilnyus aeroportiga yaqinlashmoqda — shu sababli u yerda bir necha soatgacha amal qiladigan parvoz cheklovlari joriy etilmoqda. Faqat oktyabr oyining o‘zida bu choralarga aeroport to‘rt marta murojaat qildi, shulardan uchtasi — so‘nggi hafta ichida. Zondlar sabab Kaunas — mamlakatning ikkinchi yirik shahri — aeroporti ham ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Litva hukumati sodir bo‘layotgan holat uchun javobgarlikning bir qismini Belarus hokimiyatining harakatsizligiga yuklamoqda — ular kontrabandachilarga to‘siq qo‘ymayapti, deb ta’kidlagan edi avvalo bosh vazir Inga Ruginene. Shu fonda mamlakat Belarus bilan chegarada ayrim nazorat-o‘tkazish punktlarini vaqtincha yopgan.