Iqtisodiyot
Korxona va tashkilotlarda ayrim shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxirasi yaratiladi
1 sentabrdan e’tiboran bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari yuborgan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi. Ish beruvchilardan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida hisobot berish majburiyati ham olib tashlanadi. Buning o‘rniga, beshta toifa shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxirasini shakllantirish talabi qo‘yilmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik 2025 yil 1 sentabrdan bekor qilinadi.
Shu sanadan e’tiboran, bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish talabi ham bekor qilinadi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Majburiy zaxiralash xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi hamda xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur.