Sport
JChda 14-kun. Neymar maydonga qaytdi, Koreya yutqazib qo‘ydi
Pley-offning dastlabki juftligi aniq bo‘ldi; Janubiy Koreya va Qatar yutqazib qo‘yishi vaziyatni O‘zbekiston uchun yanada yomonlashtirib yubordi. Endi Kannavaro shogirdlari uchinchi o‘rin vakillari reytingida sakkizlikka kirishi uchun kongoliklarni faqat yirik hisobda yengishi talab etiladi.
Jahon chempionatida guruh bosqichi yakuniga yetmoqda, uchinchi turning dastlabki kuni ham voqealarga boy bo‘ldi. 24 iyundan 25 iyunga o‘tar kechasi 6 ta uchrashuv o‘tkazildi hamda A, B va C kvartetlarida jamoalarning yakuniy o‘rinlari ma’lum bo‘lli. Meksika milliy jamoasi Chexiyani yirik hisobda taslim etdi (3:0), JAR Janubiy Koreya ustidan sensatsion g‘alabaga erishdi (1:0), Marokash Haiti bilan o‘yinda kambek amalga oshirdi (4:2), Braziliya Shotlandiyaga hech qanday imkon qoldirmadi (3:0), Shveytsariya Kanadadan ustun keldi (2:1), Bosniya va Hersegovina esa Qatarni uyiga jo‘natdi (3:1).
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tdi: Janni Infantino suv ichib olish uchun qilinayotgan tanaffus FIFAga pul keltirmasligini ma’lum qildi, ganalik shaman esa Harri Keyndan tavqi la’natni «olib tashladi».
A guruhi
Meksika Ochoaga ham imkon berdi
Chexiya – Meksika 0:3
Gollar: Chaves, 55 (0:1). Kiniones, 61 (0:2). Fidalgo, 90+4 (0:3)
Chexiya: Kovarj, Granach, Kreychi, Xolesh (Souchek, 64, Xori, 87), Cherv (Soyka, 87), Sadilek, Dudera, Tsoufal, Shuls, Vishinski (Provod, 56), Glojyek (Shik, 64)
Meksika: Ranhel (Ochoa, 78), Montes, Reyyes, Chaves (Galyardo, 78), Sanches, Alvares, Romo (Vargas, 63), Mora (Fidalgo, 72), Kiniones, Alvarado, Martines (Ximenes, 63)
Ogohlantirishlar: Alvares, 64
1/16 finalga chiqish uchun Chexiyadan haddan tashqari qiyin vazifani uddalash talab etilardi – jahon chempionatidagi eng ishonchli himoya chizig‘ini yorib o‘tish. A guruhida dastlabki ikki turda JAR (2:0) va Janubiy Koreya (1:0) meksikaliklar darvozasiga gol urolmagandi. Bu ish yevropaliklarga ham nasib etmadi.
Birinchi bo‘lim teng kurashlar ostida kechdi, jamoalar chinakamiga xavfli vaziyatlar yarata olishmadi. Ammo tanaffusdan keyin turnir mezbonlaridan biri o‘yinni kuchaytirishdi va raqib darvozasini uch bor ishg‘ol etishdi: Mateo Chaves, Hulian Kinones va Alvaro Fidalgo o‘z nomlariga bittadan gol yozdirib qo‘yishdi.
O‘yin yakunlanishi arafasida meksikalik muxlislar uchun yana bir quvonchli voqea ro‘y berdi: bu chempionatda ilk bor jamoaning afsonaviy darvozaboni Gilermo Ochoa maydonga tushib keldi. 40 yoshli posbon uchun bu faoliyatidagi oltinchi mundial bo‘ldi. U o‘zi munosib bo‘lgan olqishlarga va qariyb 20 daqiqaga ega bo‘ldi.
Chexlar esa ikkinchi bo‘lim davomida ham aytarli vaziyat yarata olmadi. Miroslav Koubek shogirdlari guruhda so‘nggi o‘rinni egallab, turnirni tark etadigan bo‘ldi.
JAR ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqdi
JAR – Janubiy Koreya 1:0
Gol: Maseko, 63 (1:0)
JAR: Uilyams, Mbokazi, Okon, Modiba, Mudau, Mbata, Sitole, Mofokeng (Adams, 80), Appollis (Moremi, 62), Maseko (Rayners, 75), Makgopa
Janubiy Koreya: Kim Sin Gu, Kim Min Je (Pak Jin Seob, 66), Li Gi Hek, Li Xan Bem, Xvang In Bom, Pek Sin Ho (Kastrop, 46), Li Te Sok (Kim Jin Kyu, 46), Sol Yen U, Hvang Hi Chhang (Son Heung Min, 46), Li Kan In, Hon Gu O (Guye Son Cho, 74)
Ogohlantirishlar: Modiba, 73 – Guye Son Cho, 79
Ikkinchi turda Chexiya bilan durangga erishgan (1:1) janubiy afrikaliklar pley-off yo‘llanmasini kafolatlash imkoniyatidan foydalanishga qaror qilishdi. Ikkinchi o‘rinni egallash uchun jamoadan ikkinchi o‘rin uchun asosiy da’vogar bo‘lgan Janubiy Koreyani mag‘lub etish talab etilardi.
Osiyoliklar jamoasi o‘yinning boshlang‘ich qismini ustunlikda o‘tkazdi, ammo asta-sekin tashabbus JAR qo‘liga o‘ta boshladi. Ugo Bros shogirdlari o‘yinni kuchaytirib borishdi va maydonning ikkinchi qismida ko‘proq ishlab, tez-tez zarbalar bera boshladi. Va ikkinchi bo‘limda o‘zi haqli bo‘lgan golni urishga erishdi: hujumchi Tapelo Maseko o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shundan keyin afrikaliklar to‘pni raqibga topshirdi va so‘nggi daqiqalargacha himoyada ishonchli harakat qilishdi.
Minimal g‘alaba va guruhdagi ikkinchi o‘rin jamoani tarixda ilk bor pley-offga olib chiqdi – endi ularni Kanadaga qarshi o‘yin kutmoqda. Sensatsion ravishda yutqazib qo‘ygan janubiy koreyaliklar esa uchinchi o‘ringa tushib ketdi va guruh bosqichi yakunlanishini kutish rejimiga o‘tdi.
Shu bilan birga, osiyoliklarning bu mag‘lubiyati qit’aning boshqa bir vakili – O‘zbekiston uchun qimmatga tushdi. Agar koreyslar o‘z o‘yinida g‘alaba qozonganida JAR 1 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolgan bo‘lar va O‘zbekistonga guruhdan chiqish uchun raqobatchi bo‘la olmasdi. Koreya esa endi to‘plar nisbati nisbatan yaxshiligi (-1) hisobiga katta ehtimol bilan uchinchi o‘rin vakillari orasidagi sakkizlikka kira oladi. To‘plar nisbati juda yomon bo‘lgan (-7) O‘zbekiston endi bu sakkizlikka kirishi uchun Kongo DR ustidan juda yirik hisobda g‘alaba qozonishi talab etiladi.
B guruhi
Kelishilgan durang bo‘lmadi
Shveytsariya – Kanada 2:1
Gollar: Vargas, 46 (1:0). Manzambi, 57 (2:0). P. Devid, 76 (2:1)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges, Hakes (Vidmer, 74), Froyler, Jaka, Manzambi (Fassnaht, 85), Vargas (Ndoy, 80), Sou (Ebisher, 74), Embolo (Itten, 85)
Kanada: Krepo, De Fujyerol, Kornelius, Lareya (Shaffelberg, 83), Jonston, Shuaner (Eushtakiu, 58), Saliba, Ahmad (Millar, 58), Byukenen (P. Devid, 74), Larin (Oluvaseyi, 58), J. Devid
Ogohlantirishlar: Jaka, 32 – Larin, 32. Millar, 87
Kanada ham, Shveytsariya ham ikkinchi turdan keyin 4 tadan ochko jamg‘arib, amalda pley-off masalasini hal qilgandi. So‘nggi turda o‘zaro kechadigan o‘yinda jamoalarni durang ham qoniqtirardi – shunda Bosniya va Hersegovina – Qatar o‘yini natijasidan qat’i nazar birinchi va ikkinchi o‘rinlar saqlab qolingan bo‘lardi.
O‘yinning birinchi bo‘limi davomida amalda ham jamoalar durangga qarshi emasdek ko‘rindi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan shveysarlarning yosh yulduzi Joan Manzambi Ruben Vargasni golli pas bilan ta’minladi va hisob ochildi. Ko‘p o‘tmay jahon chempionati kashfiyotlaridan biri bo‘layotgan yosh vunderkindning o‘zi hisobdagi ustunlikni mustahkamladi.
Ammo turnir mezbonlari shunchaki taslim bo‘lishni istashmadi va zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Devid Promis bitta javob golini urdi. O‘yin oxirigacha hisobni tenglashtirish uchun kanadaliklarda yana bir necha imkoniyat bo‘ldi, ammo o‘yin baribir Shveytsariyaning g‘alabasi bilan yakunlandi (2:1). Shu bilan birga, mag‘lubiyat ham Jyessi Marsh shogirdlarini ikkinchi o‘rindan pastga tushirib yubormadi – bosniyaliklar Kanadadan o‘tib ketishi uchun parallel o‘yinda o‘ta yirik hisobda g‘alaba qozonishi talab etilardi.
Qatar ojizlik qildi
Bosniya va Hersegovina – Qatar 3:1
Gollar: Alaybegovich, 29 (1:0). Abunada, 34 – avtogol (2:0). Al-Haydos, 42 (2:1). Maxmich, 80 (3:1)
Bosniya va Hersegovina: Vasil, Katich (Hajikadunich, 63), Radelich, Kolashinats, Malich (Tahirovich, 46), Bashich, Shunich (Memich, 46), Alaybegovich (Burnich, 82), Bayraktarevich, Demirovich, Jyeko (Maxmich, 63)
Qatar: Abunada, Layye, Huhi, Al-Brake, Pedru Migel, Fati (Al-Mannai, 79), Budiaf (Almuoz Ali, 72), Abdulsalom (Hatim, 46), Al-Haydos (Al-Ganehi, 55), Edmilson Junior (Al-Ayeldin, 79), Afif
Ogohlantirishlar: Maxmich, 82 – Fati, 78
Qatarliklar o‘tgan turda Kanadadan o‘ta yirik hisobda yutqazganiga qaramay (0:6), hamon uchinchi o‘rin orqali pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab turgandi. Buning uchun Bosniya va Hersegovinani imkon qadar yirik hisobda mag‘lub etish talab etilardi.
Ammo 18 yoshli Karim Alaybegovich 29-daqiqada qatarliklarning umidlarini so‘ndirdi. U jahon chempionatida gol urgan eng yosh futbolchilar o‘nligiga kirib, Lamin Yamal va Lionel Messini ortda qoldirdi.
Ko‘po‘ o‘tmay Qatar o‘z futbolchisidan ham gol o‘tkazib yubordi: Sulton Al-Brake avtogol muallifiga aylandi. Shundan keyin barcha yevropaliklar hisobni yiriklashtirishiga tayyorlana boshladi (bosniyaliklarga ikkinchi o‘ringa chiqish uchun yana 7 ta gol kerak bo‘lardi), lekin bo‘lim oxirlarida Hasan Al-Haydos hisobni qisqartirdi.
Qatarliklarda bundan ortig‘iga kuch topilmadi. O‘yin oxirida Ermin Maxmich yana bir gol urdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi – 3:1.
Qatar kutilganidek guruhda to‘rtinchi o‘rinni egalladi, ammo shu kuni arablarda ham o‘z qit’adoshlari – O‘zbekistonga yordam berish imkoniyati bor edi. Agar bu o‘yinda durang natija qayd etilganida Bosniya va Hersegovina ikki ochko bilan qolar va pley-off uchun kurashdan chiqqan bo‘lardi. Ammo endi to‘rt ochkoga ega bo‘lgan bu jamoa katta ehtimol bilan uchinchi o‘rinlar orasidagi sakkizlikning eng yuqorisida bo‘ladi.
C guruhi
Haiti marokashliklarga muammo tug‘dirdi
Marokash – Haiti 4:2
Gollar: Bunu, 10 – avtogol (0:1). Hakimi, 39 (1:1). Izidor, 43 (1:2). Saybari, 45+1 (2:2). Rahimi, 78 (3:2). Yosin, 89 (4:2)
Marokash: Bunu, Riyoz, Halhal, Salohiddin (Mazraviy, 83), Hakimi, Amrabat, Al-Aynaviy (Al Murabet, 83), Saybari (Unai, 70), Al-Hannus, Dias (Rahimiy, 70), Al-Kaabi (Yosin, 70)
Haiti: Plasid, Ade, Delkrua, Eksperens, Dyuvern (Arkus, 80), Bellegard, Denli (Simon, 80), Providens (Didson, 67), Kazimir, Jozef (Perro, 83), Izidor (Nazon, 67)
Ogohlantirishlar: Plasid, 79. Nazon, 79. Kazimir, 90
C guruhida Marokash va Haiti o‘rtasidagi kechgan o‘yinda esa amalda intriga yo‘q edi. KONKAKAF vakillari dastlabki turlarda yutqazib, pley-offga chiqishdan umid uzgandi, birinchi turda Braziliyadan ochko tortib olgan (1:1) va keyin Shotlandiyani minimal hisobda mag‘lub etgan (1:0) afrikaliklar esa o‘zini juda qulay his qilayotgandi. Bunday o‘yinda futbolchilar muxlislar uchun o‘ynashdi va gollar shousini uyushtirishdi.
Va barchasi Haiti kutilmaganda tezkor gol urishi bilan boshlandi: 10-daqiqadayoq Lenni Jozef qanotdan oshirilgan to‘pga tovoni bilan zarba berdi, to‘p darvozabonga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, to‘rga borib tushdi. Afrikaliklar javob qaytarish uchun oldinga tashlanishdi va bir qancha supervaziyatlar yaratishdi va faqat 39-daqiqaga kelib Ashraf Hakimining sa’y-harakatlari bilan hisobni tenglashtirishdi. Ammo haitiliklar darhol javob qaytarishdi – «Sanderlend» hujumchisi Vilson Izidor to‘qqizlik tomon kuchli zarba yo‘lladi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Ismoil Saybari yana muvozanatni tikladi (u qatorasiga uch o‘yinda gol urmoqda) va jamoalar tanaffusga 2:2 hisobida yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin sur’ati pasaydi. Haitiliklar durang hisobni saqlash va jahon chempionatidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritishga harakat qilishdi, ammo buni uddalay olishmadi. O‘yin oxirida marokashliklar zaxirani ishga solib, Sufyon Rahimiy hamda Jasim Yosinning gollari evaziga ishonchli g‘alabaga erishdi – 4:2.
Vinisius Messini ta’qib qilmoqda
Shotlandiya – Braziliya 0:3
Gollar: Vinisius Junior, 7 (0:1). Vinisius Junior, 45+3 (0:2). Kunya, 60 (0:3)
Shotlandiya: Gann, Hendri, Makkenna, Roberson (Tirni, 46), Patterson (Ralston, 81), Fergyuson, Maklin, Maktominay, Makginn (Kertis, 90+1), Douk (Kristi, 81), Shenklend (Adams, 90+1)
Braziliya: Alisson, Gabriel Magalyayns, Markinios, Duglas Santos (Aleks Sandru, 82), Danilu Luis, Kazemiro (Fabinio, 66), Lukas Paketa (Martinelli, 66), Gimarayns, Vinisius Junior, Rayan (Endrik, 82), Kunya (Neymar, 76)
Ogohlantirishlar: Kristi, 89 – Danilu Luis, 62. Fabinio, 82
Parallel bahsda Braziliya guruhda birinchi o‘rinni egallashni maqsad qilgan holda harakat qildi. Shotlandlarning bu o‘yin uchun taktikasi tushunarli edi: ularni kichik hisobdagi mag‘lubiyat ham qoniqtirardi va jamoa ilk daqiqalardan chuqur himoyalanishdi. Ammo bu reja yettinchi daqiqadayoq buzilib ketdi: yevropaliklar qisqa to‘p uzatishlar bilan himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘yishdi, pentakampeonlar muvaffaqiyatli pressing uyushtirishdi va Vinisius Junior hisobni ochdi.
Birinchi bo‘lim oxirlarida Braziliyaning bosimi yana natija keltirdi: Brunu Gimarayns «Real» vingeriga havodan to‘p oshirdi – u esa to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, dublni rasmiylashtirdi. Qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urayotgan Vini endi to‘purarlar poygasida 4 gol bilan Messini (5) ta’qib etuvchilar guruhiga qo‘shildi (Holand va Mbappeda ham hozircha 4 tadan gol bor). 60-daqiqada esa Mateus Kunya ham o‘z hisobiga gol yozib qo‘yib, janubiy amerikaliklarning yirik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi – 3:0.
Shundan keyin jamoalar sur’atni pasaytirishdi va o‘yinning asosiy voqeasi ro‘y berdi: jarohatidan tuzalgan Neymar maydonga olqishlar ostida tushib keldi. Braziliya tarixidagi eng yaxshi to‘purar milliy jamoada 2023 yildan buyon o‘ynamayotgandi, Karlo Anchelotti esa unga imkoniyat berdi.
Futbolchi murabbiyning ishonchini oqladi va o‘ziga berilgan daqiqalarda yo‘qolib qolmadi: sheriklariga vaziyatlar yaratdi va o‘zi ham bir bor zarba berdi. Unda hali gol urish uchun ham imkoniyat bo‘lishi mumkin – jamoa guruhda birinchi o‘rinni olib, pley-offga chiqdi.
FIFA o‘yin vaqtidagi pauzalar orqali pul ishlamayapti
Jahon chempionatida bo‘limlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan va uch daqiqa davom etayotgan tanaffuslar muxlislarda ham, murabbiylarda ham norozilik uyg‘otmoqda.
Ko‘pchilik bu qoidada «FIFAning qo‘li borligi»ni, reklama slotlari ko‘payishi evaziga tashkilot ko‘proq pul ishlayotganini taxmin qilgandi. Ammo Janni Infantino bunday ayblovni rad etib chiqdi.
«FIFAda qo‘shimcha daromad yo‘q, chunki barcha tijorat shartnomalari oldindan imzolangan. Biz uchun bu moliyaviy masala emas, balki sof sport masalasi», – deya FIFA rahbarining so‘zlarini keltiradi tashkilot sayti.
Keyndan tavqi la’nat «olib tashlandi»
Ganadan bo‘lgan shaman Nana Kvaku Bonsam o‘z jamoasining Angliya bilan o‘yinidan oldin raqiblar hujumchisi Harri Keynni la’natlaganini aytib chiqqandi. Natijada ushbu futbolchi yaqqol golli vaziyatdan foydalana olmadi va o‘yin durang hisobda yakunlandi (0:0) va ko‘pchilik ushbu shamanning so‘zlariga ishonib qoldi.
O‘yindan keyin esa ushbu sehrgar futbolchiga gol urishda davom etishi mumkinligini bildirdi. «Men dunyodagi eng qudratli shamanman. Endi Angliyaning keyingi o‘yinlarida gol ura olishi uchun Keynni ozod etaman. Mendan xafa bo‘lmasin», – deya Bonsamning so‘zlarini keltirgan Daily Star.
Bellinghem nega chetlatilmadi?
Aynan Gana bilan bo‘lib o‘tgan o‘sha o‘yin (0:0) ortidan Jud Bellinghem mojaroli holat markazida qoldi. U o‘yinning 38-daqiqasida ganaliklar hujumchisi Jordan Ayyu bilan gaplashayotganida og‘zini qo‘li bilan bekitib olgandi, yangi qoidalarga ko‘ra esa bu harakat qizil kartochka bilan jazolanishi kerak.
Turnir davomida xuddi shunday holat uchun Paragvay hujumchisi Migel Almiron maydondan chetlatilgandi. Judning vaziyati esa hakamlar e’tiboridan chetda qoldi.
Paragvay futbol federatsiyasidagilar norozilik bildirib chiqdi.
«Qoida barcha jamoalarga bir xil qo‘llanilishi kerak, aks holda u o‘z obro‘sini yo‘qotadi», – deya tashkilotdagi manbaning so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Navbatdagi o‘yinlar
Uchinchi tur avjiga chiqmoqda. 25 iyun kuni kechqurun va 26 iyunga o‘tar kechasi yana oltita o‘yin bo‘lib o‘tadi:
01.00 Kyurasao – Kot-d’Ivuar
01.00 Ekvador – Germaniya
04.00 Tunis – Niderlandiya
04.00 Yaponiya – Shvetsiya
07.00 Paragvay – Avstraliya
07.00 Turkiya – AQSh