Jamiyat
“Jangda o‘layotgan hamyurtlarimiz juda ko‘p”
Rossiyadan Ukrainadagi urushga tazyiq va aldov bilan olib ketilgan markaziy osiyoliklar, jumladan o‘zbekistonliklar kam emas. 30 yoshli Akbar Azizov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) RFda qurilish sohasida ishlar edi. Uning sumkasidan narkotik modda “topilib”, tazyiq ostida Ukrainaga jo‘natiladi. Urush dahshatlariga guvoh bo‘lgan Akbar rus ofitserlariga katta pora berib, Donetskdan qochishga muvaffaq bo‘ladi.
Akbar Azizov dam olish kunlarining birida restoranda ovqatlanib bo‘lib tashqariga chiqqanida yemakxonani OMONlar bosadi va uning sumkasidan narkotik moddasi topiladi. Bir muddat qamoqxonada o‘tirgan Akbar Ukrainaning Donetsk viloyatiga majburan olib ketiladi.
U 8 oy davomida janglarda qatnashadi. Tinchlik naqadar oliy ne’mat ekanini anglab yetgan Akbar jang maydonidan qochish payiga tushadi. Egniga Rossiya harbiy formasini kiyishga majburlangan hamyurtimiz katta pul evaziga Ukrainadan qochirib yuboriladi.
U boshidan o‘tkazganlarini Kun.uz’ga so‘zlab berdi.
“Dori” bilan ushlash va majburiy kontrakt
— Rossiya Federatsiyasida qurilishda ishlar edim. Dam olish kunlaridan birida shahar aylandik, qornimiz ochib ovqatlanish uchun oshxonaga kirdik. Oshxonaga kirgan paytimda organ xodimlari kirib keldi va sumkamni titkilab ochishdi. Sumka ichidan giyohvandlik moddasi “chiqdi”. Bundan hayron bo‘lmadim, o‘zlari atay “podstava” qilganini sezdim. IIB binosiga olib ketishdi.
Maxsus xonada so‘roq-savol boshlandi. Bu orada harbiylar kirishib: “O‘z ixtiyoring bilan Ukrainadagi urushga borish uchun shartnoma to‘ldirib ketasan, yoki qamalasan”, deyishdi. Majburlashsa-da, ularning aytganiga rozi bo‘lmadim. Harbiylar har kuni kirib majburlashda davom etishdi. Shunday qilib maxsus yerto‘lada 11 kun yotdim.
Chorasizlikdan elchixonadan odam chaqirtirdik. Ulardan najot chiqmadi. Urushga ketmaslikdan boshqa chora qolmagandi. Oxir-oqibat “o‘z ixtiyorim bilan urushga jo‘nayman” deb shartnomaga qo‘l qo‘ydim…
Urushga tayyorgarlik
Ukrainaning Donetsk viloyatiga yetib bordik. Tayyorgarlik 3 bosqichda, bor-yo‘g‘i ikki hafta bo‘lib o‘tdi. 1-bosqichda birinchi yordam ko‘rsatish va tibbiyot sohasidan dars berishdi. O‘q tekkanda yoki birorta jarohat olgan paytingizda nimalar qilish kerakligi o‘rgatildi.
2-bosqichda granatadan foydalanishni o‘rgatishdi. 3-bosqich ancha murakkab: qo‘lingizga avtomat beradi-da, mo‘ljalga olishni o‘rgatishadi, okoplarga tushirishadi, uning ichida qanday harakatlanish qoidalaridan saboq beriladi, granatomyot, pulemyotlardan otishni o‘rgatishadi… Xullas, ikki hafta ichida jangchi bo‘lib yetishdik…
Ixtiyoriy va majburiy safarbarlik
— O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi Ukrainadagi urushga pul uchun borishyapti. Shartnoma to‘ldirgan askar 1,5 milliondan 2,5 million rublgacha pul oladi. Agar yollangan harbiy oilali bo‘lsa, bolalari bog‘chalarda, davlat ta’limida bepul o‘qiydi. Bepul davolanadi va eng asosiysi davlat tomonidan ipoteka asosida uy beriladi. Shartnoma imzolagan shaxs o‘zi xohlagan oblastdan uy oladi. Uyning 50 foizini davlat to‘lab beradi, qolgani soddalashtirilgan tartibda 20 yoki 30 yilga bo‘lib to‘lanadi. Ko‘pchilik hamyurtlarimiz ana shularga qiziqib urushga ketyapti. “Podstava” usulida ketayotganlar ham bor, ular asosan kurerlar va taksistlar.
Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi moddiy manfaat topaman deb kelgan insonlar edi. Ularning barchasi bir kunda o‘ldi-ketdi.
Frontda nafaqat o‘zbeklar, Tojikiston, Qirg‘iziston fuqarolari ham bor. Boshqa davlatlarga qaraganda O‘zbekiston fuqarolari juda ham ko‘p. Ko‘pchiligi “podstava” yo‘li bilan borgan. Bir oyda urushga 200 nafar odam keladigan bo‘lsa, ulardan kamida 7-8 foizi O‘zbekiston fuqarolari bo‘ladi.
Ikki tojikni otib tashlashdi…
— Donetsk shahrida 8 oy davomida qo‘rquvda yashadim. Ko‘chalarda bemalol yurolmaysiz. Istalgan vaqtda tepangizga dron uchib keladi. Bir kunda kamida 10-15 ta havodan hujum bo‘ladi. 8 oy men uchun juda qiyin kechdi. Har qadamda yerda yotgan o‘liklarni ko‘rasiz. Jasadning ayrimlarini Rossiyaga jo‘natishadi, ko‘pini o‘sha joyga ko‘mib tashlashadi.
Urush dahshatlarini ko‘raverib, o‘sha muhitga sekin-asta ko‘nikishni boshladim. Psixolog topib gaplashmasangiz, o‘zingizni yo‘qotib qo‘yishingiz juda oson. Shartnomani bekor qilaman degani uchun ikki nafar Tojikiston fuqarosini poligondan olib chiqib, otib tashlashdi.
Urushdagi qiynoqlarni tasvirlab berolmayman. Tinchlikda yurib to‘satdan urushga borib qolgan har qanday odam qiynoqlarga dosh berishi juda ham qiyin. O‘zbekistondagi 1 daqiqalik vaqtimni u yerdagi 100 yilga ham almashmagan bo‘lardim. Chunki u yerda tinchlik degan narsaning o‘zi yo‘q. Uxlayotganda ham ishqilib portlab ketmaymizmikan, deb o‘ylanib yotasiz. Yurtimizdagi tinchlikka nima yetsin?!
Qochish
— Donetskning jang maydonlarida 8 oy yurdim. Har qadamda o‘liklarni ko‘raverib ruhiyatimga ta’sir qila boshladi. Qochish kerakligi haqida o‘ylab qoldim. Qochishni rejalashtirdim. Bunga yaqin tanishim yordam berdi.
Qochirib yuborishlari uchun katta summa so‘rashdi. Aytilgan summani keltirib berganimdan keyin, shturmlar boshlangan paytda qochishimga sharoit yaratib berishdi. Rus ofitserlariga katta miqdorda pul berdim. Qochishim uchun ota-onam pul topib berishdi. Tirik qolish imkoniyatini o‘zim yaratdim. U yerdan qochib kelishimga qarz oldik, mol-mulklarim sotildi. Juda ham katta miqdorda qarzga botib qolganman hozir. Mana shu qarz yordamida qochib keldim. Aks holda, balki o‘lib ketgan bo‘lardim.
Bank kartamga pul kelib tushdi, bankomatdan ularni yechib, naqd pul ko‘rinishida ofitserlarga berdim. Ushlanib qolishlaridan qo‘rqishdi chog‘i, kartalariga tashlab berishimga ko‘nishmadi.
Pul evaziga qochirib yuborishlarini taklif qilishga qildim-ku, otib yuborishmasmikan, o‘ldirib yuborsa nima bo‘ladi, degan qo‘rquvlar bo‘ldi. Lekin yashashni istaganim uchun majbur bo‘ldim. Taklifimni qabul qilgan ofitser yordami bilan qochishga muvaffaq bo‘ldim.
Bu bizning urush emas!
— Ukrainadagi urushga bormoqchi bo‘layotganlarga maslahatim, hech qachon u yerga bormang. Boshqa davlat tomonida turib jangda qatnashish umringizdagi eng katta xato bo‘ladi. Bu bizning urush emas. Tinchlikda o‘tayotgan 1 daqiqangizni u yerdagi 100 milliardga almashmang. Pul uchun aldanib qolmang.
Ukrainada tuni bilan mijja qoqmay ertaga ustimga bomba tushib o‘lib qolmaymanmikan, deb o‘ylanib chiqasiz. Eng dahshati, oldingizda birga ketayotgan odamning qanday o‘lim topganini ko‘rishingiz ham mumkin. Bunday vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan.
Kunlarning birida sherigim bilan ko‘chaga chiqdik. Harbiy sumkalarni aytilgan manzilga olib borib tashlab kelishimiz kerak edi. Yo‘lda ketayotgan paytimizda ukrainaliklar droni keldi. Undan qochamiz deb, orqa tomonga yugurdim, sherigim gapimni eshitmadi yo ahamiyat bermadimi, bilmadim. O‘sha dron uning yonida portladi. Do‘stimning tanasi atrofga qanday sochilib ketganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Ko‘pchilik urushga Rossiya fuqaroligini olish yoki uy olaman deb borib oladi-da, urush nimaligini ko‘rgandan keyin afsuslanishadi. Lekin kech bo‘lgan bo‘ladi. Rasmiy axborotlarda o‘limlar soni atay kamaytirib ko‘rsatilyapti. Janglarda o‘lganlar va o‘layotganlar juda ko‘p…