Jamiyat
Jyeki Chan kino san’atiga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlandi
Unga Pardo alla Carriera mukofoti topshirildi. Ilgari aktyor Shohrux Xon, rejissyor Tsay Minlyan va Kosta-Gavraslar, operator Dante Spinotti va boshqalar ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
Honkonglik kinoaktyor Jyeki Chan Lokarnodagi festivalda kinoda erishgan muvaffaqiyatlari uchun mukofotlandi. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.
Unga Pardo alla Carriera mukofoti topshirildi. Mukofot 2010 yildan buyon taqdim etib kelinadi. Ilgari aktyor Shohrux Xon, rejissyor Tsay Minlyan va Kosta-Gavraslar, operator Dante Spinotti va boshqalar ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
Mukofotni topshirish marosimida aktyor festival ma’muriyati hamda faoliyati davomida birga ishlagan barcha rejissyor va aktyorlarga minnatdorlik bildirdi. U shuningdek, yoshlik davridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘shanda 17 yoshda edim. Oshxonada dadamning ovqat tayyorlashini kuzatib o‘tirgandim. Birdan otam menga o‘girildi va so‘radi: “O‘g‘lim, men 60ga kirdim va hali ham ovqat tayyorlay olaman. Sen-chi, 60ga kirganingda ham mushtlasha olasanmi?”. Men nima deb javob qaytarishni bilmay qolgandim. Hozir 71 yoshdaman va hali ham mushtlasha olaman”, — dedi u.
Jamiyat
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etdi
Yangiqo‘rg‘on tumani Birlashgan qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Munojot To‘raboyeva oilaviy shifokor punktida qon ko‘paytiruvchi osma ukol olayotgan payti vafot etdi. Yaqinlari u sog‘lom, tetik bo‘lganini aytmoqda. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, marhuma unga o‘tgan yili berilgan preparatni olib kelgan, dorining yaroqlilik muddati o‘tmagan. O‘limga ekspertiza aniqlik kiritishi kutilyapti. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Marhum Munojot To‘raboyeva kunlik ishlarda mehnat qilgan. Davlat tomonidan bepul beriladigan qon ko‘paytiruvchi preparatlarni olib kelgan. Bunday preparatlardan navbatdagisi unga o‘tgan yili sentabr oyida, keyinroq esa joriy yil 4 mart kuni berilgan.
Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, To‘raboyevaga o‘tgan yili sentabrda “Ferlek”, joriy yil mart oyida esa “Neofer” nomli qon ko‘paytiruvchi preparatlar berilgan. U vafotidan 3-4 kun oldin uch kunlik “Neofer” kursini yakunlagan. Lekin 28 mart kuni yana punktga kelib, tanasida og‘riqlar borligidan shikoyat qilgan va sentabrda berilgan “Ferlek”dan bir dona qolib ketgani, uni uyida saqlab kelgani, joriy kursning davomi sifatida ana shu bir donani ham ishlatib yuborishni so‘ragan.
“Vrach nazoratida oling, bizga mumkin emas, deb aytdim. Lekin “yo‘lkira qilib borib-kelishga pulim yo‘q” deganidan keyin, rahmim kelganidan ulab qo‘ydim. Ulashdan oldin “Ferlek”ning yaroqlilik muddatini ko‘rdim – 2026 yil oktyabrgacha. Natriy xlorniki 2027 yilgacha.
Oldin ham qon ko‘paytiruvchi dorini boshqa joyda olganida, sal mazasi qochgan ekan. Biz birinchi yordam uchun hech narsa qilolmadik, buning uchun zarur hech narsamiz yo‘q”, – dedi marhumga ukol ulagan hamshira Gulbahor Ergasheva.
Oilaviy shifokor Xudoyberdi Alijonovga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlarida doim ham vrach bo‘lavermaydi – kadrlar yetishmovchiligi bor. Uning o‘zi o‘sha paytda G‘ovazon mahalla tibbiyot punktida (mahallaning asosiy tibbiy maskani) bo‘lgan, hamshiralarning chaqiruviga asosan chekkaroq joyda joylashgan oilaviy shifokor punktiga yetib borganida ayol vafot etgan bo‘lgan.
“Mutaxassis sifatida hozir aniq xulosa aytolmayman. Hali ekspertiza xulosasi yo‘q. Dori reaksiya berdimi yoki o‘zida qandaydir boshqa kasallik bo‘lganmi, aniq ma’lumot yo‘q”, – deydi shifokor.
Biz marhumning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular Munojot To‘raboyeva sog‘lom va tetik bo‘lganini aytmoqda.
“Ovsinim poliklinikaga sog‘lom holatda o‘z oyog‘i bilan yurib kelib, shifokorlar tomonidan berilgan osma ukol olishi natijasida vafot etdi. U baquvvat ayol edi. Kunlik ishda ishlardi. Turmush o‘rtog‘i Toshkentda ishlagani uchun ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zi bajarardi. Tetikligidan qopdagi unni ham ko‘tara olardi.
Eng achinarlisi, u kenja o‘g‘li yonida jon berdi. O‘g‘li onasining jon berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Oilaviy poliklinikamiz abgor holatda, hatto qon bosimini o‘lchagich ham yo‘q. Oddiy termometri ham yo‘q edi. Ovsinimning o‘lganini ko‘rib o‘zimning ham mazam qochib qoldi, oddiy glitsin ham topib berisha olmadi. O‘sha kuni poliklinikada to‘rt hamshiradan boshqa vrach ham bo‘lmagan. Muolajadan avval shifokor ko‘rigidan o‘tmagan. Sizlarning kelishlaringni bilishib yangi, toza o‘rindiq va yotoqlar tayyorlab qo‘yishibdi. Ovsinim o‘lgan kuni yotgan to‘shagini ham ko‘rib bo‘lmas darajada iflos edi”, – deydi ovsini Nargiza Tursunova.
Turmush o‘rtog‘i Botir Tursunov rafiqasi bilan vafotidan taxminan 20 daqiqa avval telefonda gaplashgan.
“Toshkentda ishlayman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im ishga chiqmagan ekan. Telefon qilib bugun bo‘shman, poliklinikaga chiqib ukolimni olsam maylimi, 20 daqiqada uyga qaytaman dedi. Xo‘p, mayli dedim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘shnim telefon qildi: “Ayolingizning mazasi qochib og‘irlashib qoldi, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi”.
Turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilsam, telefon o‘g‘limning qo‘lida ekan. “Dada, ayam…” deganidan keyin telefonni bir ayol olib, xotinim o‘lganini aytdi. Ekspertizadan chiqishiga men ham qishloqqa yetib bordim.
Ikki o‘g‘lim bor. O‘sha kuni 1-sinfda o‘qiydigan kichik o‘g‘lim bilan poliklinikaga birga borishgan ekan…
Turmush o‘rtog‘im sog‘lom edi. Shu ishni qilganlar javobini bersin. Ikki farzandim yetim qoldi. Bugun bilinmayapti, ertaga bilinmas, indinga “onam qayerda?” desa nima deb javob beraman? Ayolim poliklinikaga sog‘lom kelgan. O‘limidan 20 daqiqa oldin ham gaplashgan edim”, – deydi u.
Holat bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
«Yashil makon» loyihasiga hissa qo‘shayotgan fuqarolar rag‘batlantiriladi
Ekologiya qo‘mitasi «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantiradi.
Bunda kamida 100 ta daraxt ko‘chatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 10 mln so‘m hadya qilgan shaxsga «Ekofaol fuqaro» maqomini beriladi.
Shuningdek, kamida 1000 ta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 100 mln so‘m hadya qilgan tadbirkorlarga «Ekohamkor» maqomi beriladi. Bunda tadbirkorlarga ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi.
Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasiga quyidagi:
50 mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 5 mlrd so‘m hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parkini o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarga «Kelajak bunyodkori» davlat mukofotini berish bo‘yicha taklif kiritish vakolatlari berilmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirish modeli ishlab chiqiladi
Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirishning zamonaviy va samarali modeli ishlab chiqiladi.
«Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan o‘rinbosarlari va soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan 5 kunlik dastur yakunlandi.
O‘quv dasturi davlatimiz rahbarining «Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va xorijiy mutaxassislar hamkorligida tashkil etildi.
O‘quv jarayonida quyidagi muhim jihatlarga alohida urg‘u berildi:
-Yangi o‘sish nuqtalari va ishga solinmagan zaxiralarni aniqlash, ijtimoiy sohani hududning drayver yo‘nalishlari qatoriga qo‘shish (buning uchun xorijiy ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangi boshqaruv modelini ishlab chiqish);
-O‘zlashtirilgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish orqali hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash;
-Davlat xizmati va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish;
-Tumanlarning o‘ziga xos rivojlanish modellari va muvaffaqiyatli boshqaruv tajribalarini ommalashtirish.
O‘quv dasturi doirasida ijtimoiy infratuzilmani «master-reja»lar asosida rivojlantirish, boshqaruvga raqamli yechimlarni tatbiq etish hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro modellar ham tahlil qilindi.
Shuningdek, nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi yirik loyihalar — Olimpiya shaharchasi, Milliy tibbiyot markazi, «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi va «IT Park Uzbekistan» misolida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bevosita joyiga chiqib, ular bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tinglovchilarning fikricha, mazkur dastur hududlarning yangi «o‘sish nuqtalari»ni maqsadli aniqlash va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modelini joriy etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilib, o‘rganilgan zamonaviy modellarni hududlarda samarali tatbiq etish bo‘yicha aniq metodik tavsiyalar berildi.
Jamiyat
AQShdagi mavsumiy ishlar: fuqarolarga muhim ogohlantirish berildi
Migratsiya agentligi AQShdagi mavsumiy ishlar dasturi yuzasidan fuqarolarni faqat rasmiy e’lonlarga ishonishga, vositachilar va asossiz takliflarga aldanmaslikka chaqirdi.
Migratsiya agentligi va AQShning USAFARMLABOR tashkiloti o‘rtasidagi dastur doirasida dastlabki talabnomalar qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qayd etilishicha, ish beruvchi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar hamkor tashkilot saytlari yoki uning tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishga urinmoqda. Biroq bunday yo‘l bilan murojaat qilish hech qanday natija bermaydi.
Migratsiya agentligi ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov e’lon qilinganidan keyingina fuqarolar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini eslatdi. Shu bois mustaqil ro‘yxatdan o‘tishga urinish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish foydasiz ekani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, fuqarolardan vositachilar va pulli “taklif”larga aldanmaslik, faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.
Jamiyat
Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi
Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida pensionerlar ham ishtirok etgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri — keksa yoshdagi kurer qo‘lga olingan va uning yonidan narkotik modda aniqlangan. Keyinchalik uning sheriklari ham fosh etilib, ulardan biriga tegishli pul mablag‘lari, yana biriga tegishli 5 gramm narkotik modda daliliy ashyo sifatida musodara qilingan.
Tergov harakatlari davomida guruh tashkilotchisiga tegishli xonadonda yirik miqdordagi narkotik zaxirasi aniqlangan. U yerdan umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq bo‘lgan 12 ta o‘ram opiy va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan3 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Turk dunyosi3 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Iqtisodiyot5 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
-
Siyosat5 days ago
Jarqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi
