Sport

Ispaniya Isroil g‘azabiga uchragan Lamin Yamalni yolg‘izlatib qo‘ymadi

Published

on


Futbol yulduzi, «Barselona» jamoasi hujumchisi Lamin Yamal Isroil rasmiylarining bosimiga uchradi. Ispaniya rahbariyati yosh futbolchining yonini oldi.

11-may kuni «Barselona» jamoasi Ispaniya chempionatidagi g‘oliblikni muxlislar bilan birgalikda ommaviy ravishda nishonladi. Futbolchilar Barselona ko‘chalari bo‘ylab avtobusda o‘tar ekan, Lamin Yamal Falastin bayrog‘ini hilpiratgani dunyo ahlining e’tiborini tortdi.

Falastinning mazlum xalqiga xayrixoh bo‘lgan millionlab odamlar Yamalning bu harakatini olqishladi.

Isroil mulozimlari esa kutilganidek bundan darg‘azab bo‘ldi. Xususan, yahudiy davlati mudofaa vaziri ispan yulduzini «nafrat tarqatish» da aybladi.

«Men «Barselona»dek buyuk va hurmatli klub bu bayonotlardan o‘zini uzoq tutadi hamda terrorizmga undash va uni qo‘llab-quvvatlashga joy yo‘qligini aniq-ravshan bildiradi deb umid qilaman», – deb yozgan Isroil mudofaa vaziri.

Isroil vaziri BMT rezolyusiyalariga muvofiq suveren davlat maqomiga ega hamda dunyoning 160 ga yaqin mamlakati tan olgan Falastin bayrog‘ini hilpiratish nega terrorizmni qo‘llash deb hisoblanishi kerakligiga oydinlik kiritmagan.

Ushbu holatga munosabati bildirgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches to‘laqonli ravishda Lamin Yamalni qo‘llab-quvvatladi.

«Davlat bayrog‘ini hilpiratishni nafrat tarqatish deb da’vo qilayotganlar yo aqldan ozgan, yo sharmandali ishlari sabab ko‘rish qobiliyatidan mosuvo bo‘lgan. Lamin millionlab ispanlar xayrixoh bo‘lgan Falastin bilan birdamlik izhor qildi. U bilan faxrlanishimiz uchun yana bir sabab bu!» – deb yozdi Pedro Sanches X platformasidagi rasmiy kanalida.

Ma’lumot o‘rnida: dunyo futbolining yangi porlayotgan yulduzi deb ta’riflanayotgan Lamin Yamal 2007-yilda Ispaniyada Marokash va Ekvatorial Gvineya vakillari xonadonida tug‘ilgan.

Yamalning ayni paytda og‘ir ahvolda qolgan Falastinni qo‘llab-quvvatlashi G‘azo ahlini to‘lqinlantirib yuborgani aytilmoqda. Jumladan, G‘azodagi qochqinlar lagerida vayron bo‘lgan bino devoriga Yamalning Falastin bayrog‘ini hilpiratayotgani aks etgan surati chizilgan.

2024-yil may oyida Falastin davlatini tan olgan Ispaniya hukumati xalqaro maydonda Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin tanqid qilib kelmoqda.

O‘zaro ziddiyat ortidan Ispaniya hukumati Tel-Avivdagi vakolatxonasi maqomini elchilikdan muvaqqat vakillikka tushirdi.

Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches Isroilning G‘azo sektorida o‘n minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirganini qoralab, xuddi Rossiya kabi Isroil ham «Yevrovideniye» tanlovida qatnashmasligini talab qilgan.

Madrid yahudiy davlatining G‘azodagi urushiga norozilik sifatida Isroil kompaniyasidan ko‘p millionlik o‘q-dori buyurtmasini ham bekor qilgan. 

Pedro Sanches Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Livanda ham G‘azoga o‘xshash vayronagarchilikni keltirib chiqaruvchi harakatlarini qoralagan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version