Jamiyat
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari bugungi tahlikali zamonda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Hozirda mazkur departament IIV shaxsiy tarkibining qariyb 30 foizini tashkil etadi.
Ta’kidlanganidek, bunday katta va murakkab tizimni samarali boshqarish hamda qat’iy nazorat qilish yangicha yondashuvni talab qiladi. Shu munosabat bilan taqdimotda sohada zamonaviy boshqaruv va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini «Jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga» tamoyili asosida qayta ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Mahallalarda profilaktika ishlarini tashkil etish holatiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda respublikamizdagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ziyod profilaktika inspektori xizmat qilib kelmoqda. O‘tgan yili ular aholidan kelib tushgan 2,5 milliondan ziyod arizani ko‘rib chiqqan, 470 mingdan ortiq holat bo‘yicha materiallar sudga yuborilgan. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari ko‘payib ketgani oqibatida mahalla xavfsizligi va jinoyat profilaktikasiga yetarli e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularning bevosita o‘ziga yuklatilgan ishga – mahallada xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga to‘liq yo‘naltirilgan tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Jumladan, kunlik onlayn yo‘riqnoma o‘tkazish, «Mening inspektorim» elektron tizimi orqali xizmatni tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan elektron ma’lumot almashishni joriy qilish, profilaktika inspektorlarini ishdan ajratmagan holda onlayn o‘qitish va malakasini oshirish, mahallada xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashuvchi «jamoat yordamchisi» guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini berish, 6 ta kam ahamiyatli qilmish bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimini joriy etish taklif qilindi.
Bu orqali inspektorning mahalladan chiqmagan holda ish olib borishi, samaradorligi ortishi va ko‘proq aholi bilan yaqindan ishlash imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha uzluksiz ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, buning uchun profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarni mahalla darajasida o‘zaro bog‘laydigan, yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladigan yaxlit tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi. Ular real vaqt rejimida axborot almashishlari hamda yagona ma’lumotlar bazasidan foydalanishlari uchun profilaktika axborot tizimi joriy qilinadi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jamoat xavfsizligi xodimlarini tayyorlash tizimi amaliyot bilan uzviy bog‘langan manzilli dual ta’lim asosida qayta ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida profilaktika inspektorlari, probatsiya inspektorlari, patrul-post, yo‘l-patrul va qo‘riqlash xizmati mutaxassislarini maqsadli tayyorlash bo‘yicha yangi tizim taklif etildi. Bunda nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilib, o‘qishning birinchi kursida 80/20, ikkinchi kursda 60/40 va uchinchi kursda esa 50/50 nisbatda tashkil etiladi.
Ta’lim jarayonida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, protsessual harakatlar, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, jangovar tayyorgarlik, psixologik bardoshlilik, muomala madaniyati, saf bo‘linmalarini boshqarish kabi amaliy kompetensiyalar shakllantiriladi.
Tinglovchi va talabalar stajyor lavozimiga tayinlanadi, mustaqil ish yuritish hamda qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lib, murabbiy nazorati va javobgarligi ostida ish yuritadi. Bitiruvdan keyingi 5 yil davomida monitoring qilinib, malakasi doimiy oshirib boriladi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar murojaatlariga tezkor javob berish va xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Madaniy meros agentligi direktoriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Madaniy meros agentligi direktoriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Najimov Elmurod Iqboljon o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Mazkur tayinlov munosabati bilan ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelgan Tursunali Qo‘ziyev boshqa ishga o‘tishi sababli egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Elmurod Najimov 1992-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (bakalavr) 2016-yil hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabini (magistr) 2020-yilda tamomlagan.
Jamiyat
Dunyoga mashhur brendlar O‘zbekistonda kontrafakt mahsulot bo‘yicha sud ishida yutib chiqdi
Surxondaryoda Hugo Boss, Puma va Tommy Hilfiger brendlaridan noqonuniy foydalangan korxona jazolandi.
1 aprel kuni Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudida “Hugo Boss AG” (Germaniya), “Puma SE” (Germaniya) hamda “Tommy Hilfiger Licensing B.V” (Niderlandiya) kompaniyalari vakili tomonidan kiritilgan da’vo arizasiga asosan xalqaro brendlar — Hugo Boss, Puma va Tommy Hilfiger tovar belgilarini himoya qilish bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Sudda aniqlanishicha, javobgar brend egalari bilan hech qanday litsenziya shartnomasi tuzmasdan tovar belgilaridan noqonuniy ravishda foydalangan, kontrafakt mahsulotlarni savdoga chiqargan va faol reklama qilgani tasdiqlandi. Xabarda javobgar nomiga aniqlik kiritilmagan.
Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga tovar belgilaridan noqonuniy foydalanishni to‘xtatish, kontrafakt mahsulotlarni muomaladan chiqarish va yo‘q qilish, shuningdek noqonuniy qo‘llangan belgilarni mahsulot va qadoqlardan olib tashlash majburiyati yuklatilgan.
Shuningdek, huquqbuzardan kompaniyalarlar foydasiga jami 61,8 mln so‘m kompensatsiya hamda davlat boji, pochta va sud xarajatlari bilan birga 111 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi belgilangan.
Hugo Boss – 1924 yilda Germaniyada tashkil etilgan premium segmentdagi nemis brendi bo‘lib, nafis kostyumlari, ish kiyimlari va yuqori sifati bilan mashhur.
Puma – 1948 yilda Germaniyada tashkil etilgan kompaniya. U yugurish poyabzali, futbol formasi, sport turmush tarzi va tezkor innovatsiyalarga ixtisoslashgan.
Tommy Hilfiger – 1985 yilda Amerikada tashkil etilgan kompaniya bo‘lib, keng assortimentdagi kiyimlar, poyabzal va aksessuarlarni ishlab chiqaradi.
Jamiyat
Isroil Erondagi yirik neft majmuasiga zarba berdi, qurbonlar bor
Isroil mudofaa kuchlari Eronning Bandar Mahshahr shahridagi neft-kimyo majmuasiga zarba berganini e’lon qildi.
Eron rasmiylari kamida besh kishi halok bo‘lganini va 170 kishi jarohatlanganini xabar qilishdi.
«Isroil havo kuchlari portlovchi moddalar, ballistik raketalar va qo‘shimcha qurollar uchun materiallar ishlab chiqarishda ishlatiladigan ikkita asosiy ishlab chiqarish ob’yektlaridan biri joylashgan joyga zarba berdi», deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
Eronning Fors axborot agentligi neft-kimyo zavodiga qilingan zarbada besh kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Xabarda aytilishicha, barcha 170 nafar jarohatlangan shaxs allaqachon tibbiy yordam olgan va kasalxonalardan chiqarilgan.
Jamiyat
Navoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
Tarbiyachi ishdan bo‘shatildi, bog‘chaning faoliyati esa vaqtincha to‘xtatildi.
Navoiy viloyatidagi xususiy bog‘chada tarbiyachi bolalarni kaltakladi. Ushbu holat aks etgan video Kun.uz tahririyati ixtiyoriga kelib tushdi.
Tasvirlarda tarbiyachi bolalarga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgani, ularni urgani ko‘rinadi. Murojaatchilarga ko‘ra, ushbu holat Navoiy shahrida joylashgan “Amin Kids” nomli bog‘chada yuz bergan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, vaziyat o‘rganib chiqilgan va bog‘cha tarbiyalanuvchilariga nisbatan qo‘pol muomala qilgan hamda pedagogik etika va kasbiy me’yorlarga zid harakatlarga yo‘l qo‘ygan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Bolalar ombudsmani Kun.uz muxbiri bilan suhbatda holat nazoratga olinganini, ko‘rilgan choralar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 6 aprel kuni Toshkent viloyatida bolani uxlamagani uchun haqoratlab, uni urgan tarbiyachi ishdan olingani xabar qilingandi.
Jamiyat
Kassatsiya sudi Furqat tumani IIB sobiq amaldorlariga nisbatan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi
Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan Farg‘ona viloyati Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ular Gulira’no Qosimova ishida Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgandi.
Foto: Andijon viloyati sudlari axborot xizmati
Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Andijon viloyati sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Sud qarorlari ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda taftish instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli ekani bildirilgan.
Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov JIB Quva tuman sudining 2025 yil 28 noyabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230-2-moddasi (Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) 1-qismi va 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi.
Ularga 3 yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan ham mahrum qilingan holda 4 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
-
Dunyodan5 days ago
Tehron Hurmuz boʻyicha baʼzi mintaqa davlatlari bilan kelishuvlar tuzmoqchi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat3 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Dunyodan1 day ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonga poyabzal importi qariyb 15 foizga kamaydi
-
Sport4 days ago“Lokomotiv” o‘yinidan keyingi janjal sabablari o‘rganilmoqda
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
