Mahalliy
Istehzo va haqiqiy hayot orasidagi 53-pog‘ona
«World Happiness Report 2026» (Baxtli mamlakatlar hisoboti) reytingida O‘zbekiston 147 ta davlat orasida 53-o‘rinni saqlab qoldi. Mamlakatda baxt darajasi 10 ballik tizimda 6,283 ball deb baholangan. Reyting ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yashash davomiyligi, erkinlik va korrupsiya darajasi kabi ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Finlyandiya to‘qqizinchi yil ketma-ket dunyoning eng baxtli mamlakati, deb topildi. Eng qiziq paradoks shundaki, biz muhojirlarimiz ishlayotgan Rossiyadan (79-o‘rin) baxtlilikda oldindamiz.
Ikki xil baxt tarozisi
Baxt indeksiga ko‘ra, baxt bu moddiy farovonlik, Yalpi ichki mahsulot (YaIM), sifatli tibbiyot va korrupsiyaning yo‘qligi bilan o‘lchanadi. Agar sening cho‘ntagingda puling ko‘p bo‘lsa va davlat seni har tomonlama himoya qilsa, demak sen baxtlisan. Masalan, finlar uchun baxt — bu tizimning mukammalligi. Bu yerda inson davlatga, sudga va politsiyaga o‘z yaqinidek ishonadi. Ular uchun baxt bu tekin va dunyodagi eng sifatli ta’lim, kasal bo‘lganda cho‘ntakka og‘irligi tushmaydigan tibbiyot va har bir daraxt ardoqlanadigan toza ekologiyadir.
Ammo baxt indeksi reytingida umuman ko‘rinmasa-da xalqi o‘zini baxtli hisoblaydigan yana bir davlat bor. Himolay tog‘lari orasidagi Butan davlatida baxtning manbai ruhiy muvozanat, tabiat bilan uyg‘unlik va jamoaviy birdamlikdir. Bu yerda inson o‘zini tabiatning ajralmas bo‘lagi deb biladi va uni asrashni baxtga erishishning asosiy kaliti deb tushunadi. G‘arbdagilar «men iste’mol qilaman va baxtliman» desa, butanliklar «men uyg‘unlikdaman, demak baxtliman»deb yashaydi. Butan aholisi uchun bu g‘oya 1972 yilda to‘rtinchi qirol Jigme Singe Vangchuk tomonidan ilgari surilgan. Uning mashhur gapi bor: «Yalpi milliy baxt yalpi ichki mahsulotdan muhimroqdir», yana Butan dunyoda Baxt vazirligiga ega bo‘lgan yagona mamlakatdir. Butanda tenglik hurmat qilinadi va ba’zi hududlarda ayollar hatto erkaklarga qaraganda ko‘proq huquqlarga ega. Masalan, yerga egalik qilish har doim matriarxatda qoladi. Butanda asosiy kasb qishloq xo‘jaligi bo‘lib, erkaklar ham, ayollar ham qishloq xo‘jaligi sohasida ishlaydi. Uy ishlari ham oilalar o‘rtasida teng taqsimlanadi.
2022 yilgi so‘rov natijalariga ko‘ra, butanliklarning 93,6% o‘zini baxtli deb biladi. Shunga qaramay mamlakat global reytinglarda yetakchi o‘rinlardan birini egallamasligini hisobga olsak, ular o‘ziga xos baxt o‘lchov birligiga ega ekanligi aniq.
Butanda baxt o‘lchovi 4 ta asosiy ustunga tayanadi: Boylik faqat bir guruhda emas, hammada bo‘lishi kerak. Ta’lim va tibbiyot mutlaqo bepul, qonun bo‘yicha mamlakat hududining kamida 60% qismi doimo o‘rmon bilan qoplangan bo‘lishi shart.
Butan dunyodagi yagona «manfiy karbonat angidrid» chiqaradigan (havoni ifloslantirmaydigan, aksincha tozalaydigan) davlat, milliy kiyinish, an’analar va tilni saqlab qolish davlat darajasidagi vazifa, hukumat xalqqa xizmat qilishi va korrupsiyadan holi bo‘lishi shart.
Aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilganida «pulingiz ko‘pmi» deb emas, balki quyidagicha savollar beriladi: «oxirgi marta qachon kimgadir yordam berdingiz? Oilangiz bilan qancha vaqtingizni o‘tkazayapsiz? O‘zingizni nechog‘lik xotirjam his qilyapsiz? Tabiat qo‘ynida qancha vaqt bo‘lasiz?»
Butanda ko‘chalarda reklama bannerlari deyarli yo‘q, chunki ular odamlarda «menda shu narsa yo‘q» degan hissiyotni (ya’ni baxtsizlikni) uyg‘otmasligi kerak. U dunyodagi tamaki mahsulotlari sotilishi va chekilishi butunlay taqiqlangan birinchi mamlakatdir. 2016 yilda shahzoda tug‘ilganda, xalq bayram qilib festivallar o‘tkazmagan yoki mushakbozlik qilmagan, balki butun mamlakat bo‘ylab bir kunda 108 mingta daraxt ekilgan.
Barcha hukumat qarorlari, hatto barcha qonunlar ham tabiatni himoya qilishga qaratilgan. Faqat toza energiya va elektr transport vositalariga ruxsat beriladi, chiqindi gazlari chiqaradigan zavodlar yo‘q va pestitsidlardan foydalanish taqiqlangan. Barcha dehqonchilik tabiiydir va hech kim GMO haqida eshitmagan. Mamlakatning eksport darajasi juda past va bu yerda bir paradoks bor, mamlakat boy hisoblanmasada, ammo uning aholisi faqat eng yaxshi va ekologik toza ovqatni iste’mol qiladi, toza suv ichadi, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydi. Va ajablanarlisi shundaki, bu mamlakatda jinoyatchilik, ochlik va tilanchilar yo‘q.
Butanda korrupsiya va jinoyatchilik deyarli yo‘qligi sababli, mamlakatda advokatlar unchalik muhim kasb egalari hisoblanmaydi. Qirollik farmonlaridan birida «qora rangni oq, oq rangni qora qila oladigan» har bir kishiga sud zaliga kirish taqiqlanganligi aytilgan.
Xulosa qilib aytganda, G‘arb modeli moddiy va huquqiy kafolatlar orqali farovonlikka intilsa, Butan modeli ma’naviy boylik va tabiiy muvozanat orqali ichki xotirjamlikka erishishni ko‘zlaydi.
Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldamiz?
Finlyandiyadagidek korrupsiyadan holi, ta’lim, sog‘lik tizimida muammolar yo‘qmi, qurilishlar, yo‘llarimiz bo‘yicha baxtlimizmi, balki ishsizlar soni kam mamlakatga kirarmiz? Yoki Butandagidek ichki xotirjammizmi, ekologiyamiz tozami, tibbiyot va ta’lim tekinmi, balki ichayotgan suvimiz tozadir? Yoki jinoyatchilar, tilamchilardan holimizmi? Adolat har doim g‘alaba qozonadimi? Ehtimol kam oyliklar, kam nafaqalar bezovta qilmayotgandir?…
Baxtlimiz degan savolga ko‘pchlik «ha xotirjamman, bolalarim sog‘-omon, osmonimiz musaffo», degan javobni berishi tabiiy. O‘zbek xonadonida dasturxon atrofida oila-a’zolarining jamlanishi, qarindoshlik rishtalari va qo‘ni-qo‘shnichilik mehri aynan baxtning kichik ko‘rinishidir. Bizning odamlar G‘arb standartlari bo‘yicha «kambag‘al» yoki «muammosi ko‘p» ko‘rinsa-da, ichki olamida baxtsiz emaslar. Baxt indeksi reytingni aniqlashda statistikaga va so‘rovlarga tayanadi. Agar qishloqdagi uysiz yoki o‘rtahol odamdan siz baxtlimisiz degan savol berilsa, shukr hammasi joyida deyishi aniq. Hech qachon bizning yo‘llar yomon, gazimiz yo‘q, korrupsiya yoki adolatsizlik mening baxtli bo‘lishimga chang solayapti demaydi. Ha bizning davlatda yaxshi o‘zgarishlar bilan birga kamchiliklar ham yetarli…
Masalan, g‘arb davlatlarida inson muammoga duch kelsa ko‘pincha yolg‘iz qoladi. Bizda esa mahalla, qarindosh-urug‘, do‘st-birodarlar bor. To‘y-hashamlar va hatto ta’ziyalardagi jipslik insonga «men yolg‘iz emasman» degan ichki xotirjamlikni beradi. Bu tuyg‘u iqtisodiy kamchiliklardan kelib chiqadigan stressni yumshatadi.
Ikkinchidan, o‘zbek xalqining baxt formulasida «shukr» tushunchasi markaziy o‘rin tutadi. Bu shunchaki oddiy tushuncha emas, balki psixologik himoya mexanizmi hamdir. Inson boriga qanoat qilish orqali ichki depressiyadan o‘zini asraydi. Maqolani shu yerigacha o‘qib obbo… deyishga shoshilmang…
Biroq bu yerda asosiy xavf shundaki, bizning ichki baxtimiz ko‘pincha «tashqi baxtsizlik» hisobiga quriladi. Ya’ni yomon yo‘llar, chiroqsiz kechalar, gazsiz qishlar yoki adolatsizlikka moslashish orqali o‘zimizni baxtli deb his qila boshlaymiz.
Bu «moslashgan baxt» fenomeni…
Muammo shundaki, jamiyatning bunday «qanoatli» kayfiyati islohotlarni sekinlashtiradi. Sabr-toqat va shukr fazilati ayrim hollarda noto‘g‘ri talqin qilinib, tizimdagi kamchiliklarni yashirishga xizmat qiladi.
Ozgina maosh bilan ham farzandlarini o‘qitib, yuzida tabassum bilan yurgan ota-onaning fidoyiligi, o‘zini baxtli his qilishi bu faxrlanarli holat. Ammo bu holat mutasaddilar uchun muammolarni oqlashga sabab bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekistonning «Baxt indeksi»dagi 53-o‘rni — bu avvalo iqtisodiy farovonlik emas, balki xalqimizning ichki psixologik kuchi: shukr va sabr madaniyati natijasidir. Biz iqtisodiy boy yashaganimiz uchun emas, boy ko‘ngilli bo‘lganimiz uchun baxtlimiz. Ammo shu yerda eng muhim savol tug‘iladi: «Odamlar shundoq ham baxtli-ku» degan qarash orqali past sifatli hayotni odatiy holga aylantirish — ma’naviy jinoyat emasmi?
Insonning ichki matonati uning sifatli va munosib hayotga bo‘lgan huquqini bekor qilmaydi. Biz rostdan ham baxtsiz xalq emasmiz. Lekin biz bundan-da yaxshiroq, sifatliroq va munosibroq hayotga loyiqmiz.
Barno Sultonova