Mahalliy
Ikki yil ichida yangi bog‘ barpo qilinmagan yerlar suvsiz qoladi
Mamlakatimizda eski, hosilsiz bog‘lar uzoq yillardan buyon muammo bo‘lib kelgan. Qog‘ozda — bog‘, amalda — tashlandiq yer.
9-iyun kuni qabul qilingan Prezident Farmoni (PF–108) bo‘yicha 2026–2028-yillarda 172 ming gektar maydonga sanoat usulidagi intensiv bog‘lar barpo etiladi.
Intensiv bog‘ degani — zich ekilgan, sug‘orish va hosil yig‘ish avtomatlashtirilgan, gektaridan an’anaviy usulga qaraganda bir necha barobar ko‘p hosil oladigan zamonaviy bog‘dorchilik tizimi.
1-iyuldan e’tiboran, bog‘ barpo etmoqchi bo‘lganlarga davlat uch yo‘l bilan yordam beradi. Tijorat banklari orqali gektariga 120 million so‘mgacha 7 yil muddatga kredit olish mumkin. Dastlabki uch yil imtiyozli, yillik foiz stavkasi 14 foiz. Xalqaro moliya institutlari resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar ham xuddi shu shartlarda beriladi. Bundan tashqari, laboratoriyada yetishtirilgan sertifikatli xorijiy ko‘chatlarni import qilish uchun har bir ko‘chatga besh AQSh dollarigacha, 18 oylik alohida kredit ham nazarda tutilgan.
Biroq farmonning ikkinchi tomoni yanada qat’iyroq. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi endi eski bog‘larni rasman “yaroqsiz” deb topish huquqiga ega. Xulosa berilgan kundan boshlab 12 oy ichida yangi bog‘ ekilmasa, yer solig‘i va suv solig‘i uch baravar oshiriladi. Agar 24 oy o‘tib ham hech narsa o‘zgarmasa, o‘sha maydonga suv berish to‘liq to‘xtatiladi.
Buning zamirida katta strategiya yotadi. O‘zbekiston meva-sabzavot eksportini keskin oshirish yo‘lini tutgan, biroq eski bog‘lar bilan jahon bozorida raqobatlashib bo‘lmaydi. Intensiv bog‘dorchilikka o‘tish fermerlar uchun dastlab katta xarajat talab etsa-da, uzoq muddatda bir necha barobar ko‘p daromad keltiradi. Davlat hozir aynan shu o‘tish davrini — og‘riqli, lekin muqarrar bo‘lgan burilish nuqtasini tezlashtirishga urinayapti.