Sport
«Jahon chempionligi uchun imkoniyatlarimdan foydalanishga harakat qilaman»
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov da’vogarlar turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahon chempionligi uchun bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritdi.
Kiprda o‘tgan musobaqadan so‘ng u bo‘lajak final uchrashuvi haqida fikr bildirib, bellashuv oson bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Men bu haqda ko‘p o‘ylashni istamadim. Yil oxirida meni juda qiyin o‘yin kutayotganini bilaman», – dedi Sindarov.
Ma’lumot uchun, u jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi bahs olib boradi. Sindarov raqibining tajribasini tan olgan holda, o‘z imkoniyatlariga ham ishonch bildirdi.
«Unda bu kabi o‘yinlarda tajriba bor. Ammo menda ham juda yaxshi jamoa bor, tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar mavjud. Shuning uchun ko‘p ishlab, imkoniyatlarimdan foydalanishga harakat qilaman», – dedi u.
Grossmeyster da’vogarlar turnirining o‘zi ham oson kechmaganini ta’kidladi.
«Bu juda uzoq va qiyin turnir bo‘ldi. Har bir tur juda murakkab o‘tdi. Oxirgi kunlarda hatto yaxshi uxlay olmadim. Ammo hozir juda xursandman. Oilamga, murabbiylarimga va meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat», – dedi Sindarov.
Sindarov so‘nggi turdagi partiya psixologik bosimsiz o‘tishini aytdi. Shuningdek, u e’tiborini nafaqat o‘z o‘yiniga, balki ayollar o‘rtasidagi da’vogarlar turniriga ham qaratishini bildirdi:
«Ertangi partiya bosimsiz o‘tadi. Shu bilan birga, Sarani (qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva, -tahr.) ham qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Uning ham imkoniyatlari yaxshi».