Sport

JCh-26. Ochilish o‘yinida uchta qizil ko‘rsatildi

Published

on


Turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksika JAR ustidan oson g‘alabaga erishdi. O‘yinda uch futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatildi – bunaqasi JCh ochilish o‘yinlarida hali kuzatilmagan.

2026 yilgi jahon chempionati rasman start oldi. Meksika turnirning birinchi o‘yinida JAR ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi (2:0).

Meksika – JAR 2:0

Gollar: Kiniones, 9 (1:0). Himenes, 67 (2:0)

Meksika: Ranhel, Montes, Vaskes, Galyardo, Reyyes, Lira (Alvares, 76), Fidalgo (Mora, 66), Guterres (Chaves, 66), Kiniones (Vega, 79), Alvarado, Himenes (Gonsales, 76)

JAR: Uilyams, Mbokazi, Sibisi, Okon, Modiba (Appollis, 77), Mudau, Sitole, Adams (Zvane, 61), Mokoena, Foster (Mbata, 56), Rayners (Makgopa, 77)

Ogohlantirishlar: Guterres, 23 – Mokoena, 17. Sibisi, 74

Chetlatish: Sitole, 49. Zvane, 84. Montes, 90 

Afrikaliklar ikkinchi bo‘lim boshida, hisob 0:1 ekanida son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishdi. Yaya Sitole 49-daqiqada JChdagi debyut o‘yinida to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi – birinchi gol urilgan vaziyatda ham aynan u xatoga yo‘l qo‘ygandi. Qizil ko‘rsatilgan vaziyatda esa u Brayan Guterresni jarima maydoniga kirishda qo‘pollik ishlatib to‘xtatdi – hakam buni so‘nggi umid foli deb baholadi.

O‘yin oxirlashganida, hisob 2:0 ko‘rinishiga kelib bo‘lganida esa VAR aralashuvi JAR jamoasida ikkinchi qizil kartochkaga olib keldi. O‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Temba Zvane hujum vaqtida Alvaradoning boshiga qo‘li bilan zarba berdi. O‘yin bosh hakami Vilton Sampayo monitorga borib vaziyatni ko‘rib chiqdi va cho‘ntagidan qizil kartochkasini chiqardi.

Va bu hali hammasi emasdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Meksika ham o‘n kishi bo‘lib qoldi. Jamoa sardori Sesar Montes darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan Kxuliso Mudauni yiqitdi.

Ochilish o‘yinidagi uchta qizil kartochka – JCh tarixida ilk bor kuzatilmoqda. 

Yana nimalar bo‘ldi: Himenesning JChdagi ilk goli, 17 yoshli meksikalik debyuti

Meksika tarkiblar teng holatda ham, ko‘pchilik bo‘lib olganida ham kuchli o‘yin namoyish etdi.

● Mezbonlar ilk daqiqalardan bosim uyushtirdi. Jamoaning tajribali hujumchisi Raul Himenes 5-daqiqadayoq ajoyib imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo JAR darvozaboni Ronuen Uilyams uning kuchli zarbasini qaytardi.

● Lekin Uilyams 9-daqiqada to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi – meksikaliklar vingeri Hulian Andres Kiniones o‘z imkoniyatidan foydalandi. Bu vaziyatda Yaya Sitole pressing ostida to‘p yo‘qotdi va raqibga gol sovg‘a qildi. Meksikaliklar yarimhimoyachisi Erik Lira to‘pni egallab, darhol Kinionesga tashlab berdi, u esa markazga ko‘chdi va to‘pni darvozabon oyoqlari orasidan o‘tkazdi.

● Kiniones – KONKAKAF mamlakatlarining JChdagi ilk golni urgan ilk futbolchisiga aylandi. Qolaversa, bu meksikaliklar 2006 yildan buyon JCh o‘yinlarida urgan eng tezkor gol bo‘ldi – o‘shanda jamoa himoyachisi Rafael Markes Argentina darvozasini ishg‘ol etgandi.

Kiniones – Meksika milliy jamoasi safida o‘ynayotgan ilk kolumbiyalikdir. U Kolumbiyada dunyoga kelgan, ammo faoliyatining katta qismini Meksikada o‘tkazgan. Hozirda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» jamoasi safida to‘p suradi, u yakunlangan mavsumda Krishtianu Ronaldudan ko‘proq gol urgan: 33 gol va to‘rt assist.

● Ko‘pchilik bo‘lib qolganidan keyin meksikaliklar g‘alabali hisobni mustahkamlashdi. Himenes ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida urgan goldan keyin amalda o‘yinda intriga qolmadi: tajribali hujumchi Roberto Alvaradoning uzatmasidan unumli foydalandi. E’tiborli tomoni, bu uning JChdagi ilk goli bo‘ldi, holbuki u bungacha 2014 yildan buyon uchta jahon chempionatida ishtirok etgandi. Lekin oldingi turnirlarda unda o‘yin amaliyoti ko‘p bo‘lmagan va asosan zaxiradan maydonga tushgandi.

● O‘yinning oxirgi 25 daqiqasida Meksika safida 17 yoshli Hilberto Mora harakat qildi – u JCh-2026 ning eng yosh futbolchisidir. U maydonga tushayotganida tribunalarda yig‘ilgan muxlislar uning nomini aytib, olqishlashdi. Mora allaqachon Lamin Yamalning rekordlarini buzishga kirishgan. U xalqaro turnir o‘yinida g‘alabaga erishgan eng yosh futbolchidir: 16 yosh-u 265 kunligida KONKAKAF-2025 Oltin kubogini qo‘lga kiritgandi. Mahalliy «Tixuana» klubida o‘ynovchi ushbu yosh futbolchining natijasi Ginness rekordlar kitobidan o‘rin olgan.

● Meksikaliklar o‘yinda mutlaq ustunlikka erishdi: zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich 16:3 ko‘rinishini oldi. JAR juda bo‘sh ko‘rindi – amalda xavfli vaziyatlar yarata olishmadi.

Meksika keyingi turda Janubiy Koreyaga qarshi, JAR – Chexiya bilan o‘ynaydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version