Mahalliy
Ichimizdagi Shekspirning singlisi yoxud “ayolning o‘z xonasi”
Virjiniya Vulfning “Ayolning o‘z xonasi” essesini o‘qiganimda maqola yozishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Ammo uni boshlashim uchun nafaqat qulay sharoit, balki ichimdagi “ideal uy bekasi” bilan jang qilishimga to‘g‘ri keldi.
Virjiniya Vulfning 100 yil avvalgi orzusi, ayolning o‘z xonasi bo‘lishi bugun nega hali ham muammo? Nega biz ijod qilayotganda tozalanmagan uy yoki yuvilmagan idishlar uchun o‘zimizni aybdor his qilamiz? Nahotki ichimizdagi “Shekspirning singlisi”ni qutqara olmasak?
Xayollarim Virjiniya Vulfning o‘sha essesiga ketadi: “Tasavvur qiling-a, agar Shekspirning Judit ismli iste’dodli singlisi bo‘lganida nima bo‘lar edi, Shekspirdek o‘zini namoyish qilishi uchun sharoit yaratilarmidi?”
Maqolani yozishga kirishdim, ammo shu bilan birga miyamda kechki ovqatning menyusini tuzayapman: “nima ovqat qilsam ekan, kecha sho‘rva edi, bugun-chi…” yana xayollarimni yozayotgan maqolaga yo‘naltiraman… Aytaylik, Judit ham sarguzashtlarga moyil, xayolparast, dunyoni akasi kabi ko‘rishga intilardi. Lekin uni maktabga yuborishmadi. Uning grammatika va mantiqni o‘rganish imkoniyati yo‘q edi, Shekspirdek Goratsiy va Vergiliyni o‘qishni ham. Qizaloq ehtimol akasining kitobini olib o‘qirdi, lekin ota-onasi unga yirtilgan paypoqni tikishni yoki ovqatga unnashni va kitobu qog‘ozlar bilan ovora bo‘lmaslikni aytishdi.
Shekspirning singlisi sahnaga ham chiqa olmadi, chunki ayollarga teatrda ishlash taqiqlangan edi. Uni turmushga uzatib yuborishdi. Va nihoyat, u o‘zini o‘ldirdi — ulkan iste’dod bilan, lekin hech qanday imkonsizlikda.
Vulf bu obrazi orqali ayollarning iqtidori asrlar davomida qanday tarzda uvol qilinganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda, qariyb bir asr o‘tgach, vaziyat o‘zgardimi? Ko‘plab qizlar ta’lim olmoqda, ishlaydi, hatto moliyaviy mustaqillikka erishdi. Lekin hali ham ko‘pchilikda o‘sha Juditning taqdiri takrorlanmoqda, faqat endi to‘siqlar ko‘proq ichki va noyob shaklda.
O‘zbek jamiyatida bu muammo yanada kuchliroq seziladi. Ko‘p qizlar ta’lim oladi, lekin turmush qurib, farzand ko‘rgandan keyin o‘z orzularini “keyinroq”ga qoldiradi. “Qiz bola uchun birinchi o‘rinda oila”, “ijodkorligini ko‘rsatish shart emas” degan gaplar hali ham o‘z kuchida. Erkak kishi uchun ijod kasb, ayol kishi uchun esa uy ishlaridan ortsagina amalga oshirish mumkin bo‘lgan xobbi yoki iltifot kabi ko‘riladi. Natijada, rassomlik, yozuvchilik, musiqa, tadbirkorlik — bularning hammasi “hozir vaqti emas” deb ortga suriladi. Vaqt o‘tib, iste’dod uvol bo‘ladi. Bugungi ayolning iqtidori nega hali ham “o‘z xonasi”ni topa olmayapti?
Ichki qulf va “mukammal ayol” sindromi
Vulf aytganidek, “paypoq yamash” va “ovqatga unnash” bugungi ayol uchun maishiy yumushlardan ko‘ra kattaroq ruhiy yukka aylangan. Ko‘pchilik iqtidorli ayollar o‘z xonasiga kirib, ijod qilish yoki loyiha ustida ishlash uchun avval ideal uy bekasi va fidoiy ona degan maqomlarni yuz foiz qoyillatib bajarib qo‘yishi kerak deb hisoblaydi. Muammo shundaki, ayol o‘zining shaxsiy rivojlanishi uchun sarflaydigan vaqtini oilasidan o‘g‘irlangan vaqt deb biladi.
Natijada o‘z xonasiga kirganda ham xayolida “kechki ovqat”, “bolalarning darsi” yoki “mehmonni ko‘ngildagiday kutib olish” turadi. Bu esa psixologlar fikriga ko‘ra, iqtidorning to‘liq ochilishiga yo‘l bermaydigan diqqat tarqoqligini keltirib chiqaradi.
Demak, ayolning o‘z xonasi faqat to‘rtta devor va stol-stul emas, balki bu daxlsizlik huquqi. Bugungi ayolda xona bo‘lishi mumkin, lekin o‘sha xonaning eshigini taqillatmay kiradiganlar, uning vaqtini arzimas, deb biladiganlar ko‘p. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi ayollar guruhidagi bahslardan bilish mumkinki, kelinlarning xonasini taqillatmay kirish va shaxsiy chegarasini buzish ko‘pchilik uchun odatiy hol. Kelin biror loyiha ustida ishlayotgan bo‘lsa u haqida bosh qotirmaydi, balki miyasini qaynonasiga va boshqalarga kelinni xonasiga kirish mumkin emasligini xafa qilmay qanday aytish muammosi band qilgan bo‘ladi. Ya’ni bugungi Juditlarning xonasi bor, lekin kaliti yo‘q. Ularning vaqti ijtimoiy majburiyatlar, qarindosh-urug‘chilik rishtalari va ayol bo‘sh o‘tirmasligi kerak, degan qarashlar bilan bo‘lib tashlangan. Demak ayolning o‘z xonasi bu shunchaki mebellar to‘plami emas, bu — atrofdagilarning uning vaqtiga va fikriga bo‘lgan hurmatini ham anglatadi.
Maqola tugashiga ozgina qoldi, yana xayolimni Vulfning Juditi emas, balki oshxonadagi rejalar band qiladi: “go‘shtni muzxonadan olishim kerak”… Shunda anglaymanki, biz xonamizga kirib, eshikni qulflaganimiz bilan, mas’uliyat hissini tashqarida qoldira olmaymiz, xayolimizda qaynayotgan qozon, yuvilishi kerak bo‘lgan kiyimlar va ertangi kunning maishiy tashvishlari qoladi.
Toki ayolning xayoli har doim oshxona va mehmonxona o‘rtasida ekan, uning ichidagi Shekspirning singlisi baribir sukut saqlashga majbur.
Lekin Vulf faqat fojiani ko‘rsatmaydi, u yechimni ham taqdim etadi. Uning mashhur formulasi bor: “Ayol kishi badiiy asar yozishi uchun yiliga 500 funt daromad va o‘z xonasiga ega bo‘lishi shart”. Nega iqtisodiy mustaqillik va shaxsiy chegara bu qadar muhim? Chunki shaxsiy mablag‘i bo‘lmagan ayol o‘ziga vaqt ajratishni, kitob sotib olishni yoki kovorkingga borishni “oila budjetiga xiyonat” yoki “erkalik” deb biladi. Moliyaviy erkinlik esa ayolga nafaqat istaganini xarid qilish, balki o‘z vaqtini sotib olish imkonini beradi.
Bugun bu “xona”ni yaratish uchun imkoniyatlar ko‘p: onlayn kasblar, grantlar, masofaviy ish. Ammo eng muhimi, ichki ruxsat. “Mening ijod qilish huquqim bor va buning uchun sarflagan pulim yoki vaqtim xudbinlik emas, balki shaxsiy kapitalimga kiritilgan investitsiyadir” degan qarash shakllanishi kerak.
Xullas, ushbu maqolani yakunlar ekanman, shuni anglayman: bu maqola shunchaki yozilmadi. Bu qaynayotgan qozon va yuvilishi kerak bo‘lgan kiyimlardan o‘g‘irlangan daqiqalar emas, balki maishiy turmush shiddatidan yulib olingan, himoya qilingan va g‘alaba qozonilgan vaqt hosilidir.
Siz ushbu satrlarni xonangizda o‘qiyotganingizga va o‘zingiz uchun kerakli xulosani chiqarganingizga ishonaman. Nima bo‘lganda ham, ichingizdagi o‘sha iste’dodni — Shekspirning singlisini o‘ldirmang! Bizning Juditdan farqimiz shundaki, endi bizda tanlov bor: iqtidorimizni maishiy turmush qa’rida uvol qilishda davom etamizmi yoki nihoyat o‘zimiz uchun daxlsiz “xona” yaratib, uni ozod qilamizmi?
Barno Sultonova