Jamiyat

Kafedagi janjal o‘lim bilan tugadi. Aybdor bittami yo bir nechta?

Published

on


23 yoshli Abdurasul Ahmadjonov asosiy ishidan qaytgach, kechki payt Farg‘ona shahridagi kafelardan birida ofitsiantlik qilayotgan edi. 12 aprel kuni 21:10 lar chamasi u va xo‘randa(lar) o‘rtasida janjal chiqadi, oqibatda ofitsiant reanimatsiyaga yotqizilib, keyinroq vafot etadi.

Marhumning onasi faqat bir kishi javobgarlikka tortilayotganidan shikoyat qilib, Kun.uz’ga murojaat qildi. U baquvvat farzandini bir necha kishi tepkilagan deb hisoblayapti. Ammo guvohlar buni rad etdi.

Shunisi ma’lumki, og‘zaki janjal asnosida Temur ismli yigit Abdurasulning jag‘iga musht tushirgan, u esa zarbdan yiqilgan (kafelga boshi bilan tushgani aytilyapti) va shifoxonaga olib borilib, uch marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Ammo jarohat jiddiyligi sabab, 10 kun hushsiz yotgan bemor vafot etgan.


Marhum Abdurasul Ahmadjonov

Onasi Gulnoza Isomiddinovaning aytishicha, farzandi hushiga kelgan paytda imo-ishora bilan uni 5-6 kishi kaltaklaganini aytgan. Ona videokamera yozuvlaridan kelib chiqib, farzandi yiqilganidan keyin bir necha kishi uning boshiga, qorniga tepgan deb hisoblayapti va nafaqat asosiy ayblanuvchi (u hozirda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan), balki uning sheriklari ham javobgarlikka tortilishi kerakligini aytmoqda.

“O‘g‘lim unga musht tushirishganida betonga orqa miyasi bilan tushgan. Shunda ham yotgan joyida borib kaltaklashgan. Haqiqat qaror topishini xohlayman.

O‘g‘limni “gruppavoy” bo‘lib vahshiylarcha o‘ldirishdi. Eng alam qilgani, faqat bittasini aybdor qilishyapti. Qolganlar ham javob berishi kerak”, – deydi Gulnoza Isomiddinova.


Gulnoza Isomiddinova, marhumning onasi

Voqea guvohlaridan biri, kafeda ofitsiant bo‘lib ishovchi Samir Saidov biz bilan suhbatda marhum Abdurasul Ahmadjonov yuziga tushgan musht zarbidan yerga yiqilgani, shundan keyin uni hech kim qaytib kaltaklamaganini bildirdi.

“Abdurasul aka kafeda ofitsiant bo‘lib ishlardi. O‘sha kuni u kafega mijoz bo‘lib kelgan sinfdoshim bilan urishib ketdi. Keyin bir-birlarini chetga tortishayotganiga ko‘zim tushdi.

Temur degan bola Abdurasulning jag‘iga musht tushirdi. Abdurasul aka boshining orqasi bilan kafelga yiqildi. U yiqilganidan keyin boshqa hech kim qaytib urmadi. Keyin uni tez yordam mashinasi olib ketdi”, – deydi u.

Holat bo‘yicha Farg‘ona shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bemor vafot etgandan keyin jinoyat ishi 104-moddaning 3-qismi “d” bandi bilan qayta malakalanib, Farg‘ona viloyati IIB tergov bo‘limiga o‘tkazilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version