Jamiyat
Jizzaxda bolalar uchun xavfli o‘yinchoqlar aniqlandi
Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shu munosabat bilan mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish choralari ko‘rildi.
Foto: Nazorat inspeksiyasi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda bir qator bolalar o‘yinchoqlaridan namunalar olinib, laboratoriya sinovlari o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ayrim mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi, himoya qoplamasining namlikka chidamsizligi, mayda detallarning mustahkam biriktirilmagani, mexanik ta’sirga bardosh bermasligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori ekani aniqlangan.
Mutaxassislar formaldegid bolalarning nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik reaksiyalarni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, o‘yinchoqlardagi mayda qismlarning oson ajralishi bolalarning ularni yutib yuborishi yoki jarohat olishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu asosda savdo sub’yektlariga ogohlantirish xatlari yuborilib, mazkur mahsulotlarni sotuvdan chiqarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Jamiyat
Dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda.
Tashabbusdan asosiy maqsad yo‘llar va dalalarni toza saqlash, shuningdek, chiqindilarni maxsus qutilarga tashlash odatini shakllantirishdan iborat.
Vazirlik safar davomida plastik idishlar va boshqa chiqindilarni avtomobil salonida saqlab turish, so‘ng xavfsiz joyda to‘xtab, ularni chiqindi qutisiga tashlashni tavsiya qilmoqda. Chiqindi qutisiga tushmagan chiqindilarni esa yerda qoldirmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, harakatlanayotgan avtomobildan chiqindi tashlash mumkin emasligi, yo‘lda harakat xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi ta’kidlangan.
Fermerlar va mahalliy hokimliklarga chiqindi qutilarini yo‘lovchilar xavfsiz foydalana oladigan joylarga o‘rnatish hamda ularni muntazam bo‘shatib turishni tashkil etish taklif qilindi.
Vazirlik dalalarni chiqindilardan asrash va atrof-muhitni toza saqlashga chaqirdi.
Jamiyat
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
Surxondaryo viloyatida Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qiziriq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi Qiziriq tumani bo‘limi boshlig‘i M.Ch. fuqaro O.B.ga dehqon xo‘jaligi tashkil etishi uchun auksion orqali 2 gektar yer maydoni olib berishini va’da qilgan. So‘ngra firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 5 mln so‘mni O.B.ga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Prokuratura departamenti Ekologiya va kadastrlar palatasi xodimlari tezkor tadbirda ushlanganini xabar bergandi.
Jamiyat
O‘zi uchar gilamlardan ekranlar qa’rigacha….
Gohida o‘yga tolaman, avvallari kunlar ham, tunlar ham bugungidek shoshqaloq emasdi, uzun va barakali edi. Ko‘cha changitib qora kechgacha to‘p tepgan, uy yumushlarini bitirib, kitob varaqlagan, yozgi ta’tilda buvilarimiz tushlik payti uxlatishlaridan qochib, tezroq peshin o‘tishini kutgan beg‘ubor damlar… Eng muhimi, mahallada hamma bir-birini tanir, har bir bola butun jamoaning e’tiborida edi. Odamlar bir-birining ko‘ziga qarab gaplashar, mehr va oqibat og‘zaki emas, amaliy hayot tarzi edi. Endi-chi?
Cheksiz ehtiyojlar va raqamli texnologiyalar asrida vaziyat qanday?
Biz maishiy tashvishlar, to‘kinlik va moddiyat poygasiga shu qadar sho‘ng‘idikki, eng qimmatli ne’mat – vaqt va jonli muloqot ekanini boy berib qo‘ydik. Ilgari ertalab bir burda non va shirin choy bilan kuni bo‘yi yayrab yurgan bolalar bilan nozu ne’mat to‘la dasturxon ustida «uni yemayman, buni kiymayman» deb xarxasha qilayotgan bolalar o‘rtasida katta farq bor.
Bugungi «Z» va «Alfa» avlodlari shundoq ham raqamli muhit ichida tug‘ildi. Ammo fojia shundaki, biz ularni an’anaviy ma’naviy borliqdan uzib, virtual qarmoqlarga o‘z qo‘limiz bilan topshirib qo‘ymoqdamiz. Bugun oilalarda xavfli bir «ma’naviy vakuum» ya’ni emotsional bo‘shliq paydo bo‘ldi. Bola ota-onasining ko‘ziga qarab gapirishni emas, ekran bilan muloqot qilishni odat qilmoqda. Agar oiladagi bu bo‘shliqni ota-onaning mehri to‘ldirmas ekan, uni begona virtual dunyo shubhasiz o‘z domiga tortadi.
Bu muammo bugun to‘satdan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Millat qayg‘usi bilan yashagan ma’rifatparvar jadid bobolarimiz bundan bir asr muqaddam tarbiyani bejiz hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarmagan edi. Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida: «Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat mas’alasidur», deya bong urganda aynan farzandning ruhiy tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikni nazarda tutgan edi. Ulug‘ mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy «Oyna» jurnalidagi maqolasida «Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur. Buning poydevori esa go‘daklikdan beriladigan tarbiya va ilmdir», deb uqtirgan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat o‘zining mashhur «Oila yoki oila boshqarish tartiblari» asarida, «Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga, oilaviy tarbiyasining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liqdir», deya oila va ota-onaning shaxsiy mas’uliyatini davlat poydevori sifatida belgilagan edi.
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ham mazkur tarixiy haqiqat davlat siyosati darajasidagi asosiy ustunga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil o‘tkazilgan «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalari»ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi nutqida aniq va keskin xulosani ilgari suradi: «Agar bolalarimizni maktabgacha bo‘lgan davrda to‘g‘ri tarbiyalab, ularning ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirmasak, keyin kech bo‘ladi. Yosh avlod tarbiyasi – bu davlat ahamiyatiga molik, kelajakni belgilaydigan eng muhim vazifadir. Bola dunyoqarashining shakllanishida oilaning, ota-onaning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Bolaga eng katta boylik – bu unga berilgan chinakam tarbiya, mehr va e’tibordir».
Ammo bu haqiqatlarni kundalik hayotimizda qanchalik amalga oshiryapmiz? Kun bo‘yi bog‘cha yoki maktabda ota-onasining kelishini intizor kutgan jajji qalblar oqshomda uyga horib kelgan ota-onasidan iliq nigoh va mehr kutadi. Kattalar esa charchoqni bahona qilib, muloqot qilish o‘rniga qo‘lidagi telefoniga yoki televizorga termulib o‘tirishni afzal ko‘radi.
Jajji bolalarning dardi – jamiyatning katta dardi….
Kuni kecha ishdan charchab qaytganimda, qizalog‘im ko‘zlari quvonchdan porlab oldimga yugurib keldi: «Oyijon, oyijon, «Bek va Lola»ning yangi qismi chiqibdi, rosa zo‘r ekan, qo‘yib beraymi?» Men esa horg‘inlik bilan, «Hozir uy ishlarini tugatay, keyin ko‘ramiz, endi ishdan keldim-ku», dedim. Shu lahzada uning ma’sum ko‘zlaridagi uchqun darrov so‘nib, nigohida mahzunlik sezildi. Bu nigoh qalbimni teshib yubordi. Hamma narsani yig‘ishtirib, kompyuter qarshisiga o‘tirdim.
Multfilmning «Bolalik» deb nomlangan qismi bugungi aksariyat ota-onalar uchun shafqatsiz bir haqiqat ko‘zgusi ekan. Erkalik qilgisi, otasi bilan turli o‘yin o‘ynagisi kelayotgan jajji qahramonlarning dardi – aslida bugungi jamiyatimizning katta dardi. Ona ro‘zg‘or tashvishlari girdobida, ota esa telefon va ishdan bosh ko‘tara olmayotgan manzarada yangragan mana bu misralar tosh qalbni ham larzaga soladi:
«Ishdan charchab kelsangiz, kulib kutib olamiz,
Bag‘ringizga otilib, dadajon, achom-achom qilamiz.
Futbol o‘ynaylik birga, chalg‘imaymiz telefonga,
G‘animatdir bu kunlar, dadajon,
Yodda qolsin bir umrga!
Dada, dada, dada, dadajon…
Keling, biz bilan o‘ynab, bolalikka qayting bir on,
Baxtliroq o‘tadi siz bilan vaqtimiz birga,
Omon bo‘ling har qachon, dada, dada, dadajon!»
Yuqorida keltirilgan lavha Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy animatsiyamizda aynan mana shunday chuqur psixologik, oilaviy qadriyatlarni himoya qiluvchi milliy kontent yaratilayotgani ulkan ahamiyatga ega. Bu shunchaki multfilm emas, balki farzand tarbiyasidagi bo‘shliqni ko‘rsatib beruvchi milliy ogohlik bongidir. Bolaga hashamatli mashina, brend kiyim yoki qimmatbaho buyum emas – ota-onaning mehrli ovozi, samimiy quchog‘i va birga o‘ynalgan jonli lahzalar kerak.
Endi bir eslaylik… Biz ertaklarga ishonib yashagan kechalarimizni bir eslang. Ustoz Hamid Olimjon o‘zining «Oygul bilan Baxtiyor» dostoni muqaddimasida bejiz yozmagan edi:
«Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘ylab berardi buvim.
Esimda o‘sha damlar,
O‘zi uchar gilamlar…
Buvimning har qissasi,
Har bir qilgan hissasi
Fikrimni tortar edi,
Havasim ortar edi.
Tinglar edim betinim
Uzun tunlar yotib jim…»
Qarang, bu she’rda nafaqat sog‘inch, balki katta pedagogika yotibdi! Bolani ertak, suhbat va jonli so‘z tarbiyalaydi. Biz bola paytimizda bolalikning qadriga yetmadik, ammo bugun ota-ona bo‘lib farzandimizning eng beg‘ubor damlarini virtual dunyo girdobiga tashlab qo‘yishga qanday haqqimiz bor? Bobo-buvilarimizning bizga aytgan ertaklari, chekkan bedor tunlari qalbimizga mehrdan mustahkam qal’a qurib bergan edi.
Nahotki bu ma’naviy zanjir aynan bizning avlodga kelganda uzilsa?
«Bek va Lola» qahramonlari kattalarga bir buyuk qonuniyatni eslatadi: «Siz ham bola bo‘lgansiz, bobo-buvilarimiz bag‘rida baxtli edingiz… Biz ham sizdek bo‘lib ulg‘ayamiz». Farzand – bizning ko‘zgumiz. Bugun biz ularga ajratmagan vaqt va mehrni ertaga ular ham o‘z farzandlariga bera olmaydi. Shu tariqa mehrsizlik avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tadi.
Inson ehtiyojlari cheksiz, ammo Yaratgan o‘lchab bergan umr va vaqt – qaytarib bo‘lmas oliy ne’matdir. Moddiy boylikni har kuni qayta topish mumkin, ammo boy berilgan bolalikning birgina lahzasini jahonning barcha xazinalariga ham sotib olib bo‘lmaydi.
Aslida bola uchun ota-ona topayotgan moddiyat emas, balki unga ajratilgan vaqtning o‘zi eng buyuk davlatdir. Kechagi avlod bobo-buvilarining ertaklari va ota-onalarining namunasi bilan milliy ruhda voyaga yetgan bo‘lsa, bugun farzandlarimiz ekran qarmog‘ida begona g‘oya va sovuq virtual dunyoning tarbiyalanuvchisiga aylanib qolmoqda.
Abdulla Avloniy aytgan «hayot-mamot masalasi» mana shu yerdan boshlanadi. Biz bolalarimizga dunyoni olib beryapmiz, ammo ulardan o‘zimizni olib qo‘ymoqdamiz. Bugun uyga borganda sovuq ekranlarni bir chetga surib, ko‘ngil rishtalarini qayta bog‘lashga kuch topaylik. Zero, ota-ona mehri bilan to‘yinmagan yurakda ertaga Vatanga, el-yurtga bo‘lgan sadoqat qayerdan paydo bo‘ladi?
Bolalikni boy berish – bu millatning ertasini boy berish demakdir. Ulgurib qolaylik, chunki vaqt oqmoqda, bolalik esa g‘animatdir!
Nigora Husanova,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
katta ilmiy xodimi
Jamiyat
Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali o‘tkaziladi
Joriy yil 26 sentyabr kuni Andijon shahri ilk bor “Yashil uyim” ekologik festivaliga mezbonlik qiladi. Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tashkil etilayotgan tadbir Berlin Zentrum majmuasida bo‘lib o‘tadi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, festival ekologik turmush tarzi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy ilmiy va ekologik yechimlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Festival davomida tashrif buyuruvchilar uchun mutaxassislar ishtirokidagi ochiq ma’ruzalar, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha mahorat darslari, ekologik mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yarmarkasi, sovrinli o‘yinlar hamda jonli musiqiy dastur tashkil etiladi.
Festivalning asosiy hududida ekologik turmush tarzi va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq turli tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, yetakchi mutaxassislar ishtirokida “Ekologik yashash qimmat emas: uyda ishni nimadan boshlash kerak?”, “Saraton genomikasi”, “Nega chiqindilarni saralash kerak?”, “Imo-ishora tilini o‘rganamiz”, “Ekologiya yoki iqtisodiyot?” kabi mavzularda suhbat va munozaralar tashkil etiladi.
Tadbir doirasida bolalar uchun ham ma’rifiy va interaktiv mashg‘ulotlar, robototexnika darsi va ilmiy eksperimentlar o‘tkaziladi.
Festival davomida tashrif buyuruvchilar ekologik mahsulotlar yarmarkasida ishtirok etish, mahalliy ekologik tashabbuslar va ilmiy ishlanmalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, festival hududida chiqindilarni topshirish va qayta foydalanishni rag‘batlantiruvchi maxsus punktlar faoliyat yuritadi. Punktlarda batareyalar, ishlatilgan o‘simlik yog‘i, qog‘oz, sellofan va alyuminiy qabul qilinadi.
“Yashil uyim” festivali ekologik mas’uliyatni kundalik hayotdan boshlash, foydali odatlarni shakllantirish va atrof-muhitni asrashga qaratilgan amaliy yechimlarni keng targ‘ib qilish uchun ochiq maydon yaratadi”, — deyiladi YeI delegatsiyasi xabarnomasida.
Jamiyat
Noqonuniy «Umra» xizmati taklif qilgan ikki shaxs ushlandi
Samarqand viloyatining Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari «Umra» ziyoratiga yuborish huquqiga ega bo‘lmaganiga qaramay, mahalliy fuqaroga Saudiya Arabistoniga safar uyushtirishni taklif qilgan.
U fuqaroning ishonchiga kirib, uni muborak safarga jo‘natish evaziga 1150 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga «Umra» ziyoratiga yuborishni taklif qilgan.
U buning uchun Toshkent shahridagi go‘yoki «Umra» ziyoratini tashkil etish vakolatiga ega bo‘lgan turistik firma orqali safar uyushtirilishini aytgan va jami 3150 AQSh dollari talab qilgan.
Mazkur shaxs so‘ralgan pul hisobidan oldindan 3,5 mln so‘m olgan vaqtda DXX, IJQKD va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Sud hokimiyatiga oid muhim qonun qabul qilindi
-
Jamiyat5 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchilik sabab 150 dan oshiq mansabdor ishdan olindi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbek mutaxassislarining Koreya laboratoriyalari hamda ilg‘or korxonalarida stajirovka o‘tashi bo‘yicha yagona dastur yo‘lga qo‘yiladi
-
Siyosat4 days agoOliy tibbiy hamrohlik ishi ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
-
Jamiyat4 days ago
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
-
Sport5 days ago
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» qancha pul ishlaydi?
