Sport
Jahon chempionatida guruhdan chiqishimiz hayron qolarli ish bo‘lmaydi!
O‘zbekiston Milliy jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanma olgach, yurtimizda futbolga qiziqish chandon ortdi. Avvaldan ham futbol mamlakati hisoblangan O‘zbekistonda endi bu sport turi yanada ommalashmoqda, muxlislar va OAV tomonidan avvalgidanda ko‘proq muhokama mavzusiga aylanmoqda. Ayniqsa, Mundial yo‘llanmasi uchun kurashgan futbolchilarimizga e’tibor yanada oshdi.
Jahon chempionati saralash bosqichida maydonga chiqqan, o‘zini ko‘rsatgan, ko‘p mehnati singgan futbolchilar bilan intervyular berib boryapmiz. Navbat “Istanbul Bashakshehir” klubi va milliy jamoa hujumkor yarimhimoyachisi Abbos Fayzullayevga. Biz Istanbulga safarimiz davomida Milliy jamoamizning muxlislar yoqimtoyiga aylangan futbolchimiz bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdik.
Milliy jamoadagi raqobat
– Men milliy jamoaga eng kichik o‘yinchilardan biri sifatida borganman. Ammo baribir o‘sha raqobatga tayyor bo‘lib borish kerak. Balki o‘sha payt tayyor bo‘lmagan bo‘lishim mumkindir, lekin katta futbolda o‘zingizga ishonchingizni maydonda ko‘rsatmasangiz, bunaqa raqobatni yorib o‘tish qiyin. Boz ustiga milliy jamoada bosim ham kuchli, tajribaliroq o‘yinchilar bor u yerda.
Futbolda joy hech qachon kafolatlanmaydi. O‘sha paytdagi holatingizdan kelib chiqib, agar yaxshi formada bo‘lsangiz, trener loyiq ko‘rsa, o‘yinga tushiradi. Agar yomon formada bo‘lsangiz, terma jamoa mas’uliyati kuchli bo‘lgani uchun bunaqa riskka hech kim bormasa kerak.
Rossiyadan Turkiyaga
TsSKAda sovrinlarni yutdik, bundan xursand edim. Biroq yangi murabbiy kelgach, maydondagi pozitsiyamni o‘zgartirdi. Bu esa o‘yinimda pasayish bo‘lishiga sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki avval unaqa pozitsiyada o‘ynamaganman, unday funksiyalarni bajarmaganman. Shu tufayli o‘sishdan to‘xtadim ozroq, menimcha.
Shartnomam tugashiga bir yil qolgan edi. Faoliyatimda o‘zgarish qilishni, Yevropada o‘ynashni, yevrokuboklarda ishtirok etishni istadim. Moskvada hammasi yaxshi edi, meni klubdagilar ham, muxlislar ham yaxshi ko‘rishardi. Biroq yevrokuboklarda o‘ynash, top-5 chempionatlardan biriga o‘tish uchun tramplinni izlash istagi Turkiyani tanlashda muhim rol o‘ynadi. Siyosiy holat tufayli Rossiyadan yanada kuchliroq joyga ketish amrimahol edi. Turkiyada esa bunday to‘siq yo‘q.
Hozir bosh murabbiy Nuri Shahin bilan munosabatlarimiz yaxshi, o‘yin amaliyoti bor. Turkiyadagilimdan mamnunman.
Boshida bu yerda ham oson bo‘lmadi. Moslashishga vaqt kerak bo‘ldi. Boz ustiga Shahindan avvalgi murabbiy meni o‘yinlarga tushirmadi. Xafa bo‘ldim. Keyin esa endigina o‘yinlarda qatnasha boshlagach, milliy jamoada jarohat oldim. Biroq aybni o‘zimdan qidirdim va bu pauzalar menga foyda bo‘ldi, deyishim mumkin. O‘tirib, hammasini o‘ylab oldim. Bunaqasi ketmaydi, dedim o‘zimga o‘zim.
Yevropa ambitsiyalari haqida
Idealimda “Barselona”da o‘ynash. Ammo real qarasak, bu juda qiyin. Aqalli ispaniyaning o‘rtamiyona jamoalaridan biriga o‘tib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish. Uyog‘ini keyin ko‘ramiz. Men doim Ispaniyada o‘ynashni orzu qilganman va bu maqsadimdan chekinmayman. Agar pul ustuvor bo‘lganida, Saudiya Arabistoniga ketishim mumkin edi, chunki bu variant ham bor edi menda. Aynan top-5 chempionatlaridan birida o‘ynash istagim tufayli Turkiyadaman.
Jahon chempionatiga yo‘llanma haqida
Jahon chempionatiga yo‘l oson bo‘lmadi. Abu-Dabidagi o‘yinda hakam hushtak chalganidan keyin barcha orzularim, butun faoliyatim ko‘z oldimdan o‘tdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Stadionda otam va akam bor edi. Ularning xursandchiligini ko‘rdim. O‘zim uncha-munchaga yig‘laydigan odam emasman, ammo o‘sha payt quvonch ko‘zyoshlarini tiyolmadim.
Keyingi Qatarga qarshi o‘yinga bemalol, hech qanaqa bosimsiz, erkin, faqat futboldan zavq olish uchun chiqdik.
“Jahon chempionatida biz…”
Orzu o‘z yo‘liga, biroq real qaraydigan bo‘lsak…
Jahon chempionatiga hech kim yutqazamiz deb bormaydi. O‘zimizdan maksimal ko‘proq narsani xohlashimiz kerak. Guruhdan chiqsak, menimcha, hech kim bundan norozi bo‘lmaydi. Asosiy o‘yinchilar sog‘-omon bo‘lib tursa, guruhdan chiqishimiz mumkin. Buni inkor qilmasdim. Kolumbiya ham, Portugaliya ham kuchli raqib. Lekin futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
Ruhiy jihatdan Mundialga tayyorman. Shuncha vaqtdan beri orzu qilib yurib, erishgandan keyin uyoqqa tayyor bo‘lmay borishning iloji ham yo‘q va haqqimiz ham yo‘q. Ota-ona, yaqinlar, O‘zbekiston bizga ko‘z tikib turibdi, axir.
Abbos Fayzullayev bilan to‘liq intervyuni Kun.uz’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Sport
«Bavariya» bir mavsumda gol kiritish bo‘yicha Bundesliga rekordini yangiladi
Raqiblar darvozasiga 105 ta gol kiritgan «Bavariya» 1971/72 yilgi mavsumda o‘zi o‘rnatgan rekordni yangiladi.
Myunxenning «Bavariya» jamoasi bir mavsumda gol kiritish bo‘yicha Bundesliganing yangi rekordini o‘rnatdi.
Germaniya chempionatining 29-turida «Sankt-Pauli»ga qarshi maydonga tushgan myunxenliklar raqiblar darvozasiga javobsiz beshta to‘p kiritishdi.
Hozirda «Bavariya» hisobida 105 ta gol bor. Klub ushbu ko‘rsatkich bilan 1971/72 yilgi mavsumda o‘zi o‘rnatgan rekordni yangiladi. O‘shanda jamoa 101 ta gol kiritgandi.
«Bavariya» 76 ochko bilan Bundesliga turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda.
To‘purarlar bahsida esa «Bavariya» hujumchisi Harri Keyn 31 ta gol bilan yetakchi bo‘lib turibdi.
Sport
Sindorov Karuana bilan durang o‘ynadi
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 11 aprel kuni Nomzodlar turnirining 11-turida amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi qora donalarda o‘ynadi.
Bahs durang bilan yakunlandi. Sindorov birinchi davrada oq donalarda o‘ynab, dunyoning 3-raqamli shaxmatchisidan ustun kelgandi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi ushbu turdan so‘ng 8,5 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Uning eng yaqin ta’qibchisi, hindistonlik Anish Giri hisobida 6,5 ochko bor.
12-tur bahslari 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Sindorov amerikalik Hikaru Nakamuraga qarshi dona suradi.
Nomzodlar turniri yakunlanishiga yana 3ta tur qoldi. Musobaqa g‘olibi 70 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritadi va shaxmat toji uchun amaldagi chempion hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Sport
Shomurodov dublga erishib, Turkiya superligasidagi golsiz seriyasiga yakun yasadi
Eldor Shomurodov 18 ta gol bilan to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Turkiya Superligasi 29-turi doirasida “Istanbul Boshoqshehir” o‘z maydonida “Genchlerbirligi”ni qabul qildi.
Mezbonlarning uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov 9- va 40-daqiqalarda mehmonlar darvozasiga gol urib, dublga erishdi. U 80-daqiqada zaxiraga olindi.
Bahs “Istanbul Boshoqshehir”ning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Eldor Shomurodov Turkiya superligasida beshta o‘yindan buyon maydonni golsiz tark etayotgandi.
Istanbul jamoasi ayni damda 47 ochko bilan beshinchi o‘rinda, Shomurodov esa 18 ta gol bilan to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda bormoqda.
To‘purar poygasida “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu 22ta gol bilan yetakchilik qilmoqda.
Sport
«Sindorov-Karlsen bahsini jon deb ko‘rgan bo‘lardim»
Shaxmat bo‘yicha 13-jahon chempioni Garri Kasparov o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi muvaffaqiyatli yurishiga izoh berdi.
Foto: Instagram / javokhir_sindarov
«Hozirgi vunderkindlar 12-13 yoshda grossmeysterga aylanyapti. Ularning darajasini 15 yoshida grossmeyster bo‘lgan Bobbi Fisher darajasiga tenglashtirgan bo‘lardim.
Lekin deyarli tajribaga ega bo‘lmagan turnirning eng yosh qatnashchisi barcha tajribali raqiblarini yengishi ajoyib. Men Sindorov-Karlsen bahsini jon deb tomosha qilgan bo‘lardim. Bu men uchun haqiqiy match bo‘lgan bo‘lar edi», dedi u.
Ayni vaqtda Javohir qora donalar bilan Fabiano Karuanaga qarshi o‘ynamoqda.
Sindorov Nomzodlar turnirida 8 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Uning eng yaqin ta’qibchisi Anish Giri bilan oradagi farq endi 2 ochkoni tashkil etmoqda va qolgan 4 turda bu farqni yo‘qqa chiqarish deyarli imkonsiz ish.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik shaxmatchi Nomzodlar turnirida eng ko‘p g‘alabaga erishgan shaxmatchi sifatida rekord o‘rnatdi, turnirda hozirgacha hech kim 6 marta g‘alaba qozonmagandi.
Sport
Toshkent taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
2026 yilning 12–17 aprel kunlari Toshkent ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Dunyo birinchiligida 115 ta mamlakatdan 1500 nafardan ziyod sportchi va murabbiy ishtirok etishi kutilmoqda. Taekvondo ustalari 20 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Toshkentda ilk bor taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi 15-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Musobaqa oldidan 10 aprel kuni katta matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovdan musobaqaning ahamiyati va unga ko‘rilgan tayyorgarlik jarayonlari haqida so‘radi.
— Sherzod aka, musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirib bersangiz.
— Bu musobaqa bizda ilk marotaba o‘tkazilyapti. Xabaringiz bor, ko‘plab jahon chempionatlari bo‘lib o‘tadi, lekin 115 ta davlat qatnashayotgan bunday yirik turnir aynan taekvondo bo‘yicha birinchi marta o‘tkazilmoqda. Biz ishtirokchilarni ilk bor Olimpiya shaharchasida qabul qilamiz. Barcha tayyorgarlikni ko‘rganmiz va bu borada Xalqaro federatsiyani ishontirganmiz. Yangi O‘zbekistonda bir nechta yirik chempionatlarni o‘tkazganimizdan so‘ng, taekvondo musobaqasi ham o‘z nufuziga ega bo‘ladi.
— 986 nafar sportchi bu juda katta ko‘rsatkich, shundaymi?
— Ha, bu juda katta raqobat. Oxirgi marta Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 570 nafar sportchi ishtirok etgan edi. Hozir esa 986 ta. Bu shu sport turi dunyoda rivojlanib kelayotganini anglatadi. O‘zbekistondagi chempionat juda raqobatli bo‘ladi. O‘ylaymanki, bizning sportchilarimiz bunga tayyor. Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan hamma sharoitlar yaratildi. Barcha xalqaro va mahalliy o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Li Konstantin boshchiligida asosiy terma jamoa saralab olindi va ularga shaxsiy murabbiylar ham biriktirildi. Bu puxta tayyorgarlikka katta poydevor bo‘ladi.
— Musobaqa jarayonida yangi texnologiyalar, masalan, VAR yoki elektron tizimlar qo‘llanadimi?
— Albatta. Xalqaro taekvondo WT federatsiyasi tomonidan doimiy o‘zgarishlar kiritilmoqda. Bu yangiliklar hakamlar xatosini kamaytirish va sport turini mukammallashtirishga xizmat qiladi. Bosh qismiga beriladigan zarbalar va VAR tizimi bo‘yicha mukammalroq tizim yaratilyapti. Bu jahon chempionatidagi o‘zgarishlar Los-Anjyeles olimpiadasiga ham tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
— Translatsiya va muxlislarning kirishi masalasi qanday bo‘ladi?
— Translatsiya bo‘yicha Xalqaro federatsiya mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Dunyo bo‘ylab 200 dan ziyod davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Sport» kanalida ham translatsiya bo‘ladi. Muxlislarga kelsak, Toshkent ko‘chalarida roliklar joylashtirilgan. Kirish mutlaqo bepul, barcha fuqarolarimiz va muxlislarimiz kelib, sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
Shu o‘rinda Kun.uz muxbiri musobaqa ishtirokchisi, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Omadbek Otabekovga ham yuzlandi:
— Omadbek, qaysi mamlakatlarni favorit deb hisoblaysiz? Bizning sportchilarimiz-chi?
— Koreya, Qozog‘iston va Eron davlatlarini favorit deb hisoblayman. Albatta, 20 nafar sportchimiz bilan O‘zbekiston terma jamoasini ham favorit desak bo‘ladi. Tayyorgarliklar a’lo darajada. Xudo xohlasa, faxrli birinchi o‘rinlarni olib kelamiz deb o‘ylayman.
— Jang oldidan, avvalambor, trenerim va uydagilarning qo‘llab-quvvatlashi menga kuch beradi va bosimni yengishga yordam beradi.
— Agar medal olsangiz, bu keyingi natijalaringizga qanday ta’sir qiladi?
— To‘xtab qolish yo‘q, faqat yaxshi ta’sir qiladi. Jahon chempionatini yutsak, keyingi yili kattalar toifasiga o‘tamiz. Bu men uchun yaxshi pog‘ona bo‘ladi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot3 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Siyosat3 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Sport4 days agoO‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
-
Dunyodan5 days ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Siyosat5 days agoPrezident sobiq maslahatchisi Vyacheslav Golishev vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBirjadagi oxirgi 2 savdo sessiyasida dizel narxi 17,5 foizga qimmatlashdi
