Iqtisodiyot
Kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 5 foizga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda kreativ iqtisodiyot ko‘plab davlatlarda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biriga aylanmoqda. Jahon yalpi ichki mahsulotining 3-7 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda 2024-yilda kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion so‘mni tashkil etgan, eksport hajmi esa 770,6 million dollarga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi band.
Aholining 60 foizdan ortig‘i yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy merosimiz boyligi ushbu sohada “katta sakrash” qilish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Shu maqsadda 2024 yilda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yaratilgan edi. Kreativ industriya parki ta’sis etilib, uning rezidentlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi. Jumladan, daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. Sohadagi tadbirkorlarga bir qator boshqa imtiyozlar ham berildi.
Mana shu chora-tadbirlar hisobiga 2030 yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trillion so‘mga yetkazish, eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.
Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-ob’yektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.
Nukusdagi kreativ park loyihasining e’tiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy paviloni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.
Yurtimizdagi madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.
Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi ta’mirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini o‘tkazish bilan cheklanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan bo‘lib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – ta’lim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yo‘nalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va to‘garaklar tashkil etiladi.
Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida An’anaviy san’at oliy maktabini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu oliy maktab kulolchilik va g‘isht terish, manzarali bezak, yog‘och o‘ymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027-yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031-yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini YuNESKO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini ta’kidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli ta’minlashga ko‘rsatma berdi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Iqtisodiyot1 day ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
