Sport
Jahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
Barcha o‘yinni yutqazgan Tunis milliy jamoasining sakkiz nafar futbolchisi doping-testi musbat natija ko‘rsatdi.
Tunis milliy jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan kamida 8 nafar futbolchisi doping-testi musbat natija ko‘rsatdi, deb xabar berdi Daily Mail.
Tekshiruvlar o‘pkadagi nafas yo‘llarini bo‘shashtiruvchi dori — klenbuterol borligini ko‘rsatdi. U Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Biroq, keyinchalik rasmiylar moddaning mavjudligi Meksikadagi jamoa bazasida mahalliy go‘shtni iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aniqladi.
Futbolchilarning klublari allaqachon vaziyatdan xabardor qilingan, biroq o‘yinchilarga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanilishi dargumon.
Ba’zi mamlakatlarda, jumladan, Meksikada, klenbuterol chorvachilikda qoramollarning o‘sishini tezlashtirish uchun ishlatiladi, shu sababli ilgari ham sportchilarning organizmiga ovqat orqali modda tushishi holatlari qayd etilgan. 2011 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 109 nafar futbolchi ijobiy test topshirgan, ammo FIFA va WADA oziq-ovqat ifloslanishini sabab qilib, sanksiyalar qo‘llamagan edi.
Tunis milliy jamoasi turnirda muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi: Shvetsiya (1:5), Yaponiya (0:4) va Niderlandiyaga (1:3) yutqazib, guruh bosqichidagi ishtirokini yakunladi.
Birinchi o‘yindan so‘ng federatsiya bosh murabbiy Sabri Lyamushini ishdan bo‘shatdi – Tunis jahon chempionatlari tarixida bir o‘yindan so‘ng murabbiyni almashtirgan ilk davlat bo‘ldi.