Jamiyat
Guliston shahar hokimligi xodimi pora bilan ushlandi
Sirdaryo viloyatida yer ajratish masalasini hal qilib berishni va’da qilgan Guliston shahar hokimligi mas’ul xodimi pora olish vaqtida qo‘lga olindi. U davlat zaxirasidagi yer maydonini ajratib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda korrupsiyaviy holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Guliston shahar hokimligining mas’ul xodimi tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, shaharning O‘zbekiston shohko‘chasida joylashgan davlat zaxirasidagi 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat do‘koni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali ajratib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u fuqarodan 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Dastlab mazkur mablag‘ hisobidan fuqaroning Lacetti rusumli avtomashinasini 12 ming AQSh dollariga baholab, uni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma asosida rasmiylashtirib olgan.
Tezkor tadbir davomida hokimlik xodimi talab qilingan pul mablag‘ining yana 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.