Sport
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
«Manchester City» O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bilan yangi besh yillik shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, futbolchi klub safida 2031 yilgacha to‘p suradi.
Husanov Angliya klubiga 2025 yil yanvar oyida kelib qo‘shilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. 2025/26 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida u Mark Geyi bilan markaziy himoyada ishonchli tandem hosil qilib, jamoaning so‘nggi 19 ta APL uchrashuvidan 16 tasida maydonga tushdi. Shuningdek, Angliya kubogi va Liga kubogi finallarida ham muhim rol o‘ynadi, deyiladi klub matbuot xizmatining xabarida.
Ta’kidlanishicha, 22 yoshli himoyachi «Manchester City» safida atigi 47 ta o‘yin o‘tkazganiga qaramay, yuqori tezligi va samarali himoyaviy harakatlari bilan Premyer-liganing eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etildi. U, shuningdek, klubning 2025/26 yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun nomzodlar uchligidan ham joy olgan edi.
Bundan tashqari, Husanov O‘zbekiston terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi yo‘lida ham muhim hissa qo‘shdi.
Yangi shartnoma imzolangach, Abduqodir Husanov klubda qolayotganidan mamnunligini bildirib, «Manchester City»da har kuni rivojlanayotganini ta’kidladi.
«Bu men va oilam uchun juda quvonchli kun. Manchesterga kelganimdan buyon har bir lahzadan zavq oldim va futbolchi sifatida ko‘p narsani o‘rgandim. Endi yangi vazifam — Enso Mareska va uning murabbiylar shtabiga o‘zimni namoyon etish hamda jamoada muntazam o‘rin egallash. Muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat. Endi bor e’tiborim klub muvaffaqiyati uchun bor kuchimni berishga qaratilgan», — dedi Husanov.
Klubning futbol bo‘yicha direktori Ugu Viana esa Husanovning Angliyaga kelganidan buyon rivojlanishidan mamnun ekanini bildirib, uning jahon darajasidagi markaziy himoyachiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchining eng yaxshi yillari hali oldinda va u Enso Mareskaning rejalarida muhim o‘rin tutadi.