Jamiyat
Katta Chimyon tog‘ida oyog‘i lat yegan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan fuqarolardan biri oyog‘idan jarohat olib, mustaqil harakatlana olmay qoldi. Hodisa joyiga yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari unga amaliy yordam ko‘rsatib, xavfsiz hududga olib chiqdi.
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqidagi xabar kuni kecha soat 16:35 da 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish uchun chiqqan uch nafar fuqarodan birining oyog‘i lat yegani oqibatida u mustaqil harakatlana olmay qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Xabar olinishi bilan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan.
Qutqaruvchilar jarohatlangan fuqaroga zarur amaliy yordam ko‘rsatib, uni xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda fuqaroning ahvoli yaxshi.