Jamiyat
«Kichik Nayman»da suyultirilgan gaz muammosi hanuz yechimini kutmoqda
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi «Kichik Nayman» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh aholi nomidan «Xabar.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi.
Unda jiddiy ijtimoiy muammolar, xususan, aholining kundalik turmush tarziga bevosita daxldor bo‘lgan suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar bugungi kunda odamlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ygani tilga olingan.
Murojaatda ta’kidlanishicha, mahalla aholisiga har 45 kunda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan suyultirilgan gaz balonlari 106 kun deganda, ya’ni 3 oydan ziyod vaqt o‘tib yetib kelgan. Tartib bo‘yicha gaz balonlari o‘z vaqtida to‘ldirilmagani sababli, xonadonlardagi ikkita balon ham butunlay bo‘shab qolgan. Biroq «Pastdarg‘omtumangaz» xodimlari kelgan vaqtda aholining faqatgina bittadan gaz balonini almashtirib bergan, xolos. Navbatdagi ta’minot yana 100 kundan keyin kelishi inobatga olinsa, bitta gaz baloni xonadon ehtiyojlariga mutlaqo yetmasligi tayin.
Bunday uzoq muddatli uzilishlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yosh bolali oilalar uchun haqiqiy sinovga aylanmoqda. Tabiiy gaz yo‘qligi sababli, aholi qish mavsumi uchun g‘amlab qo‘ygan o‘tinlarini yoz kunlaridayoq o‘choqqa yoqishga majbur bo‘lyapti. Keksalarga issiq choy, yosh chaqaloqlarga kuniga bir necha bor sutli bo‘tqa (kasha) tayyorlash kerak bo‘lgan oilalar ayni damda juda qiynalmoqda, deyiladi.
Bundan tashqari, iste’molchilar «Pastdarg‘omtumangaz» xodimlarining xatti-harakatlaridan ham norozi bo‘lishmoqda. Ma’lum qilinishicha, xodimlar bir dona suyultirilgan gaz baloni uchun belgilangan 40 ming so‘m o‘rniga aholidan noqonuniy ravishda 45 ming so‘mdan pul yig‘ib olishmoqda. Kamiga, tarqatilayotgan gaz balonlarining aksariyati eski va me’yoridan kam to‘ldirilgan bo‘lib, ularni tortib ko‘rish uchun maxsus yuk mashinalarida bo‘lishi shart bo‘lgan o‘lchov tarozilari umuman ishlamaydi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu mahalla aholisi 2026-yilning 18-fevralida ham gaz balonlari o‘z vaqtida yetkazilmayotganidan norozi bo‘lib tahririyatimizga murojaat yo‘llagandi. Qishdan chiqdik, bahor o‘tdi, yoz boshlanib ketdi — muammo o‘sha-o‘sha.
Aholining jiddiy e’tirozi va haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan ushbu og‘ir vaziyat yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan, xususan, viloyat va tuman gaz ta’minoti korxonalari hamda nazorat organlaridan tezkor amaliy choralar va rasmiy izoh kutib qolamiz.