Jamiyat
Iyun oyida qanday ob-havo kutiladi? Mutaxassislar izohi
Bu yil yoz quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1-7-iyun kunlari respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin 35-38 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 40 darajagacha ko‘tariladi.
Keyinchalik oy oxirigacha harorat 33-38 darajadan 25-30 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq kunlarda harorat 39-41 darajagacha ko‘tariladi.
Birinchi o‘n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Bu yil issiq kunlar aprel oyida ham kuzatilganligi sababli, ushbu yilning yoz fasli qanday bo‘ladi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirib kelmoqda. Juda issiq bo‘ladimi? Bu savolga javob berish juda murakkabdir. Sayyoramizda sodir bo‘layotgan global isish haqiqatan ham yozning juda issiq bo‘lish xavfini oshiradigan omillardan biridir.
Shu bilan birga, global isish yillararo yuqori o‘zgaruvchanlik fonida sodir bo‘lmoqda. Bu har bir keyingi yoz fasli avvalgisiga qaraganda iliqroq bo‘ladi degani emas.
Bundan tashqari, 2025-yil boshida okeanning isishiga olib keladigan El-Nino hodisasi yakunlandi va okean neytral holatga qaytdi.
Biroq, kuchli El-Ninodan keyin okean yuzasi harorati ancha yuqori bo‘lib qolmoqda, bu esa atmosfera holatiga ta’sir qiladi: okeanlardan uzatiladigan issiqlik havo haroratining oshishiga sabab bo‘ladi.
Biroq, bu issiqlik butun dunyo bo‘ylab qanday taqsimlanishini aytish mumkin emas.
O‘zbekistonda yoz asosan quruq va issiq bo‘ladi – bu bizning O‘rta Osiyo iqlimimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bundan tashqari, so‘nggi 50 yil ichida yoz fasllarining o‘rtacha harorati ko‘tarilishi barqaror tendensiyasi kuzatilib kelinmoqda.
O‘zgidrometning jahon prognozlash markazlari hisob-kitoblariga asoslangan dastlabki bahosiga ko‘ra, bu yilgi yoz faslining o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Yozgi mavsum davomida, albatta, ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan juda issiq ob-havo davrlari ham qayd etiladi. Ammo yoz uchun nisbatan qulay harorat fonida issiqning pasayish davrlari ham kuzatiladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
Jamiyat
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.
Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.
Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
Jamiyat
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan izoh berdi.
Uning qayd etishicha, ikki vazirlikni birlashtirishdan asosiy maqsad — ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizimda boshqarish va sifatni alohida nazorat qilishdan iborat.
Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligi bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, ularning operatsion jarayonlari, ta’lim talablari, litsenziyalash va akkreditatsiya uchun mas’ul bo‘ladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish va natijalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon «O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti» asosida yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 28 sentyabrdagi taqdimotida ham yangi maktab bitiruvchisi modelida zamonaviy ko‘nikmalar, mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatiga urg‘u berilgan edi.
Prezident Administratsiyasi va uning huzuridagi maxsus ishchi guruh yangi vazirlik tuzilmasi, ish jarayonlari hamda islohotning umumiy strategiyasini ishlab chiqadi.
Oliy ta’limda esa davlat aralashuvini kamaytirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish, nodavlat sektor uchun imkoniyatlarni oshirish va sifatni raqobat hamda bozor talabi orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan.
-
Jamiyat2 days ago
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
-
Jamiyat1 day ago
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
-
Jamiyat3 days ago
Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
-
Jamiyat3 days ago
Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi
-
Iqtisodiyot6 hours ago
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
