Dunyodan
Isroil falastinlik mahbuslarni himoya qilish uchun timsohlardan foydalanmoqchi
Isroil atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Yidit Shirman Nil timsohini ko’payuvchi yovvoyi hayvon deb e’lon qildi. Bu chora Isroil qamoqxona maʼmuriyatiga falastinlik mahbuslar saqlanayotgan qamoqxonalarni qoʻriqlash uchun timsohlardan foydalanish imkonini beradi.
Euronews xabariga ko‘ra, vazirlik huquqshunoslari bu qarorga qarshi chiqishgan.
Mamlakat Tabiat va milliy bog‘lar vazirligi ham yovvoyi hayvonlarni faqat ilmiy va o‘quv maqsadlarida saqlash mumkinligi haqida bayonot berdi.
2025-yil dekabrida Isroil hukumatining radikal aʼzosi va Davlat xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir falastinlik mahbuslar saqlanayotgan qamoqxonalarni qoʻriqlash uchun timsohlardan foydalanishni taklif qildi.
Tashabbus egalari timsohlardan AQSh va Janubiy Amerika mamlakatlaridagi qamoqxonalarni qo‘riqlashda foydalanilayotganini da’vo qilishdi. Biroq huquqshunoslarning aytishicha, amaliyot vaqti-vaqti bilan kuzatilgan bo‘lsa-da, muntazam ravishda amalga oshirilmagan.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroilni xavfsizlik nuqtai nazaridan falastinliklarni aybsiz qamoqqa tashlaganlikda tanqid qilmoqda. Bu amaliyot, ayniqsa, 2023-yil 7-oktabrdan keyin kuchaydi.
BBC maʼlumotlariga koʻra, Gʻarbiy Sohildagi deyarli har bir oila vakillari Isroil qamoqxonalarida vaqt oʻtkazgan. Harbiy asirlar Isroilning ichki qismida saqlanayotganligi sababli, ularning qarindoshlari ularning qayerda ekanligi haqidagi xabarlarga ega emaslar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko’ra, 1967 yildan beri Isroil 800 mingdan ortiq falastinlikni sababsiz yoki mayda ayblar bilan hibsga olgan.
“Isroil harbiy bosqinchi rejimi bosib olingan Falastin hududlarini ochiq qamoqxonalarga aylantirdi”, – dedi BMT maxsus ma’ruzachisi Francheska Albanese.
Hibsga olingan falastinliklarning ko‘pchiligining bolalar bo‘lishi xavotirga sabab bo‘lmoqda.
Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti Isroil qamoqxonalarida falastinlik mahbuslarga nisbatan qiynoqlar, jismoniy va jinsiy zo‘ravonliklardan xavotir bildirdi.
Tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha direktor oʻrinbosari Sara Xasash Negev choʻlidagi Sde Teyman qamoqxonasida falastinlik mahbuslarga nisbatan gʻayriinsoniy muomala va qiynoqlarga oid dalillar borligini aytdi.
Mart oyida Isroil parlamenti (Knesset) terrorchilik hujumlarida ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosini standart jazo sifatida belgilovchi qonunni qabul qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlar agentligi rahbari va Yevropa davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya vakillari qonunni demokratik tamoyillarga zid deb qoraladi.