Jamiyat
Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga nafaqa va yordam 6 oyga tayinlanadi
Qaror bilan “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, kambag‘allik chegarasidagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam mazkur toifaga kiritilgan (o‘tkazilgan) oydan keyingi 6 oy uchun tayinlanadi.
Nizomda belgilanishicha, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza davlat xizmatlari markazi yoki ijtimoiy xodim orqali topshiriladi. Shuningdek, “YaMIH” axborot tizimi, YaIDXP yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda murojaat qilish ham mumkin.
Har bir oila oyiga 1 marta bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilishi mumkin. Oyning 16-sanasigacha taqdim etilgan arizalar shu oyda, 16-sanadan keyin berilgan murojaatlar esa keyingi oyda ko‘rib chiqiladi.
Agar nafaqa yoki moddiy yordam tayinlashni rad etish uchun asoslar aniqlanmasa, to‘lov ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oydan “Yagona reyestr” axborot tizimida avtomatik tarzda tayinlanadi va to‘lanadi.
Shuningdek, “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila” toifasidagi oilalarga nafaqa va moddiy yordam ular mazkur toifadan chiqquniga qadar tayinlanishi qayd etildi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori esa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.