Jamiyat

Iste’molchilar chiqindini olib ketmagan korxonani antiqa yo‘l bilan jazoladi

Published

on


Yangi Namangan tumani Yangi zamin mahallasida chiqindilar bir necha oydan beri olib ketilmayotgan edi. Chorasiz qolgan aholi vakillari ularni mashinaga yuklab, “Musaffo iqlim” MChJ qarshisiga tashlab ketdi. “Bu birinchisi emas, o‘tgan yili dekabrda ham ko‘chada oylab qolib ketgan chiqindilarni ofislari qarshisiga tashlab ketgan edik. Shu voqeadan keyin natija bo‘lgandi”, deydi Kun.uz bilan suhbatda mahalla oqsoqoli.

Yangi zamin mahallasida yashovchi Ilhom Mamasoliyevga ko‘ra, chiqindi oylar davomida olib ketilmagani ortidan atrofda chiqindi uyumlari hosil bo‘lgan.

“25 mart kuni safardan qaytdim. Kelsam, eshigimning tagi chiqindixonada bo‘lib ketibdi… Asabim buzildi. Bir necha oylardan beri mahallamizdan chiqindi olib ketilmagan edi.

Nima qilishni bilmay, 90 yoshga borib qolgan qo‘shnim Hakimjon otani chaqirdim. Uning “Moskvich” mashinasiga bir nechta qopdagi chiqindilarni yuklab, “Musaffo iqlim” MChJ idorasi qarshisiga borib to‘kdik. Keyin bu lavhani Instagram va Facebook’dagi shaxsiy profilimga joyladim.

Chiqindilarni ag‘darishdan avval idorasiga kirib, dardimizni aytdik ham. Lekin ular murojaatimizga e’tibor ham berishmadi. Ilojsizlikdan shu ishni qildik-da. Buning ortidan natija bo‘ldi, albatta. Mana bo‘lar ekan-ku.

Mahallamiz “Musaffo iqlim” MChJ bilan shartnoma qilgan. Xizmat ko‘rsatiladimi-yo‘qmi, farqi yo‘q, to‘lov qilmasak qarzdorlik yoziladi.

Chiqindilarni olib ketinglar deb, salkam 6-7 oydan beri murojaat qilamiz. Tarqagan lavhadan keyin: “Biz aholiga xizmat ko‘rsatganmiz, xizmat ko‘rsatilgan paytda shu ikki fuqaro xonadonda bo‘lmagan”, deya yolg‘on munosabat berishdi. Mayli, endi nima ham deymiz? Ayb bizda ekan-da. Aybni o‘zimizga ag‘darishdi”, – deydi Ilhom Mamasoliyev.


“Musaffo iqlim” MChJ binosi qarshisiga chiqindi ag‘dargan Ilhom Mamasoliyev qo‘shnisi Hakimjon ota Ahmedov bilan

“Kombi”mashinasiga chiqindi yuklagan Hakimjon ota Ahmedov 2025 yilning dekabr oyida ham chiqindilarni yig‘ib, idora eshigi yoniga tashlab ketganini aytadi.

“Chiqindi xizmati uchun shartnoma qilganmiz. Bir oyda to‘rt marta chiqindini olib ketishlari kerak. Lekin ular har xil bahonalar bilan bir oyda ikki marta kelamiz deyishdi. Unga ham rozi bo‘ldik.

2025 yilda ham chiqindi to‘planib ketib, hammayoq badbo‘y hidga to‘lgan edi. O‘shanda ham mana shu “Kombi”mashinamga yuklab, idora yoniga tashlab kelgan edik. Bu safargisida imkon bo‘lmadi, bormagan joyimiz qolmadi. Ichki ishlarga murojaat qilmadik xolos. Hokimiyatgacha chiqdik.

Aslida pulni avtomatik ravishda olishaveradi, lekin xizmat ko‘rsatishmaydi. Oxirgi marta yanvar oyida kelishgan. Shu bo‘yicha to‘xtagan. Fevral o‘tdi kelmadi, mart o‘tdi kelmadi. Hamma joyni chiqindi bosib ketdi. O‘sha kuni qo‘shnim Ilhomjon bilan tarmoqlarda tarqagan ishni qildik. Boshqa ilojimiz qolmagandi.

To‘kishdan avval idorasiga kirib, dardimizni aytsak, hech kim pisad qilmadi-da bizni. Chiqindi mashinasi kelmasa, mana “Moskvich”im xizmat qiladi. Chiqindini olib ketishmasa, yana olib borib to‘kib kelamiz”, – deydi Hakimjon ota Ahmedov.

Holatga izoh olish uchun “Musaffo iqlim” MChJning hududiy rahbari Abdulboqiy Maqsudov va maishiy chiqindilarni tashish xizmati nazoratchisi Qobil Saidov bilan telefon orqali muloqot qildik. Ular qishdagi metan muammosi va maxsus mashinalar ta’mirda bo‘lib qolgani kabi sabablar tufayli xizmat ko‘rsatishda uzilishlar bo‘lganini bildirdi.

Namangan viloyati hokimligi 1 mart kuni bergan xabarida, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Musaffo iqlim” MChJ faoliyati bilan tanishgani, tizimga yangi investor jalb etilgani aytilgan.


Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Xabarda aytilishicha, “Musaffo iqlim” MChJ – Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 964 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Xizmat hududida 17 812 nafar yuridik shaxs faoliyat yuritadi, shundan 4 516 tasi aynan ushbu tashkilot bilan chiqindilarni olib ketish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

Tasvirga olish jarayonida Yangi Namangan tumanining Islomobod mahallasida yashovchi fuqarolar ham bir necha oydan beri chiqindi olib ketilmayotganidan shikoyat qilishdi. Ularning aytishicha, chiqindi xizmati uchun to‘lov oyma-oy qilinadi, lekin shunda ham xizmat ko‘rsatilmaydi.

“Chiqindi xizmati uchun to‘lovni vaqtida amalga oshiramiz, yana ko‘chada to‘planib uyum bo‘lib yotgan qoplarni olib ketish uchun ham alohida pul yig‘ib, mashina yollab ularni bir joylarga tashlab kelamiz”, deydi mahalla aholisi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version