Iqtisodiyot
JCTga kirish – tarkibiy transformatsiya
Hukumatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasida qo‘yayotgan dadil qadamlari tushunarli – kechikyapmiz. Biroq jamoatchilik orasida bu jarayonning oqibatlari borasida turlicha qarashlar yangrashi davom etmoqda: kimdir buni narxlar tushishi va farovonlik manbayi sifatida ko‘rsa, boshqalar mahalliy ishlab chiqarishning inqirozi sifatida baholamoqda.
Ayniqsa, bugungi global savdo muhiti, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, proteksionizmning kuchayishi va savdo zanjirlaridagi uzilishlar fonida ushbu qarorning iqtisodiy oqibatlari jamoatchilikda qo‘shimcha va haqli xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Sehrli tayoqcha emas, “sportzal”
JSTga a’zolik muammolarni birdaniga hal qiluvchi “sehrli tayoqcha”mi yoki og‘ir, ammo sog‘lomlashtirish uchun zarur bo‘lgan “sport zali”mi? Ushbu maqolada iqtisodiy mantiqqa tayangan holda kutilayotgan o‘zgarishlarni tahlil qilamiz.
Nima o‘zgaradi? Kimga yaxshi, kimga yomon?
Institutsional o‘zgarishlar, “o‘yin qoidalari”ning yangilanishi
JSTga a’zolikning eng birlamchi va fundamental foydasi – tariflarning pasayishi emas, balki institutsional barqarorlik.
Iqtisodiyotda, Duglas Nort (Nobel mukofoti laureati) ta’biri bilan aytganda, “o‘yin qoidalari”ning aniq va o‘zgarmas bo‘lishi – eksportchilar va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun va teng muhitda astoydil mehnat qilish uchun eng muhim omildir.
Natijada O‘zbekiston:
O‘rta va uzoq muddatga bozor muhiti bashorat qilinadigan savdo maydoniga aylanadi. Ma’lumki, JST doirasida savdo siyosati xalqaro huquqiy normalar bilan tartibga solinadi. Bu bir kechada hukumatning importni taqiqlash yoki eksportga sun’iy to‘siq qo‘yish (masalan, proteksionistik maqsadlarda) imkoniyati cheklanishini anglatadi. Eksportchilar va xorijiy investorlar uchun bu risk premiyasining pasayishini kafolatlaydi va ijobiy biznes oqimini kuchaytiradi.
Teng huquqli ishtirokchiga aylanadi. Hozirda O‘zbekiston jahon savdosida “qoida qabul qiluvchi” (rule-taker) rolida. A’zolikdan so‘ng esa, mamlakat global savdo muzokaralarida o‘z o‘rindig‘iga va ovoziga ega bo‘lib, “qoida yaratuvchi” (rule-maker) sifatida ham ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu jihatdan JSTga a’zolik O‘zbekistonning xalqaro savdo maydonidagi mavqeyini kuchaytiradi.
Respublika hududida sanoat uchun muhim bo‘lgan uskunalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va qadoqlash materiallari narxining pasayishiga erishiladi. Xalqaro valuta jamg‘armasi tadqiqotlariga ko‘ra, oraliq mahsulotlar importidagi to‘siqlarning kamayishi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu jarayon bevosita va darhol sezilmasligi mumkin, biroq o‘rta muddatda raqobat kuchayishi orqali iste’molchilar uchun ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ammo JSTga kirish hamma uchun “bayram” emas. Iqtisodiyotda Jozef Shumpeter aytgan “yaratuvchi buzg‘unchilik” (creative destruction) jarayoni qisqa muddatlarda ro‘y berishi mumkin.
Kimga yomon?
Qiyinchiliklarga to‘xtalamiz:
Yillar davomida davlat himoyasi, imtiyozli kreditlar va bojxona to‘siqlari ortida jon saqlagan, raqobatga bardoshsiz korxonalar bozor qonunlari bilan yuzlashadi. Ular yo texnologik qayta jihozlanishi yoki bozorni tark etishi kerak bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, qisqa muddatda ayrim korxonalar va ish o‘rinlari uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun sanoatni moslashtirish va texnologik modernizatsiya siyosatini hozirdan boshlash alohida ahamiyat kasb etadi.
JST qoidalari davlatlarning importni keskin cheklash yoki ayrim sohalarga tanlab imtiyoz berish imkoniyatlarini ham cheklaydi. Natijada savdo siyosati, yuqorida ta’kidlanganidek, yanada tizimli va barqaror bo‘ladi; qisqa muddatli operativ “qo‘lda boshqarish” usullaridan foydalanish qiyinlashadi.
Ochiq iqtisodiyot global inqirozlarga ta’sirchanlikni oshiradi. Global ta’minot zanjiridagi uzilishlar yoki jahon bozoridagi narx tebranishlari O‘zbekiston ichki bozoriga tezroq ta’sir o‘tkazadi. Oddiy til bilan aytganda, agar dunyo iqtisodiyoti “aksirsa”, a’zo mahalliy iqtisodiyotlar “shamollashni tez yuqtirib” oladi. JST o‘z a’zolarini inflatsiya, ta’minot zanjiri uzilishidan yoki yuk tashish tartibsizligidan himoya qilmaydi.
Shu yo‘sinda davom etgan holda, ko‘pchilikni qiziqtirgan asosiy savol – “Narxlar qachon va qanchaga tushadi?”ga o‘tsak. Iqtisodiy nazariya va JST allaqachon qo‘shilgan qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston (2015 yil), Qirg‘iziston (1998 yil) va Tojikiston (2013 yil) tajribasiga asoslanib, quyidagi prognozlarni ilgari surish mumkin. Eslatib o‘tamiz, JST chegirma beradigan vaucher emas.
Nimalar arzonlashadi?
Maishiy texnika va elektronika arzonlashadi, kutilayotgan pasayish – 3-10 foiz. JSTning “Axborot texnologiyalari to‘g‘risidagi bitimi” (ITA) ko‘plab texnologik mahsulotlarga nol stavkali bojlarni rag‘batlantiradi. Shunday ekan, smartfonlar, noutbuklar va kompyuter qismlari narxidagi pasayish nafaqat bojxona to‘lovlari, balki tranzaksion xarajatlarning qisqarishi hisobiga ham yuz beradi.
Kiyim-kechak va tekstil mahsulotlari ham arzonlashadi, kutilayotgan pasayish – 5-12 foiz. Hozirgi kunda import qilinadigan kiyim-kechaklarga nisbatan yuqori bojlar mavjudligi o‘zbek bozoriga global brendlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelishini cheklab, “kulrang import”ga zamin yaratgan. Bojxona tariflarining pasayishi va logistika zanjirining optimallashuvi hisobiga import kiyim-kechak segmentida 12 foizgacha arzonlashish kuzatilishi ehtimolligi yuqori prognozdir.
Avtomobil bozori ham liberallashadi, o‘rta muddatda narxlar 10-25 foizgacha pasayishi mumkin. Avtosanoatdagi proteksionizm darajasi pasayishi muqarrar, ammo bu jarayon “shok terapiyasi” usulida emas, balki bosqichma bosqich amalga oshiriladi. JST qoidalariga ko‘ra, import bojlaridan tashqari, diskriminatsion xarakterdagi boshqa yig‘imlar (masalan, utilizatsiya yig‘imining faqat importchilar uchun yuqoriligi) qayta ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi. Agar utilizatsiya yig‘imi va bojlar umumiy hisobda pasaytirilsa, 3-5 yillik istiqbolda xorijiy avtomobillar narxi arzonlashishi kutilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni o‘z tannarxini optimallashtirishga yoki model qatorini yangilashga majbur qiladi.
Nima qimmatlashishi mumkin?
Energiya resurslari (elektr energiyasi, gaz) narxlari oshishi mumkin. JST nafaqat tariflarni, balki eksportga yo‘naltirilgan sanoat mahsulotlarini va umuman ishlab chiqaruvchilar uchun beriladigan subsidiyalarni ham nazorat qiladi. Bu esa elektr energiyasi va gaz sohalariga beriladigan subsidiyalar qisqarishiga, o‘z navbatida ularning tannarxi bozor darajasiga yaqinlashishiga olib keladi. Bu borada islohotlar allaqachon boshlangan, shuning uchun bu unchalik qo‘rqinchli emas va yaqin kelajakda narx oshishlari boshqa kuzatilmaligi mumkin.
Ba’zi turdagi dori-darmonlar ham biroz qimmatlashishi mumkin. Intellektual mulk huquqlarining (TRIPS) qat’iy himoya qilinishi ba’zi jyenerik dori vositalarining (asl nusxaning arzon analoglari) bozorga kirishini qiyinlashtirishi yoki litsenziya to‘lovlari hisobiga narxini oshirishi mumkin.
Umuman olganda, ayrim mahalliy mahsulotlarning (qisqa muddatli) xalqaro standartlarga o‘tishi vaqt va xarajat talab qiladi. Shuning uchun, vaqtinchalik umumiy narx bosimi kuzatilishi mumkin.
Xulosa
Xulosa shuki, JSTga a’zolik O‘zbekiston uchun na sehrli tayoq, na mutlaq xavfdir. Bu iqtisodiy intizom, raqobat va institutsional islohotlarni talab qiladigan murakkab, lekin O‘zbekiston uchun zaruriy jarayon. O‘rta va uzoq muddatda ijobiy natijalar berishi uchun JSTga a’zolik sanoat siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy himoya va makroiqtisodiy barqarorlik choralarini uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirilishi lozim.
JST sport zaliga a’zolikka o‘xshaydi – birinchi kunidayoq mushaklaringiz shishmaydi. Mashg‘ulotlar boshida tanangiz og‘riydi, zo‘riqadi. Ammo rejimga kirsangiz, islohotlar o‘z ijobiy natijalarini bera boshlaydi.
Yana bir muhim jihat, agar O‘zbekiston “sport zali” qoidalariga to‘liq amal qilsa-yu, boshqa bir a’zo davlat O‘zbekiston eksportiga nisbatan nohaq, kamsituvchi to‘siqlar qo‘ysa nima bo‘ladi? Yoki aksincha, O‘zbekiston a’zolikdan keyin ham ortiqcha subsidiyalarni saqlab qolsa yoki tariflarni sun’iy ravishda yuqori ushlab tursa, qisqacha aytganda “uy vazifasini” to‘liq bajarmasa-chi?
Real geosiyosatda, hatto eng yirik iqtisodiyotlar ham ba’zan proteksionistik kayfiyatga berilib, qoidalarni chetlab o‘tishga urinadilar (bunga hozirgi yirik savdo urushlari yaqqol misol). Bunday hollarda afsuski narxlar tushishi, raqobat kuchayishi kabi ijobiy iqtisodiy o‘zgarishlar amalga oshmasligi mumkin.
Qayd etish kerakki, JST o‘z “politsiyasi”ga yoki a’zolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri jarimaga tortish, jazolash vakolatiga ega emas. A’zolikdan butunlay chiqarib yuborish holati esa tashkilot tarixida kuzatilmagan. Munozarali hollarda JSTning o‘zida Nizolarni hal qiluvchi Appelyatsiya kengashi mavjud bo‘lib, u jahon savdosining o‘ziga xos “oliy sudi” sifatida xizmat qiladi. Agar biror a’zo davlat o‘z huquqlari buzilganini ushbu organ oldida isbotlay olsa, JST Apellyatsiya kengashi o‘sha qoidabuzar davlatga nisbatan qarshi choralar ko‘rishga, masalan, ulardan kelayotgan importga vaqtincha yuqori bojlar joriy etishga rasman ruxsat beradi.
Bu tizim mukammal bo‘lmasa-da, hozirgi kunda global savdo tizimidagi tartibsizlikni tiyib turuvchi, davlatlarning jahon hamjamiyati oldidagi nufuzini belgilab beruvchi asosiy huquqiy vostilardan biri hisbolanadi.
Shuhrat Yarashov,
Avstraliyaning Adelaida universiteti,
iqtisodiyot yo‘nalishi doktoranti
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
