Iqtisodiyot

Google va Meta’dan qanday ma’lumotlar olinadi? Ularni soliqqa tortish mexanizmi aytildi

Published

on


O‘zbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar qanday soliqqa tortilmoqda, buning uchun ulardan qanday ma’lumotlar talab qilinadi? Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning Kun.uz’ga aytishicha, Google va Meta kabi platformalardan O‘zbekistondagi faoliyatiga doir moliyaviy ma’lumotlar so‘raladi va shu asosda soliq hisoblanadi. Xorijiy platformalar mijozlarining shaxsiga oid ma’lumotlar so‘ralmasligi aytildi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev 27 mart kungi matbuot anjumanida xorijiy platformalar bilan ishlash mexanizmini tushuntirdi.

Avvalroq, joriy yil fevral oyida Soliq qo‘mitasi banklardan 2023-2025 yillarda O‘zbekistonda soliq hisobida turgan xorijiy kompaniyalar foydasiga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan barcha to‘lovlar haqida ma’lumot taqdim etishni so‘rab xat yuborgani bank siriga oid muhokamalarni keltirib chiqargan edi.

Jahongir Abdiyevning izohlashicha, qo‘mita soliqqa tortish maqsadida batafsil ma’lumot so‘ramaydi.

“Biz [xorijiy IT-kompaniyalardan] sizlarda qanday tranzaksiyalar bo‘lgan, deb so‘raganmiz. Mana, Google, Facebook kabi kompaniyalar bizga QQS to‘laydi-ku? Ular bizda ko‘rsatgan xizmatlari summasidan QQS to‘lashi kerak, to‘g‘rimi? Biz ulardan so‘raganmiz, buni har oy qilamiz. Bu bir martalik operatsiya emas. Ular har oy bizga o‘z hisobotlarini topshiradi. Har oy ulardan qancha aylanma bo‘lganini so‘raymiz, ular bizga aylanma hajmini ko‘rsatadi”, – dedi u.

Soliq qo‘mitasi mas’uli foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari olinadimi, degan savolga: “Biz xizmat foydalanuvchilarining shaxsini so‘ramaymiz”, deb javob berdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyalar qancha va qanday xizmatlar ko‘rsatgani, qanday tovar yoki xizmatlar sotgani yoki qanday reklamalar joylashtirilgani – O‘zbekistonga to‘lashi kerak bo‘lgan QQS summasini hisoblash uchun talab qilinadi.

Xorijiy platformalarni soliqqa tortish masalasi o‘tgan yillar davomida faol muhokama qilingan. Shu maqsadda ayrim marketpleyslar, jumladan Temu faoliyati cheklangan.

“Bu borada bizning pozitsiyamiz qat’iy: agar qandaydir xorijiy kompaniyalar tekinga O‘zbekiston Respublikasida kelib, shundoq daromad olib ketaman deydigan bo‘lsa, noto‘g‘ri o‘ylayapti.


O‘zbekiston fuqarolarining milliardlab pulini olib, ularning orqasidan daromad olayotgan kompaniya nima uchun bizga solig‘imizni qaytarib to‘lab berishi kerak emas?” – deydi Abdiyev.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritayotgan xorijiy onlayn kompaniyalarga cheklovlar qo‘llash tartibi ishga tushdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekistonda Apple 49,5 mlrd so‘m, Meta korporatsiyasi (Facebook, Instagram, WhatsApp egasi) 49 mlrd so‘m, Google 44,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version