Iqtisodiyot

investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi. Davlat rahbari yig‘ilishda investorlar bilan muloqot nafaqat maslahatlashuv maydoni, balki amaliy islohotlar mexanizmiga aylanganini ta’kidladi.

Prezident avvalo Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani hamda kengash faoliyatiga samarali rahbarlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlariga ham alohida ehtirom izhor qilindi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda kengash oddiy maslahat mexanizmi emas, balki Yangi O‘zbekiston bilan jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylangan. Bugun kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, to‘laqonli institut sifatida faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan bir yil davomida kengash ishtirokchilari soni 54 tadan 85 taga yetgan. Ular iqtisodiyotning 23 ta tarmog‘ini qamrab olgan holda ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etmoqda.

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kengashning Ijroiya qo‘mitasi tarkibida faol ish olib bormoqda.

«E’tiborli tomoni, barcha a’zolarimizning kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu mazkur investitsiya platformasiga bo‘lgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir. Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi», – dedi Prezident.

Davlat rahbari qayd etganidek, investorlar takliflari asosida Soliq kodeksiga qulay o‘zgartishlar kiritildi. Kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi.

Shuningdek, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun qator majburiy talablar bekor qilindi. «Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga moslashtirish dasturi tayyorlandi.

Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun teng va adolatli sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni qabul qilish yo‘lida ham yangi qadamlarni tashlamoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version